Uzumchilikda yaxshi tajriba orttirgan buloqboshiliklar

16:37 13 Dekabr 2024 Jamiyat
344 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Buloqboshi Andijon viloyatidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan tumanlardan biri. Aholisi mirishkor. Yer bilan tillashishni biladi. Bir qarich yerni ham boʻsh qoldirmaydi. Tumandagi 13 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashgan boʻlib, har bir hovlidagi tomorqada oʻndan ortiq navdagi hosil yetishtiriladi. Bitta oila tomorqaning oʻzidan bir yilda 50 mln soʻmgacha daromad oladi. Shu bilan kifoyalanib qolmay, koʻchaning ikki chetiga ham tok ekadi. Koʻchadagi tokzorning oʻzi 22 kmni tashkil etadi. Joriy yilda mahallalardan 6 ming tonna hosil yigʻib olindi. Har bir xonadon oʻrtacha 15 mln. soʻmdan 30 mln. soʻmgacha qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻldi.

Buloqboshiliklar har bir qarich yerdan unumli foydalanib, uydan chiqmagan holda daromad topadi. Tumanimizda sarimsoqpiyoz, uzum va lola yetishtirish keng yoʻlga qoʻyilgan, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari Furqatbek Boʻtaxonov. — Ayni paytda tumanda 27 ming 900 ta xonadon boʻlib, 1 ming 23 gektar aholi tomorqasi mavjud. Undan unumli foydalanish uchun fuqarolarga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Issiqxona, soʻritok barpo etish, texnik vositalar sotib olish uchun subsidiya ajratish yoki homiylik yordami koʻrsatib kelinmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan videoselektorda tomorqa, koʻchalar, dala chetlari va kanal, kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekish orqali aholi daromadini oshirish, ichki va tashqi bozorni sifatli, xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi. Bu borada Andijon viloyatida, ayniqsa, Buloqboshida toʻplangan tajriba mahorat maktabi vazifasini oʻtashi shubhasiz.

— Tumanimizda hamma uzumchilik bilan shugʻullanadi, — deydi tadbirkor Roziyaxon Mahmudova. — Oʻzim yashab turgan xonadonda tikuv sexi ochgandim. Korxonada 5 nafar qoʻshnini ishga olib, bolalar kiyim-kechaklarini ishlab chiqaramiz. Ishdan boʻsh vaqtda tomorqadagi tokni parvarish qilamiz. Bu yil 1,5 tonna hosil oldik. Shuncha ishdan ortib, hosil uchun yogʻoch qutilar ham yasayapmiz. Kaftdekkina hovlimiz katta daromad manbaiga aylandi.

Mahmud Botirov ham moʻjazgina tomorqasida har yili oʻrtacha 5 tonna uzum yetishtiradi. Bu yilgi hosildan 50 mln. soʻm foyda koʻrdi. Eng muhimi, uyiga xaridorlarning oʻzi keldi.

— Tokning ostida sarimsoqpiyoz bilan lola yetishtiramiz, — deydi Mahmud aka. — Tokning bargi katta boʻlib, ostiga salqin tushguncha ularni sotib boʻlamiz. Kuzda tokni yerga koʻmgach, plyonka ostiga urugʻ sepib, shivit, jambil, ismaloq parvarish qilamiz. Mehnatimiz orqasidan oilamiz toʻkin. Farzandlarimizni eng nufuzli oliy oʻquv yurtlarida oʻqitayapmiz. Toʻy qilyapmiz.

Buloqboshi tumanidagi uzumchilik tajribasidan foydalanib, Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Marhamat, Baliqchi, Asakada ham nafaqat, koʻchalar, balki dala chetlariga ham soʻritoklar oʻrnatildi. Tomorqa maydoni jihatidan boshqa hududlardan imkoniyati biroz cheklangan Andijon shahrida ham 56 ta xonadonning har biriga 4 tupdan uzum koʻchati tarqatildi. Shu kungacha koʻchalarning ikki chetiga 1 million tup koʻchat oʻtqazildi. Uch yildan soʻng ular oʻrtacha 5 mln. kilo hosil beradi. Viloyat miqyosida jami 2 mln. 973 ming dona tok koʻchatlari ekilgani hisobga olinsa, Andijon viloyati qisqa muddatda uzumchilikka ixtisoslashgan markazlardan biriga aylanadi.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi koʻchat ekish harakati doirasida xonadonimizga shahar hokimligi tomonidan 4 tup koʻchat berildi, — deydi A.Fitrat koʻchasida yashovchi Abdurahmon Isoqov. — Shaharda tomorqa yoʻq, ammo koʻchamizning ikki chetiga tok ekdik. Koʻchatlar uch yildan soʻng toʻliq hosilga kirsa, oʻrtacha 4 mln soʻmdan 10 mln soʻmgacha daromad olish imkoniyati boʻladi.

Qalovini topsang qor yogʻadi, deganlaridek Andijonda bir qarich boʻsh yerni koʻrmaysiz. Buloqboshiliklar kaftdekkina yerdan yuqori daromad qilish hadisini olgan. Aholi shu bilan kifoyalanib qolmay, hatto binolarning tomlaridan ham qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida foydalanmoqda. Albatta, keyingi maqolalarda bu haqida alohida toʻxtalib oʻtamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер