Аks taʼsir kuzatilsa, sinov toʻxtatiladimi yoki davom etadimi — vazir bilan koronavirusga qarshi vaksina haqida suhbat

Bugungi pandemiya sharoitida butun dunyo eʼtibori koronavirus kasalligi bilan kurashishga, ilm-fan, olimlar eʼtibori esa tezroq mazkur ofatga qarshi samarali vaksina yaratishga qaratilgan.
Shu kunlarda mahalliy OAVda Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksina sinovi oʻtkazilishi haqida xabarlar bot-bot koʻzga tashlanmoqda. Ushbu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklari xorijning yetakchi mamlakatlari bilan faol hamkorlik olib bormoqda. Xoʻsh, ushbu jarayon qachon boshlanadi? Dastlab qancha aholida vaksina sinab koʻriladi. Ushbu jarayonda qaysi mamlakatlar bilan hamkorlik qilinmoqda?
Ana shu dolzarb savollarga javob olish uchun Innovatsion rivojlanish vaziri, taniqli olim Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildik.
Suhbatimiz avvalida ushbu oʻta masʼuliyatli jarayonda Innovatsion rivojlanish vazirligi ham qatnashayotganiga izoh bersangiz...
Keyingi paytlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi turganda nima uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi vaksinalar bilan shugʻullanyapti, degan savollar ham koʻp berilyapti.
Buning asosiy omili sifatida shuni aytmoqchimanki, vaksinalar bu yuqori texnologiyalar. Ularda juda ham katta innovatsiya bor. Bu sohada biz yetakchimiz, deb aytishdan yiroqman. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bir necha vaksinani sinovlarini oʻtkazish va aholimizga olib kelish boʻyicha qator shartnomalarga erishilgan va bu ishlar davom ettirilmoqda.
Bizni vazirligimiz, yuqori texnologiyalarga asoslangan vaksinalar, dori preparatlari, davolash usullari boʻyicha kuzatuvlarni amalga oshiryapti. Joiz boʻlgan paytda shu texnologiyalarni transferini amalga oshirish bizni vazifamiz hisoblanadi. Innovatsiyada, yaʼni umuman yuqori texnologiyalar transferini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida biz mana shu pandemiya davrida jahon olimlari tomonidan yaratilgan texnologiyalarga befarq emasmiz. Va ular bilan muzokaralarni, hamkorliklarni yoʻlga qoʻyyapmiz. Shuning uchun Innovatsion rivojlanish vazirligini bu joydagi roli yangi, yuqori texnologiyalarni oʻrganish, ularni kuzatish, joiz boʻlganda hamkorliklar orqali bularni xalqimizga taqdim qilishni oʻz vaqtida amalga oshirish.
Shuning uchun biz Sogʻliqni saqlash vazirligini yonida koʻmakchi sifatida, hamkor sifatida, ular bilan birgalikda ishlarni olib boryapmiz. Bugungi texnologiyamiz yoki vaksina boʻyicha olib borilayotgan ishlar ham ular bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Bevosita avval ularga taqdim qilib, ularni muhokamalardan oʻtkazib, fikrlarini olgandan keyin birgalikda ishlar amalga oshirilyapti.
Maʼlumki, yangi turdagi vaksinani sinovdan oʻtkazish uchun koʻngillilar talab etiladi. Oʻzbekistonda koʻngillilarni jalb qilish borasida muammolar yoʻqmi?
Albatta, bu eng muhim qadam. Hozir koʻpgina yuqori texnologik vaksinalarni 10 dan ortigʻi uchinchi bosqich klinik sinovlaridan oʻtkazilyapti. Birinchi, ikkinchi bosqichlar kam miqdordagi koʻngillilarda oʻtkaziladi. Va asosan uning xavfsizligi, samaradorligi, antitanalar hosil qilish xususiyatlari oʻrganiladi. Uchinchi bosqichning eng katta maqsadi — aholi orasida qanchalik samaradorligi kengroq oʻrganiladi. Klinik sinovlar uchun eng kam talab qilingan koʻngillilar besh ming atrofida boʻlishi kerak. Va, bu hattoki millionlab, yuz minglab odamlar oʻrtasida ham oʻtkaziladi. Shuning uchun Oʻzbekistonda ham sinovlarni oʻtkazishga koʻngillilar talab etiladi. Bu borada hozircha muammo yoʻq. Sababi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda biz oilaviy poliklinikalarni jalb qilgan holda koʻngillilarni chaqiryapmiz. Bu borada ishlar olib borilyapti. Koʻngillilarda sharoit yaratib, ularni oldin oʻqitib, bu narsani maʼnosini tushuntirib, undan keyin amalga oshiramiz. Bu borada biron muammo yoki kamchilik boʻladi deb oʻylamayman.
Xitoyda yaratilgan vaksina Oʻzbekistonda sinovdan oʻtkazilishi kutilmoqda. Sinovlarda qancha koʻngilli qamrab olinadi?
Biz bevosita shugʻullanayotgan, Oʻzbekistonga transferini amalga oshirmoqchi boʻlgan rekombinad vaksina ikkinchi bosqich sinovlari Xitoyda mingdan ortiq koʻngillida muvaffaqiyatli tugadi.
Endi kamida 15 ming odamda uchinchi bosqich sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Va shundan 5 ming nafar koʻngillini Oʻzbekistondan tanlab olib, sinovlarni yurtimizda oʻtkazish boʻyicha hamkorlik oʻrnatyapmiz. Demak, Oʻzbekistonda 5 ming koʻngillida ana shu vaksina sinovini oʻtkazishni rejalashtiryapmiz.
Vaksina sinovlarida yosh chegarasi koʻzda tutilganmi? Agar bu eʼtiborga olingan boʻlsa, qaysi yoshdagilar dastlab vaksina qabul qiladi?
Albatta. Maxsus protokollarga asosan yosh chegarasi aniqlangan. Yaʼni 18 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan bitta guruh boʻladi. Va ikkinchi guruhga 60 yoshdan yuqori boʻlganlar qamrab olinadi. Birinchi bosqichda biz 18–60 yosh oraligʻidagi koʻngillilar bilan dastlabki bosqichni boshlaymiz. Hozir shunga tayyorgarlik koʻrilyapti.
Xorij OAVda koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan bir koʻngillining vafot etgani haqida xabar tarqaldi va vaksina sinovi toʻxtatilmadi. Oʻzbekistonda bunday holat boʻlmasligiga kafolat bormi?
Dastlab mana shu voqeaga aniqlik kiritsak. “AstraZeneca” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani uchinchi klinik sinovlari paytida bitta koʻngillining vafot etgani toʻgʻrisida xabar tarqaldi. Va, albatta, katta shov-shuvlarga sabab boʻldi. Lekin qayta tekshiruv oʻtkazilganda vafot etgan koʻngilli aslida vaksina olmagani maʼlum boʻldi.
Vaksinani sinovida bitta narsani hamma yaxshi tushunishi kerak: mana besh ming koʻngillida sinovlar oʻtkazamiz dedik. Aslida besh ming koʻngillini ikki yarim ming nafari haqiqiy vaksina olmaydi. Teng yarmi haqiqiy vaksina oladi. Bu platsebo usuli deyiladi.
“AstraZeneca” kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan sinovlarda vafot etgan koʻngilli koronavirus asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumgan. Yaʼni, u haqiqiy vaksina olmagan. Va shuning uchun bu sinovlar yana davom ettirilyapti. Dori-darmonlar oʻzi platsebo usulida tekshiriladi. Bu albatta psixologik holatni yengishga ham yordam beradi. Negaki, ayrimlar emlashdan keyin “Voy men vaksina oldim” deb kasallikka berilib qolishi mumkin.
Umuman vaksinalar ishlab chiqishda turli texnologiyalardan foydalaniladi. Va asosan, shu anʼanaviy tarzda vaksinalar oʻldirilgan viruslarni toʻgʻridan-toʻgʻri odamni organizmiga yuborish orqali antitanalar hosil qilinadi.
Bular hozir birinchi sinovlari yakunlanayotgan vaksinalar turi hisoblanadi. Bundan tashqari AQSH, Yevropada DNKga, RNKga asoslangan vaksinalar bor. Bular nuklein kislotalar asosida yaratilgan va bunday vaksinalarning ham sinovlari oʻtkazilyapti.
Va, uchinchi turdagi — rekombinad vaksinalar. Bu biz olib kelishni rejalashtirayotgan vaksina turiga kiradi. Va odinavirus tipidagi rekombinad hisoblanib, u ham virus tipidagi bir vaksina hisoblanadi.
Biz hozir 200 dan ortiq vaksinani kuzatib turibmiz. Mana shuni hozir 11 tasi hozir uchinchi klinik bosqichga yetib keldi. Va bularni ikkinchi klinik bosqichida oʻlim qayd etilgani toʻgʻrisida xabarlar yoʻq.
Biz sinovdan oʻtkazishni rejalashtirayotgan vaksina birinchi va ikkinchi klinik sinovlarda juda kam holatlarda salbiy taʼsirlar koʻrsatgan. Protokollar bilan yaxshilab tanishganimizda ushbu vaksinani yot taʼsirlari bir foizdan oshmagan. Shu bois ham uni “oʻzimga ham ravo koʻraman” deganman.
Masalan ayrim vaksinalar uchinchi bosqich sinovlarida 15 foizgacha qanaqadir nojoʻya taʼsirlar kuzatilayotgan boʻlsa ham sinovlar davom ettirilyapti.
Deylik, sinovda ishtirok etayotgan koʻngillining salomatligi ogʻirlashdi. Uning salomatligiga gʻamxoʻrlik qilish uchun qanday chora-tadbirlar koʻzda tutilgan?
Hamkorlarimiz bilan qariyb bir yarim oydan buyon muzokaralar oʻtkazyapmiz. Vaksinatsiya jarayoni va uchinchi bosqich klinik sinovlarini oʻtkazish boʻyicha protokolni yaxshilab oʻrganib chiqdik hamda muhokama qildik.
Dastlab, tushuntirish ishlarini olib boriladi. Yaʼni shu 5 ming nafar koʻngilli oilaviy poliklinikalar vrachlar tomonidan tanlangandan keyin tushuntirish ishlarini olib boramiz. Vaksinatsiya nima? Uni olgandan keyin ertaga kasal boʻlmaslik kafolatlanganmi? Ana shu jihatlarga eʼtibor qaratiladi. Masalan, nima uchun mana Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinani olgan deputatda ham kasallik alomatlari paydo boʻldi. Va, tabiiyki, u ishlamas ekan degan fikrlar ham paydo boʻldi. Chunki u ham shu platsebo, yaʼni haqiqiy vaksina qabul qilmagan. Mana shunday holatlar barchasi oldindan tushuntiriladi.
Ikkinchidan, besh ming nafar koʻngillining hammasi tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganda, qoʻshimcha kasalliklari bormi, qoʻshimcha kasalliklarining holati qaysi darajada xavflilik darajasi qanday? Bular tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganidan keyin sugʻurta qilinadi.
Vaksinatsiya qilinganlar 35 daqiqa shifokor koʻrigida boʻladi. Oʻsha joyda nojoʻya taʼsirlar paydo boʻlsa, darhol bartaraf etish choralari koʻriladi. Va sutka davomida kuzatuv-nazorat amalga oshiriladi. Yil davomida tekshiruvlarda mabodo nojoʻya taʼsirlar boʻladigan boʻlsa, buni ham davolash choralari koʻriladi.
Bularning xarajatlarining hammasi tibbiy sugʻurtada aks etadi va kompaniya tarafidan qoplab berilishiga kelishyapmiz.
Vaksinaning aks taʼsir kuzatilsa, sinov toʻxtatiladimi yoki davom etadimi?
Aks taʼsiri, yaʼni nojoʻya taʼsirlari — rus tilida «pobochniye effekt» deyiladi. Bular boʻlishi mumkin. Chunki har qanday vaksina olinganda tana harorati koʻtarilishi mumkin. Yaʼni, albatta, antitana ishlab chiqarish jarayonida fiziologik holatlar, organizmda kuzatiladi. Bular juda ham xavfli yoki xavf zonasiga kirmaydigan nojoʻya taʼsirlar. Jarayon kuzatuv ostida boʻladi. Har bir koʻngilliga bunday holatlarda xavotirga tushmaslik tushuntiriladi. Lekin juda ham nojoʻya xavfli taʼsirlar paydo boʻlganda, yaʼni aytaylik 15 foiz odamlarda shu holat kuzatilsa, zudlik bilan zarur chora-tadbirlar koʻriladi hamda oʻrganish boshlanadi. Lekin bu agar 30 foizga yetadigan boʻlsa, vaksina sinovlari toʻxtatiladi.
Bundan tashqari, mabodo biron koʻngillida juda ham xavfli, hech kimga aniq boʻlmagan hattoki bir holat kuzatilsa ham vaksina sinovi toʻxtatilib, sabablari oʻrganiladi. Agar bu emlash jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan boʻlsa, sinov yana davom ettiriladi.
Sinov maxsus tashkil etilgan tibbiyot muassasasida oʻtkaziladimi? Umuman, ushbu tadbirlar haqida maʼlumot bersangiz.
Albatta, birinchidan mana shu yuqori texnologiyalarga asoslangan vaksina boʻlganligi uchun biz ikkita ilmiy markazni bunga asosiy javobgar sifatida belgilab oldik. Birinchisi, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi. Sababi, biz bu yerda olimlarimiz bilan ilk marta marta ularni genlarini oʻrganyapmiz.
Ikkinchidan test sistemalari ishlab chiqarildi va hozir vaksinani ishlab chiqarishni dastlabki bosqichlari amalga oshirilyapti. Ana shu yuqori texnologiyalarni muvofiqlashtirib, qanday samaralari bor va ularni doimiy nazorat nazoratda ushlab turishadi.
Va ikkinchisi, Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti. Virusli kasalliklari bilan shugʻullanuvchi katta tajriba ega boʻlgan bu institut asosiy markaz hisoblanadi.
Virusologiya ilmiy tekshirish institutida turli virusli kasalliklarga qarshi vaksinalar sinovdan oʻtkazilgan. Bu yerda borada katta tajriba toʻplangan.
Nega aynan Xitoy vaksinasi tanlandi? Ochigʻi u haqida maʼlumot koʻp maʼlumotga ega emasmiz. Va aksincha, Rossiyada yaratilgan vaksina (“Sputnik-V”) haqida koʻproq maʼlumot mavjud va unga nisbatan ishonch yuqoridek...
Bu ham toʻgʻri eʼtiroz. Hozir Sogʻliqni saqlash vazirligi tarafidan Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini sinovlarini oʻtkazish va keyin xalqimizga taqdim qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayapti. Bu vaksinaning ancha oldin klinik sinovlari yoʻlga qoʻyildi. Hozir yaxshi natijalarga erishildi va Rossiya Federatsiyasida koʻp sonli aholida uchinchi bosqich sinovlari oʻtkazilyapti. Bu boʻyicha ham davlatimiz rahbarining alohida topshiriqlari bor. Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki tomonlama shartnomalar orqali muzokaralar olib boryapti. Ushbu vaksinani ham Oʻzbekistonga olib kirish choralari koʻrilyapti.
Bundan tashqari, Xitoyning «Sinofarma» kompaniyasining vaksinasining sinovlarini oʻtkazish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. U hozir yetilib pishgan. Shu bois «Sinofarma» kompaniyasini mahsulotini ham Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari va Xitoydagi elchixonamiz tomonidan Oʻzbekistonga olib kirish ishlari chora tadbirlari koʻrilyapti.
Innovatsion rivojlanish vazirligi esa rekombinad oqsil molekulasiga asoslangan vaksinani olib kelish uchun qoʻl uryapmiz.
Umuman, shu joyda bir narsani aytmoqchimanki, xalqimizga har qanday vaksinani olib kelish uchun biz bir necha vaksinalarni sinovini oʻtkazishimiz kerak.
Bu Rossiya, “AstraZeneca” (Yevropa) kompaniyasi, AQSHning «Moderna» kompaniyasini yoki Xitoy vaksinasi ham boʻlishi kerak. Bir necha vaksinalarni sinovini parallel ravishda oʻtkazish davr taqozosi. Chunki vaksinani ham, koronavirusni ham tiplari bor. Va, shu jumladan, hududlarda tarqalish masalasi ham. Bir hududda yaratilgan vaksinalar ikkinchi hududga juda ham samarali taʼsir qilmasligi mumkin. Bu aholini genomidan, gyenotipidan, fiziologik holatidan, yashash turmush tarzidan kelib chiqib, ularni samarasi har xil boʻlishi mumkin.
Albatta, emlash jarayoni tekinga boʻlmaydi. Bu juda ham qimmat texnologiya boʻladi. Sotib olish toʻgʻri kelganda, albatta, samaralisini tanlab olishimiz kerak. Shuning uchun bir paytni oʻzida bir necha vaksinalar ustida ishlar olib borilyapti. Aholimiz buni toʻgʻri tushunishi kerak.
Biz tanlagan vaksinaning xavfsizlik darajasi eng yuqorilaridan biri deb hisoblayman. U “Covid”ni turli shtammlariga universal taʼsirga egaligi bizni eʼtiborimizni tortgan. Nafaqat bu “Covid” tipidagi viruslar MARS, SARS tipidagi viruslarga ham universal taʼsir qiladigan getta vaksina sifatida namoyon boʻldi.
Oʻzim genetik olim sifatida, genlar injenerligi bilan shugʻullanganligim va bu sohani yaxshi tushunganligim va xavfsizligiga ishonchim juda ham yuqori boʻlganligi uchun oʻrganishga qaror qildim.
Qolaversa, boshqa vaksinalarga nisbatan arzonligi ham bizni eʼtiborimizni tortdi.
Sinovda ishtirok etgan koʻngillilardan biri vafot etsa, uning oilasiga kompensatsiya toʻlanadimi?
Juda oʻrinli savol. Men suhbatimiz boshida taʼkidlaganimdek, tibbiy sugʻurta boʻladi. Hozir aniq bir sonlarni ayta olmayman. Lekin muzokaralar qilyapmiz va bunday xarajatlarni kompaniya oʻz zimmasiga oladi. Demak, kompensatsiya boʻyicha ham aniqlik kiritiladi.
Samimiy suhbat uchun minnatdorchilik bildiramiz!
Shahnoza TOʻRAMURODOVA (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring