WOSCU tomonidan Qashqadaryodagi maktab kutubxonalariga qimmatbaho kitob-albomlar topshirildi

Foto: «Xalq soʻzi»
Jahongir BOYMURODOV/«Xalq soʻzi». Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan 20 jildlik «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» kitob-albomi tayyorlanib, chop etilgandi.
Mazkur kitob-albomlarning 200 ming nusxasi (10 ming toʻplami) maktab kutubxonalariga tarqatilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda kitob-albomlar hududlardagi maktab kutubxonalariga yetkazib berilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi 1229 ta maktab kutubxonalariga ham ushbu kitob-albomlar yetib keldi.
Shu munosabat bilan Qarshi shahrida tashkil etilgan tadbirda WOSCU boshqaruvi aʼzolari, Qashqadaryo viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼullari, maktab kutubxonachilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, bugun mamlakatimizda xalqimizning madaniy merosini oʻrganish, asrab-avaylash va ommalashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, yurtimizda joylashgan tarixiy obidalardagi bitiklar oʻrganilib, ularning mazmuni oʻzbek, rus, arab va ingliz tillarida jamlangan 20 jildlik «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» kitob-albomining tayyorlanishi ham bu boradagi ishlarning yana bir namunasi boʻldi. Davlatimiz tomonidan ajratilgan mablagʻ evaziga nashr etilgan ushbu kitoblar endilikda mamlakatimizdagi har bir taʼlim muassasasi kutubxonasi uchun bebaho manbaga aylanadi
— Biz koʻpincha yurtimizdagi, shu jumladan, viloyatimizdagi tarixiy obidalarga boramiz, ularni sayohat, ziyorat qilamizu, lekin ulardagi bitiklarga koʻp ham eʼtibor bermaymiz yoki eʼtibor bersakda, mazmuniga tushunmaymiz, — deydi Qashqadaryo viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Farid Bazarov. — «Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar» toʻplamidagi ayrim maqolalar bilan tanishib shuni angladimki, aslida bu obidalarning eng katta qiymati ham ana shu bitiklarda ekan. Viloyatimizdagi maktab kutubxonalari fondi mana shunday bebaho toʻplam bilan boyiyotganidan mamnunman. Bu oʻquvchilarimizning xalqimiz tarixi, milliy-madaniy merosimiz bilan yanada yaqinroq tanishishiga zamin yaratadi.

Taʼkidlash joiz, 20 jildlik kitob-albomlarning bir jildi toʻliq Qashqadaryo viloyatidagi tarixiy obidalarda aks etgan bitiklarga bagʻishlangan boʻlib, uning asosiy mualliflari taniqli olimlar Bobur Aminov hamda Fayzxoʻja Mahmudovlar hisoblanishadi. Tadbirda ular Qashqadaryo viloyatidagi tarixiy obidalar, ulardagi bitiklarning mazmuni, tarixiy ahamiyati, qolaversa, ularni oʻqish, tarjima qilish boʻyicha olib borilgan mashaqqatli ilmiy-izlanishlar haqida soʻzlab berishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring