Velosiped mingan momo

17:04 02 Mart 2020 Ilm-fan
14086 0

Mabodo, yoʻlingiz Oltinkoʻl tumaniga tushib qolsa, bir kam yuz yoshni qarshi olgan Robixon Imyaminovani yoʻqlab oʻtishni unutmang. Momo bilan suhbatlashib, birga kechgan vaqtingizga achinmaysiz. Ham suhbatini, ham duosini olayin, deb men ham yoʻlni momo istiqomat qiladigan “Maslahat” qishlogʻi tomon burdim. Hovliga kirib: ”Uyda kim bor?..” deya ovoz berishimni bilaman, qarshimdagi eshik lang ochilib, chaqqongina ayol: ”Kelavering, kelavering!”,-deya peshvoz chiqdi. “Kelini boʻlsa kerak” xayol qildim men.

-Robi xolaning uyi shumi? Oʻzlari bormikan?

-Robi xolangiz sizdan aylansin, mana menda, Robi xolangiz, bolam!

Yoshiga nisbatan chaqqonlik bilan bizni qarshi olgan momosi tushmagur haqiqatdan ham oyoq-qoʻli chaqqon ekan.

-Uyda oʻtirib, zerikib ketdim. Kir yuvsammi, deb hamma narsani yigʻishtirayotgandim,-uyda sochilib yotgan koʻrpa-yostiq jildlarini yigʻishtira boshladi qahramonimiz.

-Hali kirni ham oʻzingiz yuvasizmi? Keliningiz- chi?-soʻraymiz hayron boʻlib.

-Kelinimning dastidan kir qolarmidi, bolam. Nimadir qilishim kerak-ku, axir. Bekor oʻtirsam zerikib qolaman-da. Ha-ya, kelinim qayda qoldi? Sizga choy damlab kelsin-a? Men hozir.

Qarshilik bildirishimga qaramay xona eshigini ochib, hovli tomon boʻylagan momo kelinini chaqirdi: “Gulchehrayuyuyuyuyuyu....”
 

Yuz yosh bilan yuzlashib turgan momoning ovozi shu qadar oʻtkir ediki, menimcha, butun mahalla eshitdiyov...

-Ovozim oʻtkir ekanmi?,-koʻnglimdan kechgan oʻyni uqqandek yuzlandi onaxon.. –Men sizga aytsam, yaxshigina ashulachiman. Hech qaysi muxbirga aytmagan yana bir sirimni aytaymi, raqsga ham tushaman!

-Yana hech kim bilmagan siringiz bormi?,-soʻrayman momoga oʻxshab hazilomuz ohangda.

-Bor, boʻlganda qandoq! Esimni tanibmanki, fizkultura qilaman. Sportchiman,-kuladi kafti bilan ogʻzini berkitgancha Robi xola. –Shuning uchun hech qachon semirmaganman, doim shunaqa chiroyli formada yuraman.

-Ana endi velosiped minishingiz haqida ham gapirib bering, xola,-huddi suhbatning kulminatsion nuqtasiga kelgandek onaxonga yaqinroq kelib, qiziqsinaman men.

-Endi sizga aytsam, velosiped minishni turmush oʻrtogʻim Solijon Imyaminov oʻrgatgan. Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlardim. Ishga piyoda qatnaganim uchun qiynalmasin, deb oʻzi oʻrgatgan. Avvaliga erish tuyulgan. Hamqishloqlarimdan uyalganman. Turmush oʻrtogʻim majbur qilgach, mina boshlaganman. Keyinchalik bu odatiy xolga aylanib qoldi. Ishgayam, toʻy-maʼrakalargayam velosipedimni minib, “shuv” etib yetib boradigan boʻldim. Menga qolsa hamma velosiped minsin, degan boʻlardim. Shunda odamning hamma aʼzosi harakatda boʻladi. Harakatda boʻlgan odam menga oʻxshab yuzga kirmasa mana men kafil.

“El-yurt hurmati” ordeni va boshqa oʻnlab orden, medallar sohibi boʻlmish Robi xola Imyaminova velosiped minishni oʻrganganida 23 yoshda edi. Oradan shuncha vaqt oʻtganiga qaramay bu texnika vositasini oʻzidan ayro etmadi. Butun umr qishloqdagi 22-umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarga oʻzbek tili va adabiyoti fanidan dars berdi. Bu orada 6 nafar farzandni ulgʻaytirib, el qatoriga qoʻshdi. Ularning barchasi chet tillari fanidan dars berishadi. 18 nafar nevara, 23 nafar chevaraning momosi boʻlmish Robixon xolaga qoʻyib bersa hozir ham velosiped minadi. Shu desangiz kelini Gulchehraxon qoʻymaydi, xolos. Yiqilib tushmasin, deb avaylasa kerakda...
 

Momo bilan shular haqida gaplashib turgan paytimiz xonaga Gulchehra opaning oʻzi kirib keldi:

-Oʻgʻlimning maktabiga ketuvdim,-deydi xijolat ila ayol. –Buvimning (Andijonda hozir ham onalarni, qaynonalarni “Buvi” deb ataydiganlar koʻp) “Gulchehrayuyuyuyuyuyu” degan ovozini eshitib, yugurib keldim. Buvimga kelsak, mendan tetik, koʻz tegmasin. Bir qarasam xonasini yigʻishtirayotgan, bir qarasam ovqatga unnab ketgan boʻladi. Men xizmatini qilay, desam qaytanga menga yordam berib yuradi. Shuning uchun boʻlsa kerak, har doim bardam –baquvvat. Gohida shamollab yotib qolsayam, boshqalarga oʻxshab “uh” demaydi. Ovozini baland qilib, ashulalarni aytib yotaveradi. Tuzalib qolgach: ”Kasalniyam joniga tegdim ashula aytaverib” deya kulib qoʻyadi.

Biz onaxon bilan xayrlashar ekanmiz, kelgusi yili yana xonadoniga tashrif buyurishni, yuz bahorni qarshilaganida ham qutlashni dilimizga tukkancha ortga qaytdik.

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Muallif olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?