Venetsiya arxitektura biyennalesida Oʻzbekistonning birinchi Milliy pavilyoni tantanali tarzda ochildi

07:17 23 May 2021 Madaniyat
1144 0

Oʻzbekiston joriy yil 22-may - 21-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Venetsiya arxitektura biyennalesida ilk marotaba “Mahalla: shahar va qishloq hayoti” mavzusidagi Milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Venetsiya biyennalesida Oʻzbekiston Milliy pavilyonining debyut loyihasi ochilishida Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Milliy pavilyoni tashkiliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi boshqaruvi raisining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova, shuningdek, Venetsiya biyennalesi prezidenti Roberto Chikutto, YUNESKO bosh direktori Odri Azule va boshqalar ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov “La Biennale Di Venezia” xalqaro arxitektura biyennalesida Oʻzbekiston Milliy pavilyonining birinchi loyihasini taqdim etishdan mamnuniyat izhor qildi. U mamlakatimizning boy meʼmoriy merosi va zamonaviy madaniy, akademik va professional yutuqlari xalqaro muloqotning toʻliq ishtirokchisi boʻlish, samarali madaniy almashinuvni amalga oshirish, xorijiy ekspertlarni dolzarb mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilishga taklif qilish imkonini berishini taʼkidladi.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi boshqaruvi raisining oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva milliy merosni asrab avaylash va shu bilan birga uni jadal oʻzgarib borayotgan dunyo talablariga moslashtirishdek dolzarb vazifalar bajarilayotganiga eʼtibor qaratdi. Venetsiya biyennalesidagi Milliy pavilyon ana shu yoʻnalishda akademik va badiiy tadqiqotlar oʻtkazish, dunyoning eng yaxshi mutaxassislari bilan muloqot qilish va hamkorlikdagi bajarilgan ishlar natijalarini keng jamoatchilikka namoyish etish uchun qulay maydoncha ekani taʼkidlandi.

— Oʻzbekistonni birinchi Milliy pavilyon ochilishi bilan tabriklayman, - dedi Venetsiya biyennalesi prezidenti Roberto Chikutto. - Bu mamlakat uchun juda muhim loyihadir. Kuratorlar oʻzbek mahallasi muhitini yaratib, oʻz fikr-mulohazalarini keng jamoatchilikka yetkaza oldi, deb hisoblayman. Biyennale mehmonlari uchun Oʻzbekiston pavilyoniga tashrif buyurish, oʻzbek anʼanalari va madaniyatini his qilish qiziqarli boʻladi.

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule yigʻilganlar eʼtiborini ushbu voqea Oʻzbekiston uchun katta tajriba ekaniga qaratdi. 

“Men uchun Oʻzbekistonning birinchi Milliy pavilyonining ochilishida qatnashish katta qiziqish uygʻotdi, — dedi u. — Mamlakat oʻzining boy madaniyati va tarixi bilan mashhur boʻlib, bularning barchasi mazkur loyihada oʻz ifodasini topgan”.

Pavilyon komissari Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisoblanadi. Loyihaning asosiy maqsadi global madaniy makonda milliy mavjudlikni mustahkamlashdan iborat.

Tadqiqotlarning muhim qismi Toshkentda boʻlib oʻtdi, deya tushuntirdi loyiha komissari, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova. U ushbu tadqiqot va hujjatlar loyihasi Emanuel Krist va Kristof Gantenbeyn rahbarligida, kichik kurator va tadqiqotchi Viktoriya Iston bilan hamkorlikda amalga oshirilganini taʼkidladi. “ETH Zurich” jamoasi mahalliy konsultantlar, talabalar va Zamonaviy sanʼat markazi laboratoriyasi vakillari bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Ijodiy jamoa Oʻzbekistonga bir necha marta tashrif buyurib, mahallalar hayotini oʻrgangan, oddiy insonlar bilan suhbatlashib, foto va audiomahsulotlar toʻplagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?