Vaʼdalar qoʻsha-qoʻsha, vaziyat oʻsha-oʻsha...
Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Har bir ota-ona oʻz farzandini bilimli, maʼrifatli va yurt taqdiriga daxldor insonlar boʻlib kamolga yetishini orzu qiladi. Koʻrkam va zamonaviy maktablarda, eng soʻnggi rusumdagi kompyuter sinfxonalarida tahsil olib, yangi Oʻzbekiston uchun malakali kadrlar boʻlib ulgʻayishini istashadi. Bunday saʼy-harakatlarni Parkent tumanidagi “Samarobod” mahalla fuqarolar yigʻini ahli misolida ham kuzatish mumkin. Ular 1994-yilda aholiga tomorqa uchun yer ajratilayotganda 2 gektarini maktab qurilishi uchun qoldirishgan edi. Shundan buyon hech kim bu yerda imorat yoki boshqa bir xoʻjalik subyekti qurishga jazm eta olmaydi. Chunki odamlar mazkur yer maktabga ajratilganini yaxshi bilishadi. Qachonlardir muhtasham ilm maskani barpo etilishidan umidvor.
Ota-onalarning koʻzlari yoʻlda
Bu joy boʻsh turmasligi uchun qoʻshni qishloqdagi 10-maktabga tajriba uchastkasi sifatida foydalanishga ruxsat etilgan. Tajriba uchastkasi uzumzorga aylantirilgan. Har yili 5 tonnadan ziyod hosil olinmoqda.
Yerning boʻsh turmagani yaxshi, ammo samarobodlik oʻquvchilar 3-4 kilometr yoʻl bosib, qoʻshni qishloqdagi 43-maktabga qatnashayotgani tashvishli. Yoʻl juda serqatnov. Garchi yoʻl boshida svetofor oʻrnatilgan boʻlsa-da, oʻquvchilar bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari tez-tez sodir boʻlmoqda. Bundan ota-onalarning xavotiri yanada ortgan. Boz ustiga 43-maktab ilgari bogʻcha boʻlgan, yaʼni moslashtirilgan binoda joylashgan. Sport zali va oʻquv-laboratoriya xonalari mavjud emas. Dars ikki smenada tashkil etilgan — boshlangʻich sinf oʻquvchilari kunning ikkinchi yarmida maktabga borishadi. Qishning sovuq kunlarida 1-sinf oʻquvchilarining shuncha yoʻl bosib, maktabga qatnashini tasavvur qilib koʻring.
— Farzandlarimiz koʻz oʻngimizda, oʻzimizning maktabda oʻqisa qanday yaxshi, — deydi samarobodlik Baxtiyor Husanov. — Ammo afsuski, hududimizda maktabga joy boru, imorat yoʻq. Bolalarimizning serqatnov katta trassadan oʻtib, qoʻshni qishloqdagi maktabda tahsil olayotgani noqulaylik tugʻdiradi. Alohida aytishim joizki, aholi 2 gektar yerni maktab qurilishi uchun 30 yildan buyon koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelmoqda. Tuman rahbarlariga shu yerda maktab qurish uchun uzoq yillardan buyon murojaat qilamiz. 2016-yilda “Maktab qurilar emish”, degan gap-soʻzlar paydo boʻldi, lekin ish boshlanmadi. 2018 va 2020-yillarda ham qurilish investitsiya dasturiga kirmay qoldi. Nihoyat, 2022-yilda mutasaddilar “Qurilish boshlanadi”, deb vaʼdani katta berishgan edi. Keyin 2023-yilda poydevor tashlanishini aytishdi. Ammo mana, 2024-yil oxirlayapti hamki, vaʼda vaʼdaligicha qolib ketmoqda. Maqsadimiz — oʻzimizda ilm oʻchogʻi barpo etilsa... Endilikda davlatimiz rahbari tomonidan maktab qurgan tadbirkorlarga katta imtiyozlar berildi. Bu koʻnglimizga chiroq yoqqanday boʻldi. Ammo hamon amaliy harakat boshlangani yoʻq.
Ikki yilda 9 ta falokat...
Darhaqiqat, ota-onalar xavotiri bejiz emas. Katta trassada bolalar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sodir boʻlayotgani achinarlidir. Bu haqda “Samarobod” MFY raisi Mirsobit Jamolov fikrlari bilan qiziqdik.
— Ikki oy ichida oʻquvchilar bilan bogʻliq 4 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi, — deydi u. — Masalan, ayni paytda 12 yoshli oʻquvchining qoʻl-oyogʻi gipsda. Oxirgi avariyada esa 11 yoshli oʻquvchi jarohat olib, shifoxonada ogʻir ahvolda yotibdi. Ikki yil davomida 9 ta avariya boʻldi, shundan 4 bola ogʻir jarohat olib, nogiron boʻlib qoldi. Bu haqda biz tuman va viloyat rahbarlariga yozma ravishda maʼlum qildik.
Hisob-kitoblarga koʻra, qoʻshni Navroʻz qishlogʻidagi 43-maktabga 360 nafar oʻquvchi qatnab oʻqiyapti. Bundan tashqari, 10-maktabda — 150, 9-maktabda — 40, 4-maktabda — 29, 5-maktabda — 37 va 1-maktabda 10 nafar mahallamiz bolalari yoʻl tanobini tortib, tahsil olmoqda. Shuning uchun ham aholi mahallamizda maktab qurilishini tezlashtirishni soʻrashayotir. Agar ilmni, maʼrifatni qadrlaydigan saxovatli tadbirkor topilib, bu xayrli ishga qoʻl ursa, elning duosini olardi.
Endi qish-qirovli kunlarni bir koʻz oldingizga keltiring. Ayniqsa, boshlangʻich sinf oʻquvchilarining shuncha yoʻl bosib, maktabga borishi... Buning ustiga Soʻqoq qishlogʻidagi dam olish zonalariga boruvchilarning koʻpligi tufayli yoʻl juda serqatnov. Yosh bolalar esa yoʻlning turli qismini kesib oʻtishiga toʻgʻri kelyapti.
— Ikki nafar farzandim — Shohsanam va Shamsiddin serqatnov yoʻldan oʻtib, qoʻshni mahalladagi 43-maktabda oʻqiydi, — deydi samarobodlik Feruza Dadamatova. — Bolalarimni oʻzim katta yoʻldan oʻtkazib qoʻyaman. Bir kun bora olmagan edim, kichik oʻgʻlim Shamsiddin falokatga uchradi. Shundan buyon koʻzi xira koʻradigan boʻlib qoldi. Boquvchisini yoʻqotgan oila boʻlganimiz uchun oʻgʻlimni davolatish ogʻirlik qilmoqda. Agar qishlogʻimizda maktab qurilsa, koʻnglimiz xotirjam boʻlardi.
Sportga qiziquvchilar koʻp, biroq sharoit yoʻq
Mashhur “Suyunchi” filmi qahramoni Shermat oilaviy futbol jamoasi tuzmoqchi boʻlib, ne-ne malomatlarga qolganini tomoshabinlar yaxshi eslashadi. Har gal oʻyin paytida xonadonlardan birining derazasining oynasini sindirgani esa mahallada durust stadion yoʻqligidan dalolat beradi. Qarangki, Samarobod mahallasida ham xuddi shunday holat. Bolalar asfalt yoʻl oʻrtasida ikkita toshni darvoza qilib qoʻyib, futbol oʻynashadi. Qishloq yoshlarida sportga qiziqish kuchli. Ayniqsa, ular mamlakatimiz bokschilarining Parij Olimpiadasidagi ulkan gʻalabalariga havas bilan qarashadi. Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov kabi Olimpiada chempioni boʻlishni orzu qilishadi. Orzuga ayb yoʻq, ammo qishloqda boks bilan shugʻullanish uchun imkoniyat ham yoʻq-da. Ammo na bino, na sharoit boʻlmasa-da, sportda muvaffaqiyat qozongan 28 nafar yosh bor.
— Agar hududimizda maktab qurilganida, sportzal ham, futbol maydoni ham boʻlardi, — deya fikrini davom ettiradi samarobodlik kurash boʻyicha xalqaro musobaqalar sovrindori Ixtiyor Azimboyev. — Bu yerda sportni jon dilidan sevadigan yoshlarning koʻpligidan quvonsam, ularning duch kelgan joyda futbol oʻynayotganiga achinib ketaman. Ota-onalarning taklifi asosida ukalarim bilan qishloqda sportzal qurishga kirishganimning sababi ham shunda. Hozirga qadar 80 foiz ishni uddaladik. Nasib etsa, bolalar uchun eni 21, boʻyi 34 metr boʻlgan sportzalni foydalanishga topshiramiz. Davlatimiz rahbarining maktab qurgan tadbirkorlarga berayotgan imtiyozlarini eshitgan mahallamiz ahli yana umid koʻzini tikib turibdi. Boisi 2018-yilda Samarobodda tadbirkor maktab qurmoqchi boʻlib, harakat boshlagan edi. Ammo unga ruxsat berilmadi. Shundan soʻng samarobodliklarning orzulari yana roʻyobga chiqmay qolib ketdi. Mana bugun, tadbirkorlarga maktab qurish uchun keng yoʻl ochildi. Bu imtiyoz millat bolalarini ilmli, maʼrifatli boʻlishiga xizmat qiladi. Ilm yoʻlida sarflangan sarmoya esa eng savobli ishdir.
Davlatimiz rahbarining shu yil 30-sentyabrda Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha vakillari bilan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazgan muloqotida ham bu xususda fikrlar bildirildi. Aholi oʻsish darajasi yuqoriligi tufayli yiliga maktablarda 120 mingta, bogʻchalarda 30 mingta qoʻshimcha oʻringa talab yuzaga kelayotgani aytildi. Shuningdek, kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trln. 200 mlrd. soʻm hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinishi hamda yangilari barpo etilishi maʼlum qilindi. Demak, ota-onalar murojaati boʻyicha Samarobod qishlogʻida ham 2025-yilda maktab qurish uchun imkoniyat bor.
— Biz Samarobod qishlogʻida maktab qurishni 2025-yil investitsiya dasturiga kiritish taklifini berganmiz, — deydi Parkent tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Nabijon Yunusov. — Oʻzi tumanimizning Samar-obod, Yashnobod, Istiqbol va Qizilsoy hududlarida yangi maktab qurishga ehtiyoj mavjud. Hozir Qizilsoyda 2 koeffitsiyentga yaqinlashib qolgan maktabimiz bor. Birinchi navbatda oʻsha hududga qurilishi kerak. Agar investitsiya dasturiga hammasi kirsa, toʻrtala maktabni ham bir yilda qurib beramiz. Asosiysi, Samarobod mahallasida maktabga ajratilgan yer bor. Boshqa joylarda esa yangi taʼlim muassasasi qurish uchun joy masalasi muammo boʻlib turibdi.
Ota-onalar Samarobodga qoʻshni mahalladagi 43-maktab ilgari bogʻcha boʻlgani, sportzal va oʻquv-laboratoriya jihozlari mavjud emasligi haqida aytishyapti. Bu maktab ham investitsiya dasturiga kiritilib, bir qator ishlar bajarilgan. Toʻgʻri, sport zali yoʻq, lekin tumanda bitta u maktabda emas, 9 ta maktabda shu ahvol. Bu boʻyicha ham hozir ish olib borilyapti. Albatta, ota-onalar koʻtargan masalalarni imkon qadar tezroq hal etishga harakat qilamiz.
N. Yunusov aytganidek, bu yil Samar-obod qishlogʻida maktab qurilsa, odamlarning 30 yillik orzusi roʻyobga chiqadi. Ammo koʻngilga hadik oralaydi: bu shuncha yil kutib, toqati toq boʻlgan aholi uchun berilgan navbatdagi vaʼda emasmikan? Ayting-ayting, bu gal ham odamlar barmoq tishlab, “vaʼdalar qoʻsha-qoʻsha, vaziyat oʻsha-oʻsha” deb qolishmasin! Zotan, jadid bobolarning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”, degan otashin daʼvatini hech qachon yoddan chiqarmasligimiz kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
- Bosh prokuratura muzeyiga noyob eksponatlar kiritildi
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring