Vengriya delegatsiyasi Jizzaxda

13:55 14 Oktyabr 2024 Jamiyat
131 0

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Vengriya Davlat kotibining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Laslo Bodish boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muzokaralar davomida E. Saliyev viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy va investitsiya salohiyati hamda hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, avtomobilsozlik, tekstil, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm salohiyati hamda ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida toʻxtalib oʻtdi.

Darvoqe, bugungi kunda Jizzax viloyati Vengriya bilan savdo-iqtisodiy hamkorliklar sohasida koʻplab ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, 2021-yilning may oyida Vengriya delegatsiyasi viloyatga tashrif buyurgandi. Tashrif davomida oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ijtimoiy sohalarda tajriba almashinuvini tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgan.



2022-yilning oktyabr oyida esa jizzaxlik ishbilarmonlar Vengriyada boʻlib, bu mamlakatdagi tadbirkorlar bilan umumiy qiymati 19,5 mln. dollarlik 8 ta savdo va investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishgan.

2023-yilning 26-oktyabr sanasida Jizzax viloyati hokimligi Dyor-Moson-Shopron (Vengriya) viloyati rahbariyati bilan hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

Bugungi delegatsiya tashrifini ham ana shu manfaatli va ishonchli hamkorlikning mantiqiy davomi deyish mumkin.

Oʻz oʻrnida Vengriya delegatsiyasi rahbari Laslo Bodish qabul uchun viloyat hokimiga alohida minnatdorlik bildirib, ikki davlat — Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi hamkorlikni yuqori baholadi. Jizzax viloyati hokimligi hamda Vengriyaning Obuda universiteti oʻrtasida texnologiyalar sohasida qoʻshimcha innovatsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar, taqdimotlar boʻlib oʻtdi.



Obuda universiteti rektori, professor Levente Kovach innovatsiya va ilm-fanda erishilgan yutuqlar va bu yoʻnalishda Vengriya tajribasini ommalashtirish, Jizzax viloyatidagi qator loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon Toʻychiyev, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov inno texnoparklarni tashkil qilish, oliy oʻquv yurtlari va ishlab chiqarishdagi hamkorlik yuzasidan soʻz yuritdi.

Viloyat hokimi hamrohligida Vengriya delegatsiyasi aʼzolari Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi BYD Uzbekistan Factory avtobomil zavodi, “Deya” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarayotgan qandolat fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida mehmonlar Jizzax shahridagi Prezident maktabi, “Inno” innovatsion oʻquv ishlab chiqarish texnoparkini ham koʻzdan kechirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер