Yangi Oʻzbekiston — baxtiyor bolalar mamlakati
Bola, bu — oʻzgacha bir olam, hayot mazmunining ajralmas qismi. Ular oʻz tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga boʻlgan qiziqishni uygʻotadi. Koʻzlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirgʻoch misoli. Shu bois ham mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan har tomonlama barkamol avlod tarbiyasiga yuksak eʼtibor qaratilib, koʻplab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ham bolajon yurt va baxtiyor bolalar mamlakati boʻlgan Yangi Oʻzbekistonda bu yil yanada oʻzgacha ruh va koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi.
Xususan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Respublikamizning turli hududlarida «Yangi Oʻzbekistonning baxtiyor bolalari» shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etilib, Mehribonlik uylari va «Oilaviy bolalar uylari» tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlari oʻquvchilari, xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiylar va Ichki ishlar idoralari xodimlari farzandlari, chin yetim va ehtiyojmand oilalar oʻgʻil-qizlarining koʻngillari koʻtarildi.
Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari saroyida oʻtkazildi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tantanali tadbirga Toshkent shahridagi 22- va 30-Mehribonlik uylari hamda SOS Oʻzbekiston bolalar mahallalari Toshkent filialida tarbiyalanayotgan, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalardan boʻlgan oʻgʻil-qizlardan 1000 nafarga yaqin bolajonlar taklif etildi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan qayta tiklanib, xalqimizga taqdim etilgan mazkur muhtasham saroyda bolajonlar harbiy orkestr ijrosidagi kuylar sadosi ostida kutib olindi. Yosh avlod vakillariga peshvoz chiqqan ertak qahramonlari va sirk artistlari ishtirokida tashkil etilgan madaniy tadbir esa bolajonlar quvonchiga yanada quvonch qoʻshdi.
Shundan soʻng bolajonlar uchun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari saroyi qoshidagi «Qaldirgʻoch» bolalar sanʼat markazi tomonidan maxsus sahnalashtirilgan «Super Qorasoch» musiqali spektakli namoyish etildi.
Kasaba uyushmalari saroyi ijodkorlari sahnalashtirgan «Super Qorasoch» spektakli orqali kattayu kichik qadr topgan, inson qadri ulugʻlangan, barkamol avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilayotgan Yangi Oʻzbekistondagi ezgu ishlar targʻib etildi. Xususan, oʻzga sayyoradan Yer sayyorasiga tushib qolgan bosh qahramon – Qorasoch barcha saʼy-harakatlar inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan va bagʻrikenglik, mehr-oqibat, birdamlik oliy qadriyatga aylangan Yangi Oʻzbekistonni koʻrgan zahotiyoq sevib qoladi. Ana shunday yurtdagina oʻzini chinakamiga baxtiyor his eta olgan boshqa qahramonlar ham Yangi Oʻzbekistonda qolishga qaror qiladilar.
Spektakldan soʻng bolajonlar bayram dasturxoniga taklif etilib, madaniy tadbirda ham ishtirok etdi. Shundan soʻng bolajonlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi institutida boʻlishdi. Ushbu maskan boʻylab tashkil etilgan sayohat davomida oʻgʻil-qizlarga Milliy gvardiya faxriy qorovul qoʻshinlarining, harbiy orkestr va otliq askarlarning koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Bularning barchasi yosh avlod vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan respublikamizning barcha hududlarida mehnatkashlar farzandlari uchun xuddi shu kabi madaniy-maʼrifiy va tantanali bayram tadbirlari tashkil etilib, bolajonlarga bayram sovgʻalari topshirildi.
Shuningdek, Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, maxsus maktab-internatlar, kam taʼminlangan, koʻp bolali va boquvchisini yoʻqotgan oilalarda tarbiya topayotgan oʻgʻil-qizlar holidan xabar olinib, xush kayfiyat ulashildi hamda sport jihozlari, kiyim-kechaklar va kitoblar toʻplamlari hadya etildi.
Muhabbat OʻRMONBEKOVA,
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring