Vetnam tajribasi oʻrganilmoqda

12:49 18 Fevral 2025 Jamiyat
200 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Vetnamning Xanoy shahrida xalqaro Hunarmandlar festivali oʻtkazilib, unda Fargʻona viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Festival doirasida Oʻzbekiston hunarmandlarining milliy koʻrgazmasiga Xanoy meriyasi rahbariyati hamda xalqaro Hunarmandlar tashkiloti raisi Saad Al Kaddumilar tashrif buyurib, oʻzbek hunarmandlari mahorati bilan tayyorlangan qoʻl mehnati mahsulotlarini yuqori baholadi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston va Vetnam hunarmandlari mahsulotlarining onlayn savdosini yoʻlga qoʻyish taklifi maʼqullandi.

— Xanoy shahrida joylashgan qadimiy hunarmandlar qishlogʻi Van Fukda boʻlib, bambuk va oʻsimliklar novdalaridan ekomahsulot-savat va idishlar toʻqish tajribasi oʻrganildi, — deydi Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov. — Moʻjazgina qishloqda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar AQSH va Avstraliya kabi oʻnlab mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Shuningdek, Fargʻona viloyati delegatsiyasi Van Fuk qishlogʻida ipakchilik va toʻqimachilik sanoati bilan tanishdi. Kooperatsiya usullari, tadbirkorlar tomonidan bitta hududda bir xil mahsulot ishlab chiqarishning foydali jihatlari hamda mahsulotlar eksportida yangi bozorlar topishdagi oʻziga xos yondashuvlarni oʻrgandi.

Yuzma-yuz muloqotlarda Qoʻqon shahridagi mahallalarda “Bir mahalla – bir mahsulot“ tamoyili boʻyicha Vetnam tajribasi asosida hunarmandchilik klasterlari tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?