Vladimir Putin va Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevga tabrik yoʻlladi

13:13 24 Iyul 2024 Siyosat
227 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tugʻilgan kuni munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tabrik yoʻlladi.

Prezident matbuot kotibining xabar berishicha, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin oʻz maktubida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda salmoqli yutuqlarga erishganini, jahon maydonida oʻz mavqeyini mustahkamlaganini qayd etgan.

“Davlatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, barcha yoʻnalishlarda samarali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissangiz beqiyosdir.

Yaqinda Toshkentda oʻtgan samarali muzokaralarimizni iliq eslayman. Rossiya va Oʻzbekistonning doʻst xalqlari farovonligi yoʻlida konstruktiv muloqotni va yaqin hamkorlikni davom ettirishdan mamnunman. Sizga chin dildan mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman”, degan Putin.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin esa oʻz tabrigida Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishini va Shavkat Mirziyoyev bilan mustahkam doʻstligini qadrlashini taʼkidlagan.

“Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qarataman va Siz bilan mustahkam doʻstligimizni qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarga tayyorman. Ishonchim komil, Sizning rahbarligingizda “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan barcha maqsadlar, albatta, oʻz vaqtida amalga oshiriladi”, deb yozgan Si Szinpin.

Shuningdek, bugun, 24-iyul kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Belarus rahbari Oʻzbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilib, davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sogʻlik va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Ikkinchi Hududlar forumi, Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va qator qoʻshma madaniy tadbirlarning samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezident matbuot kotibining xabar qilishicha, Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер