Verjil Ortis oʻzbek bokschisi Isroil Madrimov haqida nimalar dedi?

11:59 15 Yanvar 2025 Sport
323 0

2025-yil 22-fevral kuni Saudiya Arabistonida oʻtkaziladigan yuqori sifatli boks oqshomida Verjil Ortis va hamyurtimiz Isroil Madrimov oʻzaro jang qiladi. Ushbu jang Artur Beterbiyev va Dmitriy Bivol oʻrtasidagi jangdan oldin, qoʻshimcha jangi sifatida tashkil etiladi. Ortisning soʻzlariga koʻra, Madrimov bilan toʻqnashuv kechaning eng yorqin voqeasiga aylanishi mumkin.

Ortis jang haqida oʻz fikrlarini bildirdi: “Men har qanday chorlovni qabul qilaman. Ushbu kardda ekanimdan minnatdorman. Bu yerda boʻlish men uchun katta sharaf. Men eng yaxshilar bilan jang qilmoqchiman. Bu kim boʻlishi qiziq emas”.

Super yarimoʻrta vazn toifasida “WBC Interim” chempioni Verjil Ortis 22 ta jang oʻtkazgan va 21 tasida nokaut bilan tugatgan.

AQShlik bokschining rejalarida avval Madrimov boʻlmagan. “Bogachukdan keyin Krouford bilan jang oʻtkazmoqchi edik. Buni amalga oshirishning imkoni boʻlmadi. Endi Madrimov bilan jang qilamiz. Men oʻtmishdagi bokschilardek boʻlishni xohlayman. Bu mening maqsadim. Isroil bilan klassik jang boʻladi. Madrimov elita jangchisi va men unga qarshi ringga chiqishdan juda xursandman”, dedi Ortis.

Isroil Madrimov avgust oyida Terens Krouford bilan boʻlgan jangida faoliyatidagi yagona magʻlubiyatni qabul qilgan edi. Ortis va Madrimov ilgari sparring janglarida ishtirok etgan. Ortis bu tajriba haqida shunday dedi: “Men juda koʻp narsani oʻrgandim, u ham oʻrganganiga ishonaman. Shuning uchun, bu jangning tomoshabinlar uchun juda jozibador boʻlishiga ishonch bor” .

Ortis “Golden Boy Promotions” nomidan jang qiladi, Madrimov esa “Matchroom Boxing” promouterligi ostida ringga chiqadi. Ushbu raqobat haqida “Golden Boy” rahbari Oskar De La Xoya shunday dedi: “Biz, promouterlar, har doim oʻz jangchilarimizni gʻolib boʻlishini xohlaymiz, ammo bundan ham muhimrogʻi, muxlislarga eng yaxshi janglarni taqdim qilishni istaymiz. Har bir jangchilar bu janglarni qabul qilishda jasorat koʻrsatishdi. Verjil Ortis, Bogachuk bilan jangdan keyin Madrimov bilan jang qilishga rozi boʻldi. Kim bunday qiladi? Bu uning buyuk jangchi ekanini isbotlaydi” .

22-fevral kuni Saudiya Arabistonida oʻtadigan boks kechasi yuqori darajadagi janglarga boy boʻlishi kutilmoqda. Ortis va Madrimov oʻrtasidagi jang esa, professional boksning yangi klassik sahifasiga aylanishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер