Yaltadan Alyaskagacha 80 yil yoxud Vashington va Moskva oʻrtasidagi eng muhim 5 uchrashuv

18:22 18 Avgust 2025 Dunyo
219 0

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahon siyosati asosan ikki yirik davlat – Amerika Qoʻshma Shtatlari va Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi qarama-qarshilik va hamkorlik dinamikasi bilan belgilanib keldi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi global tartibot, sovuq urush yillari hamda undan keyingi davrda ularning har bir qadami va qarori nafaqat oʻz milliy manfaatlariga, balki butun insoniyat taqdiriga ham bevosita taʼsir koʻrsatdi. Muloqotlarda koʻpincha yadroviy xavfsizlik, urush va tinchlik masalalari, geosiyosiy muvozanat hamda xalqaro huquqiy tartibning shakllanishida hal qiluvchi rol oʻynadi. Shuning uchun ham AQSH va Sovet Ittifoqi (keyinchalik Rossiya) rahbarlari oʻrtasidagi uchrashuvlar tarixiy burilish nuqtalari sifatida aytiladi.

Quyida soʻnggi sakson yil davomida boʻlib oʻtgan eng muhim besh uchrashuvni koʻrib chiqamiz. Ular:

Yalta konferensiyasi;

Reykyavik uchrashuvi;

Malta sammiti;

Jeneva uchrashuvi;

Alyaska sammiti.

Ularning har biri global siyosatda qanday ahamiyat kasb etdi? Muloqotlardan kutilgan natijalarga erishildimi? Tahlillarimiz shular xususida...

Yalta konferensiyasi (1945, Ruzvelt – Cherchill – Stalin)

1945-yil fevral oyida Qrim yarimorolidagi Livadiya saroyida tashkil etilgan Yalta konferensiyasi Ikkinchi jahon urushining yakuniy bosqichida oʻtkazilgan eng muhim siyosiy uchrashuvlardan biri boʻldi. Unda uch asosiy ittifoqchi davlat rahbarlari – Franklin Ruzvelt (AQSH prezidenti), Uinston Cherchill (Buyuk Britaniya bosh vaziri) va Iosif Stalin (SSSR rahbari) ishtirok etdi. Konferensiyaning asosiy maqsadi Yevropada urushdan keyingi siyosiy tartibni belgilash, Germaniyaning taqdiri va kelajakdagi xalqaro xavfsizlik tizimini shakllantirish masalalarini hal qilish edi. Konferensiyada bir necha tarixiy qarorlar qabul qilindi. Eng muhimlaridan biri Germaniyani urushdan keyin toʻrt okkupatsiya zonasiga boʻlish qarori boʻldi – AQSH, Buyuk Britaniya va SSSRga tegishli hududlardan tashqari, keyinchalik Fransiya ham alohida hudud sifatida qoʻshildi. Bu qaror Germaniyaning harbiy salohiyatini butkul yoʻq qilish va uni Yevropaga xavf tugʻdirmaydigan davlat sifatida qayta tashkil etish niyatidan kelib chiqqan edi. Shu bilan birga, Germaniya poytaxti Berlin ham aynan shu tamoyil asosida toʻrt sektorli boʻlib taqsimlandi.

Yana bir muhim masala – Birlashgan Millatlar Tashkilotini (BMT) tuzish borasida kelishuv boʻldi. Yalta konferensiyasi BMTning xalqaro xavfsizlik tizimidagi oʻrnini belgilab berdi hamda Xavfsizlik Kengashida besh doimiy aʼzoning (AQSH, Buyuk Britaniya, SSSR, Fransiya va Xitoy) veto huquqi asosida faoliyat yuritishi boʻyicha qaror qabul qilindi. Bu tamoyil keyingi oʻnlab yillar davomida global siyosatning asosiy mexanizmlaridan biriga aylandi.

Reykyavik uchrashuvi (1986, Reygan – Gorbachyov)

1986-yil 11–12 oktabr kunlari Islandiyaning Reykyavik shahrida AQSH prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi Bosh kotibi Mixail Gorbachyov oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv Sovuq urush tarixidagi eng dramatik va keskin diplomatik voqealardan biri boʻldi. U rasmiy dastur doirasida emas, balki tezkor tashabbus sifatida oʻtkazilgan boʻlsa-da, uning oqibatlari butun dunyo geosiyosatiga taʼsir koʻrsatdi.

Uchrashuvning markaziy mavzusi yadro qurolsizlanishi edi. Gorbachyov ham, Reygan ham yadroviy qurollarning insoniyat uchun tahdidini tan olib, keskin choralar koʻrish zarurligi haqida gapirdi. Muzokaralarda hatto yadroviy arsenalni butunlay yoʻq qilish ehtimoli muhokama qilindi. Bu tarixda ilk va hozirgacha eng yirik qurolsizlanish tashabbusi sifatida qayd etiladi. Biroq muzokaralarning yakuniy kelishuvga erishmasligiga sabab boʻlgan asosiy masala AQSHning Strategik mudofaa tashabbusi, yaʼni “Yulduzlar urushi” loyihasi boʻldi. Gorbachyov AQSHdan bu loyihani toʻxtatishni talab qildi, Reygan esa uni mudofaa vositasi deb hisoblab, rad etdi. Natijada sammit muvaffaqiyatsiz yakunlangan deb hisoblanadi.

Shunga qaramay, Reykyavik uchrashuvi dunyo jamoatchiligini larzaga soldi. Garchi darhol shartnoma imzolanishiga erishilmagan boʻlsada, muzokaralar natijasi keyingi yil — 1987-yilda imzolangan Oʻrta va qisqa masofali yadroviy raketalarni yoʻq qilish toʻgʻrisidagi shartnoma uchun poydevor boʻldi. Bu hujjat yadrovi y qurollanishni nazorat qilish tarixidagi eng muhim burilishlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.

Malta sammiti (1989, Bush – Gorbachyov)

1989-yilning 2-3-dekabr kunlari Malta orollarida AQSH prezidenti Jorj Bush (katta) va Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi Bosh kotibi Mixail Gorbachyov oʻrtasida tarixiy sammit boʻlib oʻtdi. Bu uchrashuv shiddatli geosiyosiy oʻzgarishlar fonida kechdi: Sharqiy Yevropada kommunistik rejimlar qulashi boshlanib ketgan, Berlindagi devor buzilib, “temir parda” yemirila boshlagan edi. Shu sababli Malta sammiti jahon tarixiga “Sovuq urush tugaganini ramziy eʼlon qilgan uchrashuv” sifatida kirdi.

Sammitda Jorj Bush va Mixail Gorbachyovning qarashlari oʻzaro farq qilsa-da, ular umumiy maqsad – qarama-qarshilikni tugatish va yangi davrni boshlab berishga yoʻnaltirilgan edi. Bush Amerika tashqi siyosatini “yangi realizm” ruhida olib borib, keskin gʻalaba tantanasi oʻrniga Sovet Ittifoqi bilan kelishuvga intildi. U Gʻarbning Sharqiy Yevropaga bevosita bosim oʻtkazmasligini, balki oʻzgarishlarni tabiiy jarayon sifatida qabul qilishini taʼkidladi. Gorbachyov esa “qayta qurish” va “oshkoralik” siyosatini xalqaro maydonda ham qoʻllashga harakat qildi, Sovet Ittifoqi endi Gʻarb bilan raqobat emas, balki hamkorlik yoʻlini tanlashini bildirdi.

Uchrashuvda aniq shartnoma imzolanmagan boʻlsa-da, sammit ramziy maʼnoda ulkan ahamiyat kasb etdi. Gorbachyovning “Biz Sovuq urushni tugatmoqdamiz”, degan bayonoti dunyo boʻylab keng tarqaldi. Bu soʻzlar nafaqat ikki qudratli davlat oʻrtasidagi qarama-qarshilik yakuniga ishora qildi, balki yangi xalqaro tartibning boshlanishi sifatida qabul qilindi.

Malta sammiti Sharqiy Yevropadagi siyosiy jarayonlarga ham kuchli taʼsir koʻrsatdi. Polsha, Vengriya, sobiq Chexoslovakiya va Bolgariya kabi davlatlarda kommunistik hukumatlar agʻdarildi, Germaniyaning qayta birlashish jarayoni tezlashdi. Bu esa global geosiyosatdagi kuchlar muvozanatini tubdan oʻzgartirdi. AQSH va Gʻarbiy Yevropa davlatlari oʻz taʼsirini kengaytirgan boʻlsa, Sovet Ittifoqi ichki iqtisodiy va siyosiy inqirozlar girdobida yanada zaiflashdi.

Jeneva sammiti (2021, Bayden – Putin)

2021-yil 16-iyunda Shveysariyaning Jeneva shahrida Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasida oʻtkazilgan sammit XXI asrning eng muhim diplomatik uchrashuvlaridan biri sifatida tarixda qoldi. Bu uchrashuv AQSH – Rossiya munosabatlari keskinlashgan, yangi “sovuq urush”ga oʻxshash qarama-qarshiliklar kuchaygan davrda boʻlib oʻtdi. Bayden prezidentlikka kelganidan soʻng birinchi yirik ikki tomonlama sammit sifatida Jenevadagi uchrashuvdan asosiy maqsad ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik kanallarni qayta tiklash va global xavfsizlikka tahdid solayotgan masalalarni muhokama qilish edi.

Sammitda birinchi navbatda kiberxavfsizlik masalalari kun tartibida turdi. AQSH Rossiyani davlat idoralari va infratuzilmaga qilingan keng koʻlamli kiberhujumlarda ayblab kelar edi. Bayden Putindan bu hujumlarni cheklashni va bunday harakatlarga qarshi xalqaro normalarni shakllantirishni talab qildi. Bu masala zamonaviy diplomatiyada yangi qarama-qarshilik yoʻnalishini ochib berdi.

Shuningdek, qurol nazorati ham muhim mavzulardan biri boʻldi. Tomonlar 2021-yil boshida muddati tugash arafasida boʻlgan “New START” shartnomasini besh yilga uzaytirish toʻgʻrisida kelishib olishdi. Bu kelishuv yadroviy qurollanish nazoratini saqlab qolishga qaratilgan eng muhim hujjat sifatida global xavfsizlik uchun katta ahamiyat kasb etdi.

Sammit davomida diplomatik aloqalarni tiklash ham muhokama qilindi. Uchrashuv oldidan Vashington va Moskva oʻz elchilarini chaqirib olgan edi. Jenevadagi muloqotdan soʻng ikki tomon ham elchilarni qayta yuborishga rozi boʻldi, bu esa keskinlashib borayotgan munosabatlarda muhim yumshatish chorasiga aylandi.

Sammit doirasida Afgʻoniston urushi natijalari ham bevosita tilga olindi. 2021-yilda AQSH oʻz qoʻshinlarini Afgʻonistondan olib chiqishni boshlagan va bu jarayon global xavfsizlikka taʼsir qiluvchi omil sifatida muhokama qilingan edi. Rossiya mintaqadagi beqarorlik ortishi ehtimoli va Markaziy Osiyoga xavfsizlik tahdidlari haqida oʻz tashvishlarini bildirgan. Shu jihatdan, Afgʻoniston masalasi ham Jenevadagi muzokaralar mavzularidan biri sifatida qayd etildi.

Alyaska sammiti (2025, Tramp – Putin)

2025-yil 15-avgust kuni Alyaskaning Ankoridj shahrida boʻlib oʻtgan Tramp va Putin uchrashuvi – Alakka sammiti – XXI asr geosiyosatidagi eng keskin voqealardan biri sifatida tarixda qoldi. Uchrashuv AQSHning Elmendorf-Richardson harbiy bazasida tashkil etildi va u nafaqat Rossiya – AQSH munosabatlarida, balki butun jahon xavfsizlik tizimida burilish nuqtasi sifatida baholandi. Sammitning oʻtkazilishi Putinning Gʻarb sahnasiga qaytishining ramzi boʻlib, Tramp esa uni oʻzining tashqi siyosiy muvaffaqiyati sifatida koʻrsatishga intildi. Biroq sammit yakunida aniq kelishuv eʼlon qilinmagan boʻlsada, u bugungi murakkab xalqaro tartibda yangi diplomatik yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Uchrashuvning markaziy mavzusi Ukraina urushi boʻldi. Trampning delegatsiyasi Ukraina uchun “NATO uslubidagi xavfsizlik kafolatlari”ni taklif qildi. Bu kafolatlar gʻoya jihatidan Gʻarb davlatlarining Ukrainani kelgusida keng koʻlamli hujumlardan himoya qilish majburiyatini oʻz ichiga olardi. Putin esa buning evaziga Donetsk va Lugansk ustidan Rossiya toʻliq nazorat oʻrnatishini urushni tugatish sharti sifatida qoʻydi. Mazkur talab, tabiiyki, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan qatʼiy rad etildi, biroq Tramp “bitimga yaqinmiz, ammo bu Ukraina roziligiga bogʻliq” deya bayonot berdi. Shunday qilib, sammitda tinchlikka erishilmagan boʻlsa-da, u urushning tugashi uchun murosaga chaqiriq sifatida tarixga kirdi.

Alyaska sammitida yana bir muhim jihat shundaki, Rossiya bu uchrashuvni ichki va tashqi propagandada diplomatik gʻalaba sifatida talqin qildi. Moskva siyosatchilari Putinning AQSHdagi ilk sammitini Rossiya xalqaro maydonda yana muhim oʻyinchi ekanligining tasdigʻi sifatida koʻrsatdi. Shu bilan birga, Yevropa yetakchilari Tramp – Putin uchrashuvida aniq natijaning boʻlmaganidan xavotir bildirib, Ukrainaga beriladigan har qanday xavfsizlik kafolatlari uning suverenitetini toʻliq taʼminlashi zarurligini taʼkidladilar. Bu, oʻz navbatida, transatlantik ittifoq ichida strategik yondashuvlarni muhokama qilishga sabab boʻldi.

80-yil…

1945-yildan 2025-yilgacha boʻlgan sakson yillik tarix davomida AQSH va Sovet Ittifoqi, keyinchalik Rossiya rahbarlari oʻrtasidagi uchrashuvlar global siyosatning eng muhim burilish nuqtalarini belgilab keldi. Har bir uchrashuv oʻz davrida global xavfsizlik tizimining shakllanishiga, qurollanish nazorati mexanizmlariga va diplomatiya madaniyatining rivojlanishiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. BMTning yaratilishidan tortib, yadroviy sinovlarni taqiqlash, Sovuq urushning tugashi va XXI asrdagi yangi xavfsizlik konsepsiyalarigacha boʻlgan jarayonlarning barchasida AQSH – SSSR/Rossiya uchrashuvlari markaziy rol oʻynadi.

Bugungi kun uchun eng muhim saboq shuki, katta davlatlar oʻzaro muloqotlarda ishtirok etmasa, dunyo beqarorlik sari ketadi. Diplomatiya, muzokara va kelishuv madaniyati insoniyatni global urushlardan saqlab kelgan asosiy omildir. Shuning uchun xalqaro hamjamiyat, ayniqsa yirik davlatlar, qanday keskinliklar boʻlmasin, muloqot eshiklarini yopmasliklari kerak. Bu dunyo tartiboti, insoniyat uchun juda muhim.

Sanjar SHOMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер