Vladimir Zelenskiy Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan uchta kompaniyani “qora roʻyxat”ga kiritdi

08:26 12 May 2025 Jamiyat
387 0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan uchta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda prezident farmoni uning rasmiy saytida eʼlon qilindi.

Farmonga koʻra, Rossiyaning 67 ta, Xitoy, Eron, Belarus va Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan 7 ta kompaniya, shuningdek, Rossiyaning 58 nafar fuqarosi sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan. Sanksiyalarga harbiy-sanoat majmuasiga aloqador metallurgiya, mashinasozlik, kimyo va samolyotsozlik sohalaridagi korxonalar, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi bilan hamkorlik qiluvchi bir qancha konstruktorlik byurolari ham tushgan.

Sanksiya joriy etilgan oʻzbekistonlik kompaniyalar orasida Toshkentda joylashgan “Mercury Renaissance” MCHJ qoʻshma korxonasi mavjud. Ushbu kompaniya 2016-yilda tashkil etilgan boʻlib, qurilish texnikasi va jihozlarini ijaraga berish hamda lizing asosida foydalanish faoliyati bilan shugʻullanadi. Uning taʼsischilari sifatida Muminov Rustam (60%) va Gluxov Mixail (40%) koʻrsatilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatida joylashgan “Raw Materials Cellulose” MCHJ ham sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi. 2017-yilda tashkil etilgan bu korxona yogʻoch massasi va sellyuloza ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, uning taʼsischisi Utkina Larisa Mixaylovna hisoblanadi.

Uchinchi kompaniya – “Fargʻona kimyo zavodi” MCHJ 2012-yilda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, xuddi shunday faoliyat bilan shugʻullanadi. Qayd etilishicha, bu korxonaning asosiy taʼsischisi aynan “Mercury Renaissance” hisoblanadi.

Har uchala kompaniyaga nisbatan 10 yil muddatga sanksiyalar joriy etilgan boʻlib, ular Ukraina hududidagi aktivlarni muzlatish, har qanday litsenziyalarni bekor qilish, savdo va intellektual mulkka oid kelishuvlarni toʻxtatish, madaniy va ilmiy hamkorliklarni cheklash kabi choralardan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер