Yangi Oʻzbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yoʻlida keng amaliy hamkorlik uchun ochiq – Shavkat Mirziyoyev

16:43 14 Yanvar 2025 Siyosat
172 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida oʻtayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq soʻzladi.

Sammitda Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya Respublikasi Bosh vaziri Petteri Orpo hamda qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forumning kun tartibiga muvofiq, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni taʼminlashning asosiy sharti ekanini taʼkidladi.

Yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir.

– Shu bois 2025-yilni Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Prezidenti yurtimizda Kam uglerodli rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha koʻpaytirilishini qayd etdi.

Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi boʻyicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030-yilga kelib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan.

“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi koʻkalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari koʻrilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tez surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga eʼtibor qaratdi.

– Oʻtgan 5-yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlatimiz rahbari.

Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt boʻlgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

– Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot Oʻzbekistonda umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mazkur yoʻnalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish muhimligini qayd etdi.

Qadimgi Buyuk ipak yoʻlini oʻzaro energetik bogʻliqlik orqali tiklash yoʻlida ham ilk qadamlar tashlandi. Yaqinda COP-29 sammiti doirasida Qozogʻiston va Ozarbayjon bilan imzolangan koʻp tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

– Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Soʻnggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv boʻlmoqda.

“Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt boʻlgan 5 ta elektr energiya obyekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

Bu kabi loyihalar Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish boʻyicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, faqat Oʻzbekistonning oʻzida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Mintaqamiz ulkan uran va oʻta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy.

– Bu yoʻnalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi.

Mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmogʻini yaratish taklif etildi.

Dubay va Bokuda boʻlib oʻtgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari hamda boshqa xalqaro forumlarda Oʻzbekiston global iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Iqlim tufayli yoʻqotish va zararlarni baholash boʻyicha xalqaro markazni taʼsis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini taʼminlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, Oʻsimliklar genetik resurslari bankini yaratish shular jumlasidan.

– Bu borada barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari joriy yil Oʻzbekistonda oʻtishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bagʻishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.

Shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolboʻyi mintaqasida boʻladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

Soʻzining yakunida mamlakatimiz yetakchisi Yangi Oʻzbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yoʻlidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер