Vatan, seni sevib ne qiloldim, men?!
Foto: Arxiv surat
Sogʻinch
Taniqli shoir, mohir publitsist Saʼdulla Hakim 1951-yil 25-martda Jizzax viloyatida tugʻilgan. Ijodkorning “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona soʻz”, “Saylanma”, “Koʻngil yuzi”, “Koʻhna naql” kabi oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlari adabiyot ixlosmandlari qalbidan joy olgan. Uning “Esimda qolgan kunlar”, “Atom qaʼriga sayohat” kabi publitsistik asarlari ham sevib mutolaa qilib kelinmoqda.
Shoir Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi dunyo adabiyoti vakillarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Saʼdulla Hakim 2020-yil 11-oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.
«BIR HAYRAT ICHIDA…” TURKUMIDAN
Oshiq quyosh
Oʻzbekiston – Vatanim aziz,
Seni sevib ne qiloldim, men?!
Senga mehr bobida, asli,
Kim quyoshga kela olur teng?!
Sen deb quyosh arshidan tushib,
Mehr toʻla bagʻrini ochar.
Ehtirosdan yuragi joʻshib,
Boshing uzra marvarid sochar.
Senga yaqin kelgani sari
Uyaladi oʻzidan, chogʻi,
Taqir boshin berkitay deya
Kiyib olar baxmal qalpogʻin.
Bundayini koʻrmagan hali
Olam olam boʻlib sira ham.
Har kun kelar seni koʻrgali,
Har kun ketar umidga hamdam.
Onaga taʼzim
Siz chigʻanoq kabi oʻzingizdan soʻng
Qoldirib ketasiz duru javohir.
Jannat oyogʻingiz ostida, demak,
Bizning boshimizning ustida zohir.
Madhingiz quyoshu oygacha yetgan,
Ne-ne donishmandlar yonib aytganlar.
Sizdan kimki ketsa sahroga ketgan,
Chamanzorga qaytgan sizga qaytganlar.
Qaldirgʻoch qosh
Boshima tushmish bu savdo qoshidan,
Aylanurman hech ketolmay qoshidan.
Oʻsmani qoʻymish Yaratganning oʻzi,
Aylanay ham oʻzi, ham naqqoshidan.
Saʼdulla HAKIM.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring