Valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasiga oid qonunchilik takomillashmoqda
Senatning oʻn birinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bogʻliq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama etildi.
Soʻnggi yillarda valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasida yuzaga kelgan huquqiy boʻshliqlar ushbu Qonunning qabul qilinishiga sabab boʻldi. Xususan, 2019-yilda “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinganida “valyuta qimmatliklari“ tushunchasidan qimmatbaho metall va toshlar chiqarib tashlangan edi. Bu esa sud-tergov amaliyotida ularning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq ishlarda javobgarlik masalasini ochiq qoldirgan.
Bu kabi huquqiy boʻshliqlar “qora bozor”da noqonuniy muomala hajmining keskin oshishiga olib kelmoqda. Soʻnggi 5-yilda qimmatbaho metall va toshlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 100 dan ortiq holat aniqlanib, qariyb 50 mlrd soʻmlik oltin, kumush, olmos va zumradlar musodara qilingan. Qonunchilikdagi nomutanosibliklar qonuniy imtiyozlarga ega boʻlgan 2 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining ham faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, “qora bozor“da 550-600 mln dollarlik tilla buyumlar norasmiy aylanmoqda, mustaqil oltin izlovchilar tomonidan topshiriladigan oltin hajmi 2020-yildagi 40 kilogrammdan 2023-yilga kelib 100 baravarga kamaygan.
Mazkur Qonun muhim oʻzgartirishlarni oʻz ichiga oladi.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksining 177-moddasida hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 170-moddasida qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish uchun aniq javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Tushunchalarga aniqlik kiritildi, xususan, qonunchilikka “qimmatbaho metallar“ va “qimmatbaho toshlar“ kabi yangi tushunchalar kiritilib, mavjud atamalar yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida“gi Qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Majburiy sotuv uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, yaʼni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasida valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan boʻyin tovlaganlik uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida mazkur Qonunning qabul qilinishi valyuta, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi bilan bogʻliq qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga alohida urgʻu berdi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring