Vataningni unutma, bolam...
Foto: Illustrativ foto
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Sanatoriyaga kelganining ikkinchi kuniyoq Rohila buviga uch-toʻrt suhbatdosh topildi. Ular qatorida men ham borman. 72 yoshli onaxon chamasi 600 kilometr yoʻl bosib Buxorodan Parkentga yolgʻiz oʻzi dam olgani kelgan. Kaminani shu qiziqtirib qoʻydi.
— Uyda yakka qolganman, — deya xoʻrsingancha soʻz boshladi onaxon. — Kech turmush qurdim. Birin-ketin ikki farzandli boʻlganimda dunyoda mendan baxtli ayol yoʻq edi. Ammo taqdir bu baxtdan uzoq bahra olishni ravo koʻrmadi. Kutilmaganda turmush oʻrtogʻim ogʻir dardga chalinib qazo qildi. Qanotidan ayrilgan qush kabi choʻkib qoldim. Qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnidan yolchiganman. Ular yordam qoʻlini choʻzdi. “Bolalaring uchun yashashing kerak”, deyishdi. Oshxonada ishladim. Farroshlik ham qildim. Bor alamimni mehnatdan oldim. Oʻzim yemay-ichmay ikki norasida oʻgʻilni voyaga yetkazdim.
Toʻngʻichim xuddi otasining oʻzi. Zehni oʻtkir, uddaburon, kirishimli. Oʻqidi. Institutdan soʻng ishladi. Ukasini qavatiga oldi. Uylandi. Alohida uy ham tikladi. Bir kuni kutilmaganda “Onajon, endi Amerikaga ketaman”, deb qoldi. Aytgani tilim kelishmaydi, allabirbaloni yutganmish. “Borib ishlayman. Koʻp pul topaman. Hech narsaga zoriqmay yashaymiz”, deb turib oldi. Soddaligim qursin, “Bolalarim otasiz oʻsdi. Tengdoshlariday kiyintirgani, yedirgani qoʻlim kaltalik qildi. Mayli, keyin armonda yurmasin”, degan oʻyda rozilik bildirsam boʻladimi?! Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas ukasi ham oilasi bilan uning ortidan ketdi. Biyday hovlida yakka oʻzim qoldim...
Rohila buvi shundan soʻng vodiylik uch talaba qizga uyidan boshpana berdi. Muhtojlikdan emas, albatta. Pul deganlarini oʻgʻillari oyma-oy yuborib turibdi. Ammo yolgʻizlik yomon. Toʻrt devor yutaman, deydi. Baxtiga qizlar es-hushli, oilada yaxshi tarbiya olishgan ekan. Onaxonni issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib, mehr-oqibat koʻrsatishdi. Hatto uni ikki-uch bor Fargʻonaga olib borib, hurmatini joyiga qoʻydilar. Onaxonning oʻgʻillari ham u yoqda qarab turishmadi. Sovgʻa-salom joʻnatib turishdi. Qizlar oʻqishni tugatib ketishgandan soʻng ham bordi-keldini, qoʻngʻiroqlashishni kanda qilishgani yoʻq.
— Endi xorazmlik ikki talaba qiz uyimda yashayapti, — deya davom etadi Rohila buvi. — Baraka topishsin, ular ham qoʻl-oyogʻi chaqqon qizlar ekan. Qoʻlimni sovuq suvga urgani qoʻyishmaydi. Toʻgʻri, yozda taʼtilga chiqib uylariga ketishganida zerikib qolaman. Ammo oʻgʻillarim qoʻngʻiroq qilib “Uyda yolgʻiz qolmang. Sanatoriyaga boring”, deya holi-jonimga qoʻyishmadi. Shu boisdan bu yerga dam olgani keldim.
Buvini tinglarkanmiz, bundan 35-yilcha muqaddam okeanortiga koʻchib ketgan bir taniqli sanʼatkorning soʻzlarini esladik. U “Bu yerda hamma narsa boru ammo Oʻzbekiston yoʻq”, degan edi xoʻrsingan koʻyi.
Aytmoqchi, Rohila buvi oʻgʻillarining oldiga borib, yashasa boʻlmasmikan? Danagidan magʻzi shirin, deganlaridek, nevaralarni bagʻirga bosib umrguzaronlik qilganga nima yetsin?!
Buvi aynan shu savolni berishimizni bilgan kabi soʻz boshladi.
— Oʻgʻlim bilan kelinim “Biz bilan yashaysiz”, deb yonlariga chaqirishdi. Bordim. Ikki-uch kun oʻtar-oʻtmas zerikib qoldim. Har ikkala oʻgʻlim kun boʻyi ishda. Kelinlarim ham. Nevaralar oʻqishda. Uyda boʻlishganida ham oʻzaro inglizcha soʻzlashishadi. Ona tilimizda gapira olishmaydi. Kelinim tilmochlik qiladi. Menga oʻrtada oʻtib boʻlmas jarlik borday tuyuladi. “Bu nima koʻrgilik” deb iztirob chekaman. Ketish taraddudiga tushganimda oʻgʻlim “Qolganingiz maʼqul. Ketsangiz biz bu yoqda xavotir olib yuramiz” deb oyoq tiradi. Koʻnmadim. “Oʻlib-netib ketsam nima boʻladi? Qabrim yetti yot yurtda qoladimi? Yoʻq, mening soʻnggi borar joyim rahmatli otangni yonida” dedim. Aeroportga kuzatgani chiqqan kenja oʻgʻlimni bagʻrimga bosib, “Vataningni unutma, bolam” dedim-u koʻz yoshimni tiya olmadim...
Rohila buvi oʻpkasi toʻlgan koʻyi shu gaplarni aytganida beixtiyor yoshi anchaga borib qolgan tanishlarimizdan birini esladik. Uning qizi bilan kuyovi 16-yildirki, Germaniyada istiqomat qilmoqda. Nevaralari oʻsha yerda tugʻilgan. Tanishimiz yaqinda ularni koʻrgani borib keldi. Aytishicha, kuyovining topish-tutishi durust. Ammo nevaralaridan soʻz ochilganida suhbatdoshimiz andak xomush tortdi. Soʻngra yorildi. Nevaralari nemis tilida biyron soʻzlashar emish-u oʻz ona tillarini tuzukroq bilishmas ekan. ”Bularga ona tilimizda gaplashishni oʻrgat” deya qizimga qattiq tayinladim”, deydi u.
Ha, Vatan va til mushtarak tushuncha. Ularni ayri tasavvur etish mushkul. Tilini unutgan millat esa tanazzulga yuz tutishi muqarrar. Maʼrifatparvar ajdodimiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millat ruhini yoʻqotmakdir” deya yozgani bejiz emas. Shunday deymiz-u qulogʻimizga Rohila buvining “Vataningni unutma, bolam”, degan soʻzlari aks -sado berayotgandek tuyulaveradi...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring