Yaxshidan bogʻ qoladi

10:27 18 Noyabr 2024 Jamiyat
125 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. “Yashil makon” umummilliy loyihasining joriy yilgi kuzgi mavsumida Fargʻona viloyatida 10 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ekish rejalashtirilgan.

Ayni jarayonda Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan loyiha doirasida viloyatdagi 1062 ta MFYda 2 million tupdan ortiq koʻchat ekish moʻljallanmoqda. Shu maqsadda 377 ta mahallada barpo etilgan bogʻda 16 ming tup, 120 ta MFYda yangi tashkil etilayotgan bogʻda 78 ming tup turli koʻchatlar oʻtqaziladi. Oʻz navbatida, mahalla yettiligi tashabbusi bilan 613 ming tup, mahalla oqsoqollari tomonidan 250 ming tupga yaqin daraxt ekilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatdagi kam taʼminlangan oilalar, yakka-yolgʻiz nuroniylar xonadonlari tomorqasiga ham mevali koʻchatlar ekib berish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

—Oʻtgan qisqa davrda 73 ta MFY, korxona-tashkilotlar, koʻcha va xiyobonlarda qariyb 500 ming tup koʻchat ekildi,—deydi Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov.— “Parvoz” MFYda “Mahalla bogʻi” barpo etilib, mahalla faollari, nuroniylar ishtirokida hashar yoʻli bilan 2 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekildi.

Yaqin istiqbolda ushbu bogʻ hududida aholi uchun hordiq chiqarishga moʻljallangan yashil tabiat maskani bunyod etish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?