Vatan va vijdon
Insonga ota-ona va Vatanni tanlash imkoniyati berilmagan. Dunyoga kelgan va kindik qonimiz toʻkilgan manzil — Vatan hisoblanadi.
Xuddi ota-onani norizo etib boʻlmaganidek, Vatanni ham yomonotliq qilishdan saqlanish kerak. Vatan mustamlaka yoki mustaqil boʻladimi buning ahamiyati yoʻq. U baribir muqaddasligicha qolaveradi.
Islom taʼlimotida ota-ona kabi Vatan ham ulugʻlanadi. Musulmon kishi Vatanga nisbatan turli boʻhtonlar, gina-kuduratlar, noroziliklar bildirishdan qaytariladi.
Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning murakkab hayot yoʻli ham bunga yorqin misol. U kishi vaziyat taqozosi bilan bir necha yillar xorijda yashashga majbur boʻladi. Dunyoga mashhur ulamo musofirlikda oʻtkazgan kunlarida Vatanimiz haqida bir ogʻiz ham salbiy fikr bildirmaydi. Hatto bunga chaqirilsa-da, keskin rad javobini beradi. Bu olimning ishi emasligini qatʼiy bildiradi. Sinovlar ortda qolib Vatanga qaytish imkoniyati paydo boʻlishi bilan yurtni ixtiyor etadi. Vatandoshlari bilan yorugʻ yuz ila diydor koʻrishadi. Mana, ibrat! Mana, vijdon va imon!
Inson hayoti turli sinovlardan, baland-pastliklardan iborat. Nima boʻlganda ham, ota-ona va Vatan nomiga ehtiyotkorona yondashish zarur.
Bir oʻylab koʻring, ota-onasi va Vatanidan kechgan, noligan odamdan nima kutib boʻladi? Bundaylar uchun muqaddas yana nima bor?
Nazarimda, qanday ahvolga, vaziyatga tushishimizdan qatʼi nazar, avvalo, Yaratgandan, keyin Vatandan, ota-onadan norizo boʻlishga haqqimiz yoʻq. Alloh barchamizni bunday yuzi qoralikdan asrasin.
Xizmat taqozosi bilan xorijda koʻp boʻlishga toʻgʻri keladi. Toʻgʻrisini tan olish kerak, qanday yaxshi sharoitda boʻlishimizdan qatʼi nazar, kun sanayman. Tezroq ona yurtga qaytishga intilaman.
Hayot bor ekan, muammolar, kamchiliklar bor. Aslida ularni bartaraf etish ham oʻzimizning qoʻlimizda.
Vatan aybdor emas.
Adolatsizlik nimaligini, uning yuki qanchalik ogʻir ekanini biz singari katta avlod vakillaridan soʻrash kerak. Oʻz tanamda sinab koʻrganman. Lekin Vatanimga boʻlgan muhabbat hech qachon soʻnmagan.
2016-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev inson qadri degan bebaho neʼmatni bizga qaytarib berdi. Tuproqqa teng boʻlgan qadr. Toptalgan qadr. Tushovlangan qadr. Xoʻrlangan qadr... Jamiyatdan chiqarib yuborilganlar, yakkalanganlar, haq-huquqlari poymol boʻlganlar, dodini kimga aytishni bilmay yurganlar yarasiga malham qoʻydi.
Ogʻir, qiyin davrlarda ham Vatan, ota-ona kabi ulugʻ tuygʻularni qalbimizning eng toʻriga joylashimiz zarur. Vatan oldidagi burch va masʼuliyat abadiy qoladi. Ajdodlardan avlodlarga oʻtadi…
Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanida “Oltovlon va yettinchi” nomli hikoya keltiriladi: “Koʻp oʻtmay hammamiz begona yurtlarga tarqalib ketamiz. Peshonada borini koʻramiz. Kelinglar, ona Yerimiz bilan, nonu tuzimiz bilan xayrlashaylik. Vidolashgach, har kim oʻz yoʻliga ketadi. Biz oʻzimiz bilan tariqcha narsa olganimiz yoʻq. Vatanni olib ketib boʻlmaydi. Faqat sogʻinch va armonlarimizni olib ketamiz…”
Oltovlon va yettinchi garchi Vatandan ayro tushayotgan boʻlsa-da, uning muqaddasligiga daxl qilmaydi. Vatan bizni sigʻdirmadi, demaydi. Ular na Vatanidan, na vatandoshlaridan nolishadi. Balki mardlarcha qaror qabul qilishadi. Shu kichik bir epizodda ham olam-olam maʼno mujassamlashgan.
Vatandan tashqarida Vatan yoʻq. Insonning ota-onasi ham, Vatani ham yagona boʻladi. Bu borada bahslashish yaramaydi.
Men Vatani haqida boʻlar-boʻlmas gaplar tarqatayotganlarga achinaman. Kimlarnidir nogʻorasiga oʻynayotganlar ojiz, notavon kimsalardir.
Vatani haqida bir noxush xabarni kutayotganlar, ona yurtining muammolarini oshkor qilayotganlar, tugʻilib oʻsgan yeri toʻgʻrisida turli igʻvo va boʻhtonlarni bor ovozi bilan aytayotganlardan hazar qilaman.
Vatan soʻzi bilan vijdon soʻzi yonma-yon qoʻyilishi, birga turishi zarur. Vatan haqida gapirayotganingizda vijdoningizni oʻrtaga qoʻying. Ajdodlaringizni, avlodlaringizni tavqi laʼnatga qoldirmang.
Bu Vatan kimlarni koʻrmagan. Kimlar oʻtmagan bu zamindan. Lekin ona tuproq mangu qolgan.
Ulugʻ ajdodlarimiz merosini oʻrganayotgan olimlarimiz, ularni oʻz Vatani haqida yomon fikr bildirmaganliklariga eʼtibor qaratadi. Garchi, qanchadan-qancha ulugʻlarimiz Vatandan uzoqda, oʻzga yurtlarda yashagan boʻlsa-da, baʼzilari begona tuproqlarda qolib ketsa-da, doim Vatanini ulugʻlagan, Vatanini qoʻmsagan, sogʻingan. Bunga koʻhna tariximizda misollar juda koʻp.
Har qanday gunohni kechirsa boʻladi. Faqat Vatan va ota-ona oldida qilingan gunohdan tashqari.
Bu haqiqat mashhur kinorejissyor, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmida ham yaqqol namoyon boʻlgan. Ushbu filmda oʻgʻil otasiga savol beradi: “Sizga nima berdi Vataningiz? Shu Vataningizni deb, oʻz nomingizdan, ota-onangizdan, uy-joyingizdan, sevgan yoringizdan ayrildingiz. Butun hayotingiz barbod boʻldi. Vatan deb jang qildingiz, qon toʻkdingiz, azob chekdingiz. Xoʻsh, Vataningiz nima berdi sizga?” Shunda ota javob beradi: “Vatan ham onaday, undan taʼma qilish gunohi azim. Vatan — mana bu moviy osmon, mana bu yer, mana bu oqib turgan soy, mana bu keng dala…”
Mazkur filmni har gal koʻrganimda koʻzimga yosh keladi. Vatan haqidagi tasavvurlarimdan koʻnglim toʻlmaydi.
El-yurtni yaxshi koʻrmasdan hech qanday natijaga erishib boʻlmaydi. Uning sevgisi ilhom beradi, kuch beradi, qanot beradi kishiga.
Vatan bizdan emas, biz Vatandan qarzdormiz.
Xorijga borib bilim olish, tajriba almashish muhim. Oʻrgangan ilmlarimizni esa Vatan ravnaqi, taraqqiyoti yoʻlida sarflashimiz zarur.
Boy Vatanni, goʻzal Vatanni, farovon Vatanni orzu qilamiz. Lekin uni kim yaratishi kerak?! Albatta, biz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xorijda ishlayotgan qanchadan-qancha yurtdoshlarimizni Vatanimizga chorladi. Ularni munosib ish, yetarli maosh bilan taʼminladi. Buning natijasida ilm-fanimizga xorijning ilgʻor yutuqlari bevosita kirib keldi. Qisqa vaqtda ular oʻzlarining ilmiy maktablarini ham yaratishga kirishdi. Chetdan qaytib kelganlarni ragʻbatlantirish tizimi paydo boʻldi. Bundan Vatanimiz ham, vatandoshlarimiz ham yutdi, deb hisoblayman.
Har bir inson taqdir hukmi bilan qayerda yashashidan qatʼi nazar, uning qalbida Vatani bor. Vataniga baxshida etadigan mehri bor, muhabbati bor. Farzandlik burchi va vazifalari bor.
Bizning yaqin hamkorimiz — Kaliforniya universiteti professori, biologiya fanlari doktori, Nyu-York fanlar akademiyasi, Amerika hujayra biologiyasi, mikrobiologlar hamda xalqaro OITS jamiyatlarining aʼzosi, asli oʻzbekistonlik Sharof Tugizovning hayot yoʻli ham bunga misol boʻla oladi. U 35-yildan beri AQSHda yashaydi. 2023-yilda Samarqand davlat universiteti talabalari va ularning ota-onalari uchun “Oʻzingizga ishoning” nomli film tayyorlandi. Kinokartinada oddiy oiladan chiqib, bilim, taʼlim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yoʻli aks ettirilgan. Mazkur filmni tayyorlashda Sharof Tugizov bilan aloqa oʻrnatdik. Bugungi kunda olim biz bilan hamkorlikda katta ilmiy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Samarqand davlat universiteti professori, kimyo fanlari doktori, “Shuhrat” medali sohibi Xurshid Bozorov Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon texnika fizika-kimyo institutida 10-yilga yaqin ishladi. U 2022-yili Samarqandga qaytib keldi. Katta maosh, qulay sharoitni tashlab, Vatanga intildi. Bilim va kuchini mamlakatimiz rivojiga bagʻishlashga ahd qildi. Uning tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetida saraton kasalligiga qarshi dori vositalari yaratish laboratoriyasi tashkil etildi. Mazkur amaliy loyihani bajarish uchun Innovatsion rivojlanish agentligining 8 milliard soʻmlik granti qoʻlga kiritildi. Bugungi kunda 4 nafar xitoylik olim ushbu laboratoriyada hamkorlikda tadqiqot olib bormoqda. Shuningdek, qator davlatlardan kelgan hamkorlik takliflari oʻrganilyapti. Yetti nafar samarqandlik tadqiqotchilar PhD va DSc dissertatsiyalarini himoya qilish uchun ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda.
Jahonning eng mashhur fizik olimlaridan biri, asli oʻzbekistonlik Anvar Zohidov AQSH fuqarosi. 30-yildan buyon Amerikada yashaydi. Amerika fizika jamiyati aʼzosi, Dallasda joylashgan Texas universiteti qoshidagi Nanotexnologiya instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nanofotonika va optoelektronika laboratoriyasi hamrahbari...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga binoan 2023-yilda Anvar Zohidovga “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni berildi. Bundan ruhlangan olim xuddi shu yildan Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Kvant markaziga ilmiy rahbarlik qilmoqda.
Anvar Zohidov rahbarligidagi Samarqand davlat universiteti Kvant markazi xodimlari joriy yilning avgust oyida Jahon banki MUNIS fondining 600 ming AQSH dollari miqdoridagi WB BIRD hamda noyabr oyida 200 ming AQSH dollari miqdoridagi PRIM grantini qoʻlga kiritdi.
Anvar Zohidov Samarqanddagi suhbatlarimizdan birida shunday degan edi:
— Men oʻttiz yil davomida Vatan sogʻinchi bilan yashadim. Qayerda boʻlsam ham, qalbim Oʻzbekistonda edi. Ona yurtimni jon dilimdan yaxshi koʻraman. Taqdir ekan, ancha yillar xorijda yashadim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatanparvarligi, millatparvarligi, ilmparvarligi, mehri meni yana qayta Oʻzbekistonga olib keldi. Onadan yangi tugʻilganday boʻldim. Alloh qancha umr bersa, Vatanimga xizmat qilaman. Vatanim oldidagi farzandlik burchimni oʻtayman. Shavkat Mirziyoyevning yangi Oʻzbekistonida ilm-fanning ulkan kashfiyotlari yaratilishiga ishonaman...
Maqolamizni bejiz “Vatan va vijdon” deb nomlamadik. Nazarimda Vatan haqida yozayotganimizda, gapirayotganimizda oʻrtada, albatta, VIJDON turishi kerak.
Rustam XOLMURODOV, Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring