Vitebsk va Namangan viloyati oʻrtasidagi hamkorlik tobora rivojlanmoqda

17:01 09 Fevral 2024 Jamiyat
279 0

Oʻzbekiston va Belarus respublikasi oʻrtasidagi strategik munosabatlar va davlatlararo oʻzaro hamkorlik aloqalari tobora kengayib, mustahkamlanib bormoqda. Buning isbotini hududlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Masalan, bugun Namanganda Belorus Respublikasi va uning qator viloyatlari bilan oliy taʼlim, tibbiyot, ilm-fan, innovatsiyalar, iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda istiqbolli hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Tugallanayotgan haftada Belarus Respublikasi Vitebsk viloyati ijroiya qoʻmitasi delegatsiyasining gullar shahriga rasmiy tashrifi hamkorlik aloqalarining yana bir amaliy ifodasi boʻldi. Bu galgi tashrif taʼlim va iqtisodiyot masalalariga bagʻishlandi va ayni yoʻnalishlarda “Namangan tajribasi” oʻrganildi.

Mehmonlar dastlab viloyatdagi yetakchi umumtaʼlim muassasalaridan biri — Namangan shahridagi “Prezident maktabi”da boʻldilar. Ular bu yerda yaratilgan sharoitlar, oʻquv sinf xonalari, oshxona toʻgarak xonalari, oʻquvchilar yotoqxonasi, umuman muassasaning oʻziga xos imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, Yangi Oʻzbekiston taʼlim tizimi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.

Delegatsiya aʼzolarining navbatdagi manzili Davlatobod tumanidagi “Fazman tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi. Jahon bozorida oʻzining mustahkam oʻrniga ega ushbu korxona yuqori natijalari bilan zamonaviy gigant biznes loyiha maqomiga ega boʻlgan. Bu yerda qiymati 40 mln. AQSH dollariga teng ikki bosqichli loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ayni paytda uning birinchi bosqichi ishga tushirilib, mingta ish oʻrni yaratilgan.

Loyihaning ikkinchi qismi yakuni bilan ular safiga yana uch ming kishi qoʻshiladi. Yana bir eʼtiborga molik tomoni, korxona Yevropaning yetakchi davlatlaridan biri — Germaniyaning “Karl Gross” va “Digel” nomi ostidagi brend kompaniyalariga yillik buyurtma asosida katta hajmda kostyum-shim mahsulotlarini yetkazib beradi.

“Art soft holding” klasteri faoliyati bilan tanishuv ham mehmonlarda katta taassurot uygʻotdi. Mazkur klaster viloyatning toʻrt tumanida ish olib boradi. Bugungi kunda paxta, gʻalla va toʻqimachilik mahsulotlari bilan birga keramika va chinni idishlar ham ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar asosan eksportga yoʻnaltirilgan. Mehmonlar klaster “Showroom”ida uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar . Boshqa bir tekstil korxonasi — momiq sochiq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Aisha home textile” faoliyati ham eʼtibor markazida boʻldi.

— Namanganda sanoat sohasidagi koʻplab tajribalardan andoza olsa arziydi, — deydi Vitebsk viloyati iqtisodiyot qoʻmitasi raisi Veronika Zaboluyeva. — Bu yerda tekstil sohasida klaster usulining keng yoʻlga qoʻyilganligi, yaʼni, paxtani ekishdan tortib, tola va gazlamaga, oʻz navbatida tayyor mahsulotga aylantirish zanjirining mustahkam yoʻlga qoʻyilganligi diqqatga sazovor. Ikkita erkin iqtisodiy va 72 ta kichik sanoat zonalari tadbirkorlik subyektlari loyihalari ijrosi uchun qulay maydonga aylanganligini koʻrib, ayni tajribani oʻzimizda ham qoʻllashni maqsad qildik.

Belaruslar bilan eʼtirofga arzigulik yana bir hamkorlik Respublika kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali va Minsk kardiologiya markazi oʻrtasida oʻrnatilgan. Yaqinda minsklik toʻrt nafar kardioxirurg oʻn kun davomida Namanganda boʻldi. Jarayonlar Belarus poytaxtida imzolangan memorandum hujjatini almashish va kardiologiya sohasida bugun har ikki davlatda kuzatilayotgan kasalliklar, ularning turi, soni, davolash choralari borasida oʻzaro fikr almashinuvidan boshlandi. Bunda sohadagi kamchiliklar, yutuqlar, shifokorlar malakasi, jarrohlik amaliyotlarining sifati, umuman sohaga doir barcha mavzular keng muhokama etildi. Tashrif davomida belaruslik professor shifokorlar mahoratidan unumli foydalangan holda har kuni 4-5 ta yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazildi.

Shuningdek, boshqa sohalarda, jumladan, oliy taʼlim, jamoat salomatligi texnikumlarida ham Belarus Respublikasi bilan aloqalar uzviy davom etmoqda. Vitebsk delegatsiyasining tashrifi davomida oʻzaro hamkorlikning bir qator yangi qirralarida ham kelishuvlarga erishildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?