Yangi Oʻzbekiston durdonasi gullar ogʻushida

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatida 64-Xalqaro gullar festivali oʻz ishini boshladi. Xabaringiz bor, ushbu festival respublikamizdagi eng yirik va nufuzli tadbirlardan biri boʻlib, 1961-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Dastlab mahalliy gulchilar va bogʻbonlar tomonidan gullar koʻrgazmasi shaklida faoliyatini boshlagan boʻlsa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019-yilda xalqaro maqomga ega boʻldi. 2024-yilda boʻlib oʻtgan festival doirasida viloyat markazining oʻziga 45 million tup gul koʻchatlari oʻtqazildi. Tadbir ishtirokchilarining soni 6 million nafardan ortgan edi. Shundan 200 ming nafari xorijlik mehmonlar ekanligi eʼtiborli, albatta!
50 ga yaqin davlatlarning goʻzallik va nafosat bayramiga aylangan ushbu tadbirga bu yil ham katta tayyorgarlik koʻrildi. Namangan shahar obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat gulchilikni rivojlantirish markazi va 5 ming nafardan ortiq gulchilar tomonidan 100 million tup koʻchatlar ekildi. Ular orqali yaratilgan mingga yaqin gullar kompozitsiyasi shahar husniga zeb bermoqda.
Yangi Oʻzbekiston durdonasi boʻlmish Namangan shahridagi Z. M. Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻida boʻlib oʻtgan ochilish marosimida jamoatchilik vakillari bilan bir qatorda AQSH, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Turkiya, Chexiya, Eron kabi 40 ga yaqin davlatlardan tashrif buyurgan vakillar ishtirok etdilar. Unda soʻz olgan viloyat hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Shavkat Abdurazzoqov mehmonlarni qutlar ekan, festival doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida fikr yuritdi.
-Nafosat va goʻzallik ayyomiga aylangan ushbu festival nafaqat oʻzining koʻlami, balki, mazmun-mohiyati, birdamlik, ahillikka chorlovchi va qalblarga zavq bagʻishlaydigan, rang-barang tadbirlari bilan ham har yilgidan alohida ajralib turadi, - deydi viloyat hokimi oʻz soʻzida. — Bu galgi gullar bayrami doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi. Bobur bogʻi, “Afsonalar vodiysi” tematik parki va 45 gektar maydonda barpo etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida bezatilgan gullar kompozitsiyalari mehmonlar va sayyohlarga manzur boʻladi, degan umiddamiz.
Aytish joiz, ushbu tadbir nafaqat, sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga, balki hudud iqtisodiyotini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili tadbir davomida umumiy savdo va xizmatlar aylanmasi qariyb 4,6 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bu yil ushbu koʻrsatkich 8 trillion soʻmga yetishi koʻzda tutilgan.
Respublikamizning taniqli sanʼatkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bayramga zavq bagʻishladi. Shuningdek, boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar mehmonlarning koʻngilli dam olishlariga xizmat qildi. Vodiy darvozasi hisoblanmish xalqaro aeroportdan to Bobur bogʻiga qadar davom etgan avtomobillar paradi esa oʻtmish va bugungi kun uchun qurilgan koʻprikdek taassurot uygʻotdi. Boisi, unda 450 ta 1960-1970-yillarda ishlab chiqarilgan retro avtomashinalar bilan bir qatorda zamonaviy transport vositalari ishtirok etdi. Gullar bilan bezatilgan bu texnik vositalar nafaqat, avtomobil, balki 100 turdan ziyod gullar namoyishiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
-Namangan shahrida shu yilning fevral oyida boʻlib oʻtgan “Avto tuning” festivalini ijtimoiy tarmoq orqali kuzatgach, ushbu manzil haqida koʻproq maʼlumot olishga harakat qildim, - deydi turkiyalik tadbir ishtirokchisi Serdar Yilmaz. - Shunda gullar bayrami doirasida avtotransportlar paradi boʻlib oʻtishini bilib oldim. Ushbu tadbirda ishtirok etish uchun oʻz mototsiklimda 8 ming kilometr yoʻlni bosib oʻtdim. Bugun hayotimdagi unutilmas voqea. Gullar festivali nafaqat, nafosat bayrami, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik rishtalarini mustahkamlovchi vosita hamdir.
Qozogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan Roza Yesimxanova mamlakatimizda ilk bor boʻlishi. U bu qadar koʻp gullarni hayotida birinchi marta koʻrishi ekanligini aytdi.
- Umrim davomida oʻndan ziyod davlatlarga safar uyushtirgan boʻlsam, bu qadar koʻp gullarni hech qayerda koʻrmaganman,-deydi u. -Bilishimcha, Namangan viloyati gul yetishtirish boʻyicha dunyoda Gollandiyadan keyingi ikkinchi oʻrinda turadi. Buni chor tarafimda qiygʻos ochilib turgan gullardan ham bilish mumkin. Ular orqali yaratilgan kompozitsiyalar jonli gilamga oʻxshaydi xuddi. Bundayini faqat ertaklarda koʻrish mumkin. Eʼtiborimni tortgan jihat shundaki, Namanganda dunyoning eng sara gullari mahalliy sharoitga moslashtirilgan ekan. Festival haqida gapiradigan boʻlsam, yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilgan. Mehmonlar uchun barcha sharoitlar mujassam. Sayyohlar uchun alohida tur paketlar tashkil etilgan ekan. Mening eʼtiborimni Pop tumanida boʻlib oʻtadigan lavanda sayli va Chust shahridagi palov tanlovi koʻproq jalb etmoqda. Shuningdek, Axsikentni ham ziyorat qilish niyatidaman.
Darvoqe, festival doirasida viloyatning Pop, Yangiqoʻrgʻon, Chust, Kosonsoy, Chortoq kabi tumanlarida ham turli tadbirlar boʻlib oʻtadi. Ularda 6,5 million mahalliy sayyohlar va 750 ming nafar xorijlik mehmonlar ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Namangan viloyati gullar va gulga oshufta koʻngillar ogʻushida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring