Vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha har kuni izlanishda boʻladi

11:15 07 Fevral 2025 Siyosat
148 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasi yigʻilishida hamma hududlarda ham xizmatlar birdek rivojlanmayotgani qayd etildi.

Misol uchun, Nukus tumanida oʻtgan yili 363 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, 22 foizga oʻsgan. Lekin aholisi undan 2 baravar koʻp boʻlgan Guliston tumanida xizmatlar hajmi Nukus tumanidan 30 milliard soʻmga kam.

Yoki, Namangan shahrida jon boshiga toʻgʻri keladigan xizmatlar 13 million soʻmga ham yetmasligi (Jizzax shahrida – 33 million soʻm) hamon “xufiyona iqtisodiyot” yuqoriligidan dalolat beradi.

Nishon, Yangiqoʻrgʻon, Narpayda IT xizmatlari ancha orqadaligi, Samarqand va Yangiyer shahri, Mirzaobod, Mirzachoʻlda moliyaviy xizmatlar hajmi pasaygani, Qarshi shahri, Jomboy, Urgut, Urganch, Uchtepa tumanlarida savdo oʻsmayotgani, Fargʻonaning 7 ta tumanida tibbiy xizmatlar hajmi qisqargani tanqid qilindi.

Hamma vazir va hokimlar yangi-yangi xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha har kuni izlanishda boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu yilda xizmatlar hajmini 15 foizga oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga olib chiqish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish boʻyicha katta marra olingan.

Oxirgi uch yilda 3 mingta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi, 38 million kvadrat metr noturar joylar paydo boʻldi.

Developerlarga yangi massivlar hududining 10-15 foizini noturar toifaga oʻtkazishga ruxsat berildi. Ular bu mulkni sotishdan, savdo va servis tarmoqlari esa ijaraga yoki lizingga olishdan manfaatdor. Lekin ularni bir-biriga bogʻlovchi tizim yoʻq.

Bu borada banklarning developerlardan mulklarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish va tadbirkorlarga qulay shartlarda ijara yoki lizingga berish taklifi maʼqullandi.

Bu orqali 50 ming kvadrat metrli noturar joylar muomalaga kiradi, byudjetga 70 milliard soʻm tushum va 100-150 ming ish oʻrni yaratiladi. Eng muhimi, lizing shartlari ijaraga nisbatan kamida 15-20 foiz arzon boʻladi.

Mutasaddilarga developerlar bilan ishlab, noturar joylarni oʻziga biriktirilgan sohalarda lizingga berish boʻyicha 4 trillion soʻmlik loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?