“Vatandosh kartasi”ga ega shaxslar Oʻzbekiston hududiga vizasiz kirishi mumkin. Bu haqida PQ-397-sonli Nizom tasdiqlandi

11:51 22 Noyabr 2024 Siyosat
356 0

Shavkat Mirziyoyev “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlovchi 397-sonli qarorni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar bermoqda.

Nizom bilan yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarga “Vatandosh” guvohnomasini va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi belgilandi.

Qayd etilishicha, “Vatandosh” guvohnomasi — xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni ragʻbatlantirish shakli boʻlib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan, respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisi hamda “Vatandosh” kartasini olish uchun asos hisoblanadigan hujjat hisoblanadi.

Xabar qilinishicha, Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish boʻyicha taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

Shuningdek, “Vatandosh” kartasi — guvohnoma asosida 5-yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjatdir.

Kartaga ega vatandoshlarga bir qator huquqlarga ega boʻladi:

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasiga hududiga vizasiz kirish va chiqish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ikkinchidan, mamlakat hududida koʻchmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan koʻchmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi.

Uchinchidan, xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanadi.

“Huquqiy axborot” kanalining yozishicha, Karta egalarining oila aʼzolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

a) amaldagi viza muddatini uzaytirishda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan koʻp martalik viza olish;

b) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;

c) vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?