Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir

19:11 09 Yanvar 2024 Jamiyat
1620 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Mamlakatimiz Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tashabbusi bilan soʻnggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning ham qiyofasi va salohiyati tubdan oʻzgardi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga qodir boʻlgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi.

Bu jarayonda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi armiyamizning ham qiyofasini tubdan oʻzgartirish, qoʻshinlar jangovar shayligini takomillashtirish va davlat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlashga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlarni davom ettirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib berdi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangani inobatga olinib, eng murakkab sharoitlarda qoʻshinlarni jangovar harakatlarga samarali va qisqa muddatlarda tayyorlashning yangi shakl hamda uslublari ustida fundamental ishlar olib borilmoqda.

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonning yangi armiyasini barpo etish, uning jangovar shayligi va tayyorgarligini keskin oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda kadrlar siyosatini yuritish bugungi kunning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi. Yaqin yillargacha ofitserlar tarkibining kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni lavozimlarga bosqichma-bosqich tayyorlab borish va malakasini oshirish hamda harbiy taʼlim muassasalarida harbiy kadrlarni tayyorlash masalalarida bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjud edi. Oʻtgan yillar uzluksiz harbiy taʼlim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy ilm-fan sohasi lokomotiviga aylandi, oliy harbiy taʼlim muassasalarida yangicha yondashuv va oʻquv uslublari joriy etildi.

Kadrlar zaxirasiga kiritilgan rahbariy lavozimdagi ofitserlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash nafaqat oliy harbiy taʼlim muassasalarida, balki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq, diplomatik etiket va diplomatik protokol yoʻnalishlarida ham bilimlar oshirilmoqda. Natijada Qurolli Kuchlarning ilmiy salohiyati koʻtarilib, zamonaviy bilimlarga ega ofitser kadrlar zaxirasini yaratishga erishildi.

2022-yildan Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalari ilmiy salohiyatini yuksaltirish maqsadida oʻqituvchilarni pedagogik yoʻnalishdagi respublikamizning oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqitish, Qurolli Kuchlarni rivojlantirish istiqbollari va qoʻshinlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, Qurolli Kuchlar akademiyasining magistratura bosqichida ikki yillik sirtqi taʼlim shaklida “Qoʻshinlarning operativ-taktik shtab qoʻmondonligi” hamda “Harbiy pedagogika va psixologiya” mutaxassisliklari boʻyicha ofitser kadrlarni oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Bitiruvchi bosqich kursantlari harbiy okrug, birlashma va harbiy qismlarning keng koʻlamli taktik oʻquvlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, toʻrt yillik bilim va koʻnikmalarini mustahkamlamoqdalar.

Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida soʻnggi 5-yilda ilmiy salohiyat 4 foizdan qariyb 46 foizga oshdi. 2023-yilda ilmiy salohiyatni belgilovchi tarkib 694 nafarni tashkil etib, ularning 28 nafari fan doktorlari (DSc), 161 nafari fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), 130 nafari dotsentlardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugungi kunda yangicha mazmun kasb etdi. Akademiya bugungi kunda respublikamizdagi eng nufuzli oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ushbu ulugʻ dargoh uzoq va boy tarixga ega boʻlib, armiya saflariga har tomonlama yetuk, oʻz kasbining mohir ustasi – haqiqiy ofitserlarni tayyorlab kelmoqda.

Bugun akademiyada umumqoʻshin, harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlariga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti va Ichki ishlar vazirligi harbiylashgan boʻlinmalari mutaxassislarini tayyorlash kabi jami 17 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda.

Akademiyada kursantlarning siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijodiy, liderlik sifatlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 20 dan ortiq toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda akademiyada bir qator xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan kursant va ofitserlar bakalavriyat, magistratura va tayanch doktoranturada tahsil olishi, shuningdek xorijiy harbiy pedagok kadlarni malakasini oshirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Akademiyada 4000 dan ortiq kitobga, internet va 15000 dan ortiq elektron adabiyotlarga va shaxsiy tarkib uchun barcha imkoniyatlar ega Axborot-resurs markazi faoliyat yuritadi. Markaz akademiya faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, akademiyaning muzeyida 100 yildan ortiq tarixga ega eksponatlar va qoʻlyozmalar mavjud.

Bugungi kunda mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati 53%ni tashkil etadi. Tinglovchi va kursantlarga 10 nafarga yaqin fan doktori, 40dan ortiq fan yoʻnalishlari boʻyicha falsafa doktorlari, 50 ga yaqin ilmiy unvonga ega boʻlgan malakali professor-oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

Akademiyaning oʻquv-moddiy bazasi va oʻquv auditoriyalari eng soʻnggi texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan zamonaviy trenajyorlar, laboratoriyalar, asbob-uskunalar va kompyuter texnikalari bilan jihozlangan. Kursant va tinglovchilarning yashashi va dam olishi uchun shinam va koʻrkam yotoqxonalar, sport bilan shugʻullanishi uchun yopiq suv havzasi, sport zallari, shuningdek, madaniiy hordiq markazi va oshxona zamon talablari asosida jihozlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati, taʼlim jarayonlari, taʼlim uchun yaratilgan sharoitlar bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida 9-yanvar kuni Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushma qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi hamkorligida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” mavzusida press-tur tashkil qilindi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi hamda ularga akademiya saf maydonida harbiy orkestr, faxriy qorovul va vzvod boʻlinmasining qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, shuningdek Akademiya madaniyat markazida akademiya faoliyati, taʼlim jarayonlari va sharoitlari haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Shundan soʻng oliy harbiy taʼlim muassasasi boʻylab ekskursiya boshlandi. Unda OAV vakillari akademiya tarix muzeyidagi eksponatlar, axborot resurs markazida yaratilgan sharoitlar, kursantlar boʻlinmasi yotoqxonasidagi qulayliklar, “Amir Temur”, “Bobur”, “Jaloliddin Manguberdi” tematik sinflari va “Psixologik tayyorgarlik markazi” hamda sport majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Shu bilan birga jurnalistlar kursantlarning harbiy va zirxli texnikalar trenajyorlarida texnikani boshqarish va haydash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etib, “PKST-2” trenajyoridan otish boʻyicha tashkil etilgan musobaqada oʻzaro bellashdilar. Musobaqa natijalariga koʻra gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Press-tur yakunida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga Mudofaa vazirligi axborot xizmati va Qurolli Kuchlar akademiyasi masʼullari tomonidan batafsil javob berildi.

 Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер