XXI asr “epidemiyasi”: gadjetlarga qaramlik fojiasi

17:49 05 Noyabr 2024 Jamiyat
242 0

Rahim SHERQULOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda jamiyatda axborot texnologiyalari shu qadar taraqqiy etib bormoqdaki, bu har bir soha rivojiga xizmat qilishi barobarida, ayrim muammolarni ham keltirib chiqarayotir. Qanday muammo deysizmi?!

Gap mobil aloqa vositalari, yaʼni qoʻl telefonlari, ulardan notoʻgʻri foydalanish haqida bormoqda. Bu haqda soʻz yuritishdan oldin, keling, ayrim tahlillarga eʼtibor qaratsak.

Statistik maʼlumotlarga koʻra 2024-yilning 1-yanvar holatiga Oʻzbekistonda mobil aloqa bilan taʼminlangan abonentlar soni qariyb 34,2 mln. nafarni tashkil etgan boʻlib, shundan, 28,8 mln. nafari aholida qayd etilgan. Odamlarning mobil aloqa bilan taʼminlanganligi har 100 kishi hisobiga 79 birlikni tashkil etmoqda.

Bu raqamlar bir qarashda yomon emas. Taraqqiyot jadallashar ekan, bunday vositalarning mamlakatimizga kirib kelishi ham tabiiy jarayon. Shu maʼnoda, gadjetlar hayotimizning ajralmas qismi, turli vaziyatlarda “yordamchi”ga ham aylanib ulgurdi. Kerakli mahsulotni xarid qilish, biron inson bilan tez bogʻlanish, zarur maʼlumot olish yoki yuborish – buning uchun telefondagi bir necha tugmalarni bosishning oʻzi kifoya boʻlib qoldi.

Biroq har narsaning meʼyori boʻlgani kabi gadjetlardan foydalanishda ham maʼlum talablar boʻlishi kerak. Zero, virtual olamga qattiq bogʻlanib qolish insonning fiziologik va ruhiy salomatligida jiddiy muammolar yuzaga keltirib chiqarishi mumkin.

Afsuski, koʻpchilik bunga beparvolik bilan qaraydi. Hozirgi zamonda mobil aloqa vositalarini, hatto bogʻcha yoshidagi bolalarning qoʻlida ham koʻrish mumkin. Ayrim ota-onalar uy yumushlari bilan mashgʻul boʻlganda hali tili chiqmagan goʻdaklarga multfilm yoki videolar qoʻyib beradi, buning kelajakdagi salbiy oqibatlari haqida esa oʻylab ham koʻrmaydi...

Xoʻsh, bu borada mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari nima deydi?

Dolzarb mavzu

Koʻzimiz – gavhar, uni asraylik

Otabek IKROMOV,

Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori:

– Telefonlarning inson salomatligi uchun zararli tomonlari mavjud. Birinchidan, ular oʻzidan xavfli elektromagnit toʻlqinlar chiqaradi. Toʻlqinlardan nurlanishning zarari kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq boʻlib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar kelib chiqishiga sabab boʻladi.

Gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanishdan aziyat chekadigan asosiy organlardan biri, bu – koʻz. Bolalar bir daqiqada oʻrtacha 18 – 20-marta mijja qoqadi. Bu koʻzlarni namlantirib, ular zoʻriqishining oldini oladi.

Aksariyat hollarda bolalar telefon ekraniga yaqin masofadan tikilib oʻyin oʻynaydi, video koʻradi. Bunda ular mijja qoqishni unutadi va natijada koʻz zoʻriqishni boshlaydi. Bu esa koʻz olmasining oʻsib ketishi, koʻrish qobiliyatining pasayishi, uzoqni yaxshi koʻra olmaslik (miopiya), gʻilaylik, koʻzning surunkali yoshlanishi yoki qizarishi, koʻz qurib qolish sindromi kabi muammolarga olib kelishi mumkin.

Ota-onalar va bolalar buni darrov payqashmaydi. Koʻpincha gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanish oqibatida kelib chiqqan koʻz kasalliklari bolalar maktabga chiqishi, ayrim hollarda esa hatto oʻsmirlik davrida, masalan, harbiy xizmatga joʻnashdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonida aniqlanadi.

Ayrim bolalar va oʻsmirlar uyqudan oldin, baʼzida esa uxlamasdan qorongʻi xonada telefonga termilib chiqadi. Bu – mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat! Bunday bedor tunlar surunkali tus olsa, keyinchalik uyqusizlik, diqqatni bir joyga jamlay olmaslik va hatto koʻrlikka olib kelishi mumkin.

Gadjetlar qarshisida koʻp vaqt oʻtkazish bolada umurtqa pogʻonasi, boʻyin bilan bogʻliq turli xastaliklar rivojlanishi xavfini ham tugʻdiradi.

Tan olish kerak, koʻpchiligimiz telefondan yonboshlab yotib foydalanamiz yoki oʻtirganda ekranga gavdani va boʻyinni egib qaraymiz. Natijada suyak tizimi rivojlanish bosqichida boʻlgan bolalarda umurtqa pogʻonasining deformatsiyasi, skolioz, boʻyin mushaklarining zoʻriqishi, spazmlar paydo boʻlishi mumkin. Shuning uchun telefon yoki planshet ishlatganda uni kamida 40 – 50 sm. masofada va koʻz balandligida ushlash kerak.

Telefondan uzoq vaqt davomida foydalanish bolaning ruhiy holati va ijtimoiy moslashishida ham muammolarga olib keladi.

Taʼkidlash joizki, bolalarning ijtimoiylashuvi tugʻilgandan boshlab to oʻsmirlik paytigacha davom etadi. Bunda, ayniqsa, maktabgacha va maktab davri muhim rol oʻynaydi. Sababi ushbu davrda bola boshqalar bilan muloqot qilishni, jamiyatda oʻzini qanday tutishni, odob-axloq normalarini oʻrganadi, aqliy rivojlanadi, unda ijtimoiy koʻnikmalar shakllanadi.

Narkoqaramlikdanda kuchliroq

Zebiniso XAYRULLAYEVA,

psixolog:

– Sizning farzandingiz yoki oʻzingiz telefonsiz oʻzingizni yomon his qilyapsizmi, demak, siz keng tarqalayotgan xavfli kasallik qarshisida turibsiz. XXI asr epidemiyasi, deya taʼriflanuvchi bu kasallik “nomofobiya” deyiladi. Nomofobiya – (inglizcha no mobile-phone-phobia) telefonsizlikdan qoʻrqish. Mobil telefonsiz yoki undan uzoqda qolishdan qoʻrqish (fobiya) hisoblanadi.

Yana bir statistika: hozirgi kunda 5 – 16 yoshdagi bolalar kuniga 3 soatdan 8 soatgacha vaqtini telefon qarshisida oʻtkazishi natijasida ularda telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qoʻrquv hissi paydo boʻladi. Bugun, afsuski, nomofobiya bolalar orasida eng koʻp tarqalgan psixologik kasalliklardan biriga aylanishga ulgurdi.

Tadqiqotlarga koʻra gadjetlarga boʻlgan tobelik darajasi, ayniqsa, u kichik yoshdan shakllanib kelgan boʻlsa, hatto, narkoqaramlikdan ham kuchliroq boʻlishi mumkin ekan. Telefondan uzoq vaqt davomida betartib foydalanish insonning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi.

Gadjetlarning kichik bolalar va oʻsmirlar uchun salbiy taʼsiri haqida psixologik maʼlumotlarni keltirishdan avval jajji, murgʻak qalbli bolajonlarimiz psixik nuqsonli boʻlishini istamasangiz, ularni hozirgi zamon muammolaridan biri – gadjetlarga qaramlikdan asrashimiz lozim. Yangi tadqiqot elektron qurilmalar ekrani oldida oʻtkazilgan vaqt bolaning ruhiy salomatligiga taʼsir qilishi borasidagi masalani ilgari surmoqda.

Hayotiy sinov tajribalari yana shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim onalar bola tarbiyasida gadjetlardan muntazam ravishda foydalanish oqibatida bolalarda psixik rivojlanish orqada qolayotgani, yosh davriga xos ayrim muhim boʻlgan rivojlanishdan kechikayotganini koʻrish mumkin.

Masalan, qoʻl motorikalarini, soʻz, mantiqni rivojlantiruvchi mashgʻulotlar oʻrniga bolam tinch oʻtirsa, menga xalal bermasa qabilida ish tutish – kun davomida murgʻak jajji dilbandiga soatlab multfilm tomosha qilishi yoki turli oʻyinlarni oʻynayapti, deb shunchaki bolani nazoratsiz qoldirish ularning kelajagiga, sogʻligiga nisbatan eʼtiborsizlikdir.

Yana bir salbiy tomoni shundaki, gadjetlar atrof-muhitni endi idrok etayotgan bolaning toʻlaqonli ijtimoiylashuviga toʻsqinlik qiladi. Telefon “ichiga kirib ketib”, tashqi dunyodan uzilib qolish tufayli unda keyinchalik boshqalar bilan munosabatda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Kitobga muhabbat hissini oshiraylik

Mahbuba TOʻRAYEVA,

Jizzax shahridagi 29-maktab oʻqituvchisi:

– Eʼtibor bersak, hozirgi kunda bolalar mobil telefonlaridan, asosan, turli oʻyinlarni oʻynashda foydalanmoqda. Ayrim oʻquvchi-yoshlar telefonga shu qadar berilib ketadiki, natijada tashqi muhitda boʻlayotgan yangilik va oʻzgarishlarga eʼtiborsiz boʻlib qoladi. Darslarda ham xayoli oʻsha telefonda ekanligi sezilib turadi. Oqibatda oʻquvchi oʻtilayotgan mavzularni mukammal oʻzlashtirolmay qiynaladi, orqada qolib ketadi.

Maktabgacha ijtimoiylashuv, eng avvalo, oiladan boshlanadi. Shuning uchun ushbu davrda ota-onalar farzandlari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishi, birga turli toʻgaraklarga borishi, jamoaviy oʻyinlarda qatnashishi, ularda sportga qiziqish, kitob oʻqishga muhabbat hissini uygʻotishi muhim. Eng asosiysi, ota-onalar oʻzlari gadjetlardan imkon qadar kamroq foydalanib, farzandlariga namuna boʻlishi kerak.

Aslida, bolalarga telefondan foydalanishni mutlaq taqiqlash ham notoʻgʻri. Chunki ularning zarari bilan bir qatorda, foydali tomonlari ham koʻp, albatta. Zamonaviy gadjetlar taqdim eta oladigan imkoniyatlar bolalarga yangi bilim olishga yordam beradi, ularga oʻqish jarayonida asqatadi.

Muhimi, ularning salomatligiga putur yetishi va yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish uchun bolalar telefonlardan qancha vaqt hamda nima maqsadda foydalanayotganini muntazam nazorat qilish zarur.

Farzandimni telefondan zoʻrgʻa “chiqarib” oldik

Roziya HUSANOVA,

uy bekasi:

– Ochigʻini aytadigan boʻlsam, oʻz farzandimni telefondan zoʻrgʻa ajratib olganman. Boshida bilinmasdi. Telefon janjalini qilsa, tinchimni oʻylab qoʻliga oʻsha matohni tutqazib qoʻyaveribman. Ammo keyinroq vaziyat jiddiylashib ketdi. Indamasam, qizim kunboʻyi boshini telefondan koʻtarmasdi.

Undanam yomoni, koʻzlari qizarib, yoshlanadigan, kiprigini dam-badam qoqib, uzoqni koʻrishi susaya boshladi. Buni bogʻchaga olib borib-kelish chogʻida sezib qoldim. Uning xotirasi, eshitishi va koʻrishi yomonlashib, injiqlashib, fikrini bir joyga jamlolmaydigan boʻlib qoldi. Qoʻrqib ketdim. Oʻz tinchimni oʻylab, qizimning qoʻliga telefon berib qoʻyish juda katta xato ekanini anglab yetdim.

Shundan keyin qizimni shifokor koʻrigiga olib bordim. U meni koyib, darhol davolanish kerakligini tushuntirdi. Koʻziga dori yozib berdi. Muolajalarni qildik. Keyin bolani boshqa qiziqarli va aqlni charxlaydigan oʻyinlarga jalb qilib, telefondan “chiqarib” oldik. Hozir bu masalada nazoratni kuchaytirganmiz.

Qoʻrqinchli oʻyinlar oqibati

Feruza RAHIMOVA,

jurnalist:

– Ikki nafar farzandim bor. Ular oʻz vaqtida ovqatlanishi uchun telefonimni dasturxon ustida beradigan boʻldim. Qarasam, ovqatni yeb boʻlgach ham mendan telefon soʻray boshlashdi, boshida mayli deb berdim, bu holat bora-bora telefonsiz turolmaydigan vaziyatga olib keldi. Eng yomoni, koʻp qavatli uyda tursakda oʻgʻlim qoʻrqinchli oʻyinlar taʼsirida u xonadan bu xonaga borishga qoʻrqadigan boʻlib qoldi.

Vaziyat jiddiy tus ola boshlagach, buning oldini olish harakatiga tushdik. Avvalo, telefondagi barcha oʻyinlarni oʻchirdim, keyin Wi-Fini uzib qoʻydik. Qoʻl motorikasi yaxshi shugʻullanishi uchun oʻyinchoq va legolar olib keldim. Ochiq havoda koʻproq vaqt oʻtkaza boshladik. Dastlabki kunlari qoʻlimda telefon borligini koʻrsa, ber deb xarxasha qilardi, keyin oʻzim ham telefonni ulardan bekitib, faqat zarurat boʻlgandagina foydalandim. Xullas, asta-sekin boladagi qoʻrquv yoʻqoldi, oʻziga nisbatan ishonchi ortdi. Va asosiysi, telefon xarxashasi kamaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер