Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish davom etmoqda

11:10 27 Dekabr 2025 Siyosat
252 0

Xabaringiz bor, Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Anvar Tuychiyev boshchiligidagi ishchi guruh “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatida hududlarni koʻkalamzorlashtirish, daraxtlar ekish va parvarishlash, yashil bogʻlar, yashil jamoat parklari barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganmoqda.

Xususan, ishchi guruh Gʻuzor tumanidagi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur jamiyat taʼsischiligida Shoʻrtan qoʻrgʻoni hududida “Shoʻrtan yashil makon” MCHJ tashkil etilib, 131 gektar maydonda 53 ming tup suvsizlikka chidamli mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilgan hamda agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilib kelinmoqda.

Taʼkidlash joizki, daraxt koʻchatlari hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib tanlab olingan.

Ekilgan koʻchatlar sugʻorilishi va parvarish ishlari olib borilishi alohida nazoratga olinib, ushbu maydonda 4 ta nasos stansiyasi qurilgan.

Shuningdek, koʻchatlarni sugʻorish uchun zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan.

Ishchi guruh koʻchatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini toʻgʻri tashkil etishga qaratilgan kerakli tavsiyalar berdi.

Bundan tashqari, oʻrganishlarda yirik sanoat korxonalari atrofi va ularga tutash hududlarda hamda chiqindi poligonlari atroflarida “yashil belbogʻlar” barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Hududlardagi oʻrganishlar davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?