Yangi kitob taqdimoti

22:12 25 Dekabr 2021 Madaniyat
1770 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan chop etilgan “Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi” nomli qoʻllanmaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston xalqaro miqyosda turli sohalarda oʻzaro hamkorlikni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, keyingi yillardagi ochiqlik siyosati tufayli xalqaro darajada amalga oshirilayotgan loyihalar salmogʻi koʻpaydi. Bu esa xalqaro darajada hal qilinishi mumkin boʻlgan ishlar, nizolar uchrashini anglatadi.

Bu esa oʻz-oʻzidan odil sudlovni taʼminlashda xalqaro huquq normalarining qoʻllash tartibi, bu borada xalqaro amaliyotda duch kelinayotgan muammolar va ularning samarali yechimlarini topishda sudyalar tegishli axborot va meʼyoriy hujjatlar taʼminlashni talab etadi. 

Chunki milliy qonunchilik xalqaro huquq talablariga mos kelishi qanchalar muhim boʻlsa, xalqaro huquqiy hujjatlarining amaliyotda samarali qoʻllash masalasi ham dolzarb hisoblanadi.

Shu maʼnoda “Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi” nomli qoʻllanmaning chop etilishi bu boradagi ehtiyojlarni maʼlum maʼnoda qoplashi haqli eʼtirofga loyiqdir.

Mazkur toʻplamdan nafaqat sud ishlarini yuritishda xalqaro huquq normalarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalarni hal etishda, balki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarning mamlakat ichida va tashqarisida oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan uslubiy qoʻllanma sifatida foydalanish mumkin.

“Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi” kitobi sudyalar, sud xodimlaridan tashqari sudyalik lavozimiga nomzodlar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, huquqshunos olimlar va sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlar ommasiga moʻljallangan.

Boʻlib oʻtgan taqdimot marosimida sudyalar Inson huquqlari milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Sudyalar oliy maktabi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oʻzbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?