Ustoz – insonlarga yaxshilikdan taʼlim beruvchi zot

17:16 06 Avgust 2022 Madaniyat
2603 0

Foto: «Халқ сўзи»

“Ustozga boʻlgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topishi zarur”. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida shunday deb taʼkidladi.

Shu asosda Asosiy qonunimiz 41-moddasining amaldagi tahririda: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan matn bugungi kunda davlat maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, ustoz-murabbiylar hurmatini joyiga qoʻyish uchun zarur sharoitlar yaratishiga oid normalar bilan toʻldirilmoqda. Davlatimiz rahbari va keng jamoatchilikning umumxalq muhokamalarida kelib tushgan takliflariga koʻra, Konstitutsiyaga taʼlim sohasiga taalluqli 411-modda ham qoʻshilmoqda.

Aytmoqchimanki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etayotgan jamiyatimizda taʼlimga, navqiron avlodimizga taʼlim-tarbiya beradigan pedagog-ustozlarga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatish masalasi, bir tomondan, Yurtboshimizning yuksak eʼtiborida turgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, yangilanayotgan Asosiy qonunimizda alohida mustahkamlab qoʻyilmoqda. Bu bejiz emas.

Ustozlar hurmati – bizga ajdodlardan meros. Muhammad Paygʻambarimiz (s.a.v.) ham oʻz hadisi shariflarida ustozning maqomini taʼriflab, shunday marhamat qilganlar: «Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru-yerlar ahli, hatto inidagi chumoli va hatto dengizdagi baliq ham insonlarga yaxshilikni taʼlim beruvchi insonga salovot aytadilar».

Mavlono Jaloliddin Rumiy taʼriflaganidek:

Kimnikim ustodi yoʻq, ham ishin bunyodi yoʻq,

Maʼni yoʻlida gʻaribdir, kimnikim ustodi yoʻq.

Bundan qariyb 600-yil yashab oʻtgan ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining ustozlar taʼrifida shunday baytlari bor:

Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,

Aylamak boʻlmas ado, oning haqin yuz ganj ila.

Mavlono Rumiy va hazrat Navoiy ustozlikni yuqori darajaga koʻtarib, ulugʻlagan boʻlsalar, buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz vafotidan keyin oʻz jasadini ustozi Said Baraka hazratlarining poyiga qoʻyishlarini vasiyat qilgan.

Zamondosh shoirimiz – Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov esa ayni mavzuda mana bu misralarni bitgan:

Sizdan boshlanadi asli tafakkur,

Munis muallimlar, sizga tashakkur!

Haqiqatan ham, bu hayotda ustozlik – yuqori maqomga ega oliy rutba. Unga erishish uchun erinmay mehnat qilish va ter toʻkib ishlashga toʻgʻri keladi. Bemisl mehnat, tinimsiz izlanish, bilim javohirlarini yigʻib, uni shogirdlariga ulashish ustozlik obroʻsini ulugʻ qiladi.

Shunday yuksak maqom sohibi boʻlmish muhtaram ustozimiz – taniqli yurist-olim Halimboy Boboyev 80 yoshni qarshilamoqda. Ustozning sermazmun hayot yoʻliga nazar solar ekanmiz, huquqshunos va tarixchi, murabbiy va pedagog sifatida nihoyatda serqirra yoʻnalishlarda hozirgi kunga qadar samarali faoliyat olib borayotganlariga amin boʻlamiz.

Avvalo, Ustozning ilmiy izlanishlari huquqshunoslik nazariyasi va tarixi, fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi, huquqiy davlat qurishning dolzarb nazariy-huquqiy muammolariga bagʻishlanganiga eʼtiborni qaratmoqchiman. Yanada muhimi, Halimboy aka ilm-fanning kam oʻrganilgan masalalari, xususan, siyosiy va huquqiy taʼlimotlar tarixi, davlat va huquq nazariyasi, oʻzbek davlatchiligi tarixini tadqiq etishga doir ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlarni amalga oshirgani tahsinga sazovor.

Yuridik fanlar doktori, professor Halimboy Boboyev Oʻzbekistonda huquqshunoslikni, xususan, siyosiy-huquqiy taʼlimotlarning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan. Domla 8 ta darslik, 15 ta oʻquv qoʻllanmasi, 6 ta monografiya, 10 ta risola va 100 ga yaqin ilmiy maqola muallifidir.

Men bu oʻrinda Ustozning “Siyosiy huquqiy taʼlimotlar tarixi”, “Davlat va huquq tarixi”, “Davlat va huquq nazariyasi” darsliklarini tilga olish bilan cheklanaman. Kaminaga ham huquqshunoslik fani magʻzini chaqishida ayni shu darsliklarni oʻqib-oʻrganganim juda qoʻl kelgan.

Halimboy akaning ilmiy-tadqiqot ishlarida sobiq mustamlaka tuzumi davridayoq Amir Temur tuzuklari va Alisher Navoiy asarlaridagi davlat boshqaruvining tarixiy ahamiyati chuqur oʻrganilgani diqqatni tortadi. Domla 1975-yilda yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Alisher Navoiyning siyosiy-huquqiy qarashlari” mavzusidagi dissertatsiyani oʻzbek tilida yoqlagan. 1993-yilda esa “Oʻzbekistonda XIV-XV asrlarda siyosiy va huquqiy taʼlimotlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Domla bu mavzularda koʻplab kitoblar, ilmiy maqolalar chop ettirganlar. Ayniqsa, Halimboy akaning “Oʻzbek davlatchiligi tarixi” nomli uch jildlik salmoqli monografiyasi, “Avesto – Sharq xalqlarining bebaho yodgorligi”, «Qissai Temur», “Amir Temur va temuriylar saltanati”, “Kuch-qudrat – adolatdadir”, «Tuzuki Temuriy» kabi asarlari, bir tomondan, milliy davlatchiligimiz tarixini, ikkinchi tomondan, davlat va huquq tarixini tadqiq etishda ulkan ahamiyatga egadir.

Shu bilan birga, Ustoz “Oʻzbekistonda siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy taʼlimotlar taraqqiyoti”, “Milliy istiqlol mafkurasi va taraqqiyot” singari bir qator asarlar muallifi hamdir. Ushbu kitoblar qanchadan-qancha tolibi ilmlar Oʻzbekiston davlatining mustaqilligi, istiqlol gʻoyasi, siyosiy va huquqiy, maʼnaviy va maʼrifiy taraqqiyoti haqida bilimlarini oshirishlarida zamonaviy siyosiy-huquqiy qoʻllanma vazifasini oʻtab kelmoqda.

Eng muhimi, Halimboy aka Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida samarali xizmat qilayotgan koʻplab yuristlarning ustozidir. Domla dastlab Toshkent davlat universiteti (hozir – Oʻzbekiston Milliy universiteti) Huquqshunoslik fakultetida, keyinchalik Toshkent davlat yuridik instituti (hozir – Toshkent davlat yuridik universiteti), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida (hozir – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi) kafedra mudiri, dekan va prorektor lavozimlarida ishladi.

Uzoq yillar davomida ushbu oliy oʻquv yurtlarida ilmiy, oʻquv va oʻquv-uslubiy hamda maʼnaviy ishlarga rahbarlikni amalga oshirar ekan, Domla oʻzlarining otashin qalb qoʻri, yuragi toʻla mehri va ongu shuurini egallagan noyob ilmu tafakkuri tufayli yoshlarning sevimli ustoziga aylandilar. Halimboy aka Boboyevning ilmiy rahbarligida hozirgi kungacha 40 dan ortiq magistrlik, 20 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Halimboy aka qizgʻin ilmiy-amaliy faoliyat olib borish asnosida yoshlarga ustozlik qilib, hozirda ham yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Ustoz tayyorlagan yuridik kadrlar huquqshunoslik yoʻnalishining turli sohalarida samarali faoliyat yuritayotgani u kishining bu boradagi xizmatlari davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyoti uchun manfaaat keltirayotganining amaliy tasdigʻidir.

Mamlakatimiz keng jamoatchiligi Halimboy akani taniqli huquqshunos olim va fidoyi murabbiy sifatida yaxshi biladi hamda yuksak qadrlaydi. Ustoz 1999-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganlari, hech shubhasiz, bu boradagi fidokorona xizmatlari eʼtirofining munosib ifodasidir.

Bugungi kunda professor Halimboy Boboyev Toshkent davlat yuridik universiteti “Davlat va huquq nazariyasi” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. Domla Universitetning Faxriylar kengashi raisi ham hisoblanadi.

Halimboy akani nafaqat xalqimizning eʼzozli faxriysi, Vatanimizning fidoyi huquqshunos olimi, yoshlarimizning mehribon ustozi sifatida, ayni chogʻda, ahil oilaning sardori ekaniga ham har kimning havasi ortadi. Ustoz ikki farzand otasi, koʻplab nevara va evaralarning suyukli bobosidir.

Shunday qilib, Halimboy aka Boboyev yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini taʼminlash, yurtdoshlarimizning huquqlarini tiklash yoʻlida kuch-gʻayratini ayamasdan ilm-fan, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat va maʼrifat targʻiboti bilan izchil shugʻullanib kelmoqdalar.

Fursatdan foydalanib, Ustozni qutlugʻ yosh bilan muborakbod etamiz.

Hormang, Halimboy aka, umringizga, ilmu ijodingizga Yaratganning oʻzi yanada koʻp barakotlar ato etsin!

Sizning ilmparvarligingiz, mehnatsevarligingiz va fidoyiligingizni el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.

Akmal SAIDOV, akademik

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер