Uzunda koʻzi ojizlar uchun zamonaviy kutubxona barpo etilmoqda

12:02 08 Yanvar 2026 Jamiyat
180 0

Mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi, ayniqsa imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri bugun Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida amalga oshirilmoqda.

Tashabbusli byudjet mablagʻlari hisobidan jami 950 million soʻm ajratilib, Surxondaryo viloyati koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasining Uzun tuman filiali uchun yangi, zamonaviy bino qurilmoqda. Yangi inshoot koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi fuqarolarning ehtiyojlari toʻliq inobatga olingan holda loyihalashtirilgani bilan ahamiyatli.

Qurilayotgan binoda qulay infratuzilma, keng va yorugʻ oʻquv zallari, maxsus moslamalar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari joylashtirilishi rejalashtirilgan. Bu esa imkoniyati cheklangan kitobxonlar uchun bilim olish, maʼnaviy rivojlanish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Mazkur loyiha qurilish ishlarini “Murod kafolat” xususiy korxonasi amalga oshirmoqda.

— Bu kutubxona oddiy bino emas, balki inson qadri ulugʻlanayotgan jamiyatimizning yana bir amaliy ifodasidir, — deydi korxona rahbari U. Murodov. — Qurilish jarayonida koʻzi ojiz fuqarolar uchun barcha zarur qulayliklarni yaratishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Loyihani sifatli va belgilangan muddatda topshirishni oʻz oldimizga maqsad qilganmiz.

Ahamiyatlisi, ushbu loyiha aholining bevosita tashabbusi va faol ishtiroki asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlash, ehtiyojmand qatlamga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shubhasiz, Uzun tumanida barpo etilayotgan ushbu zamonaviy kutubxona kelgusida koʻplab yurtdoshlarimiz uchun maʼrifat va maʼnaviyat maskaniga aylanadi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?