Yangi ekspozitsiyalar xalqaro anjuman ishtirokchilari nigohida

13:02 04 Noyabr 2025 Jamiyat
131 0

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan Samarqandning bosh maydoni — Registondagi Mirzo Ulugʻbek va Tillakori madrasalarida doimiy muzey ekspozitsiyalarini yangilash hamda ichki qismlarini restavratsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar yakuniga yetkazilib, mehmonlarni qabul qila boshladi.

Yangilangan ekspozitsiyalar Samarqand va temuriylar davrining tarixiy-madaniy merosini zamonaviy va chuqur tahlil asosida talqin etib, oʻsha davrda Samarqand ilm-fan, taʼlim va sanʼatning yirik markazlaridan biri boʻlganini yana bir bor yodga soladi.

Ulugʻbek madrasasida Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi allomalarning 50 dan ortiq noyob qoʻlyozmalari, XV asrning buyuk astronomi va maʼrifatparvari sifatidagi Ulugʻbek faoliyatini yorituvchi ilmiy asbob-uskunalar va tarixiy materiallar namoyish etilgan.

Tillakori madrasasidagi ekspozitsiya esa Registon ansamblining shakllanish tarixi va uning meʼmoriy goʻzalligini ochib beradi. Ekspozitsiya raqamli rekonstruksiyalar va interaktiv elementlar bilan boyitilib, tomoshabinga tarixni yanada jonli his etish imkonini yaratadi. Aksariyat eksponatlar fransuz va oʻzbekistonlik restavratorlar hamkorligida qayta tiklandi.

Yangilangan muzey makonining dizayni Fransiyaning Wilmotte & Associés meʼmoriy byurosi tomonidan ishlab chiqilib, unda Sharq anʼanalarining betakror ruhi zamonaviy muzeyshunoslik talablariga uygʻun tarzda mujassam etilganki, u har qanday sayyohni eʼtiborsiz qoldirmaydi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ishtirokchilari anjuman doirasida uch ming yillik qadim kentning ana shunday tarixiy obidalari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishib, shaharning buguni va oʻtmishi bilan bogʻliq qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Registon maydoni, “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasi hamda Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlogʻida xorijlik va yurtimiz madaniyat va sanʼat vakillari ishtirokida musiqiy dasturlar, milliy raqslar, ijodiy jamoalarning chiqishlari namoyish qilinmoqda.

Viloyat musiqali drama teatri maydonida “Madaniyat karvoni” tashkil etilib, mahalliy aholi va Samarqand shahri mehmonlariga xushkayfiyat ulashilmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер