Yaxshi qoʻshnichilik, mintaqaviy birdamlik aloqalari yangi bosqichda

09:52 07 Avgust 2025 Siyosat
134 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Azaldan xalqimizda qoʻni-qoʻshnilar orasida mehr-oqibat, oʻzaro hurmat, yaxshi-yomon kunlarda birga boʻlish muqaddas qadriyatlardan biri sifatida ulugʻlanadi. Shu jihatdan mamlakatimizning yon qoʻshnichilik munosabatlari birdamlik va mintaqaviy oʻziga xoslik asosida mustahkamlanayotgani tahsinga sazovor. Bu esa Markaziy Osiyoning iqtisodiy faollik markaziga aylanayotganidan darak beradi. Va asosiysi, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik hamda oʻzaro hurmat ruhida jadal rivojlanayotgani bevosita jahon hamjamiyatida ishonchli hamkor sifatidagi koʻp qirrali aloqalarning yanada rivojlanishiga yoʻl ochadi.

Shu jihatdan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4-5-avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmaniston Respublikasida boʻlishi koʻp qirrali munosabatlar va strategik sheriklik aloqalarining yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan suhbati chogʻida Turkmanistonda oʻtkazilayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi mintaqamiz uchun, uning taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari 5-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq Toshkent shahrida boʻlajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” ordenining tantanali topshirilishi, shubhasiz, mintaqa hududida aniq pozitsiyaga ega boʻlgan maqsad bilan olgʻa borayotgan mamlakat yoʻlboshchisiga bildirilgan yuksak ishonchning namunasi boʻldi.

Prezidentimiz oʻz minnatdorligini bildirarkan, “ushbu mukofotni Oʻzbekiston va uning koʻp millatli xalqiga alohida eʼtibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qilaman”, deya taʼkidladi.

Mazkur eʼtirof boy tarixiy tajriba, qardoshlik va oʻzaro hurmat anʼanalariga asoslangan Oʻzbekiston — Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganining yana bir amaliy tasdigʻidir.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida oʻtgan BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Unda transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim oʻzgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oʻz soʻzida konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jugʻrofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib oʻtish zarurati bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini taʼkidladi.

Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mazkur konferensiyaning yana bir qimmatli jihati shundaki, unda Prezidentimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilaridan tashqari qator boshqa xalqaro tashkilot rahbarlari va mamlakatlarning rasmiy delegatsiya aʼzolari bilan oʻzaro sheriklik munosabatlarining keyingi bosqichlarini muhokama qildi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda qator muhim masalalar, xususan, global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb vazifalari, BMT Bosh Assambleyasining boʻlajak 80-yubiley sessiyasini oʻtkazish, Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari xususida soʻz yuritildi.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqilib, oʻzaro tovar yetkazib berishni koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida, shuningdek, logistika sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish muhimligi xususida fikrlashildi.

Konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov oʻrtasida uch tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Qolaversa, amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuvida strategik sheriklikni kengaytirishga kelishib olindi. Davlatimiz rahbari Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni Xalqaro tinchlik va ishonch yilida BMTning global konferensiyasi yuqori saviyada oʻtkazilgani bilan samimiy qutladi. Uchrashuvda boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik doirasida Oʻzbekiston — Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Davlat rahbarlari konferensiya doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon milliy kunlariga bagʻishlangan tadbirlarda ham qatnashdi. Hunarmandchilikka bagʻishlangan, madaniyat, sanʼat va turizm sohalaridagi zamonaviy yutuqlar aks etgan milliy pavilyonlar, milliy taomlar koʻrgazmasi va pazandachilik boʻyicha uyushtirilgan mahorat darslari, ayniqsa, anʼanaviy oʻzbek hovlisi koʻrinishida qurilgan Oʻzbekiston pavilyoni barchada yorqin taassurot qoldirdi.

Mazkur tadbir oʻz oʻrnida Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoni sifatida namoyon etishga xizmat qilib, mintaqa xalqlarining boy madaniy merosi, qolaversa, oʻzaro yaxshi qoʻshnichilik aloqalarining namunasini yaqqol ifodaladi.

Shubhasiz, davlatimiz rahbarining mazkur amaliy tashrifi Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishi uchun asos boʻladi. Zero, xalqimizning “Qoʻshning tinch — sen tinch” naqli oʻzaro hurmat va strategik taraqqiyot rivoji uchun xizmat qiladigan shu kabi uchrashuvlarda ham oʻz aksini topmoqda.

Bahodir MAʼMUROV,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер