Urgutda maktab direktori 1 kg giyohvand modda bilan ushlandi

Illyustrativ foto
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi maktablardan birining direktori va uning sherigi katta miqdordagi giyohvandlik moddasi savdosi ustida ushlandi. «Xalq soʻzi»da ularga nisbatan chiqarilgan sud hukmi nusxasi mavjud.
Hujjatda keltirilishicha, Urgut tumanidagi 71-umumtaʼlim maktabi direktori lavozimida ishlagan F.X. 2024-yilning avgust oyi boshlarida mahalladoshi Sh.A. bilan koʻp miqdordagi “opiy” giyohvandlik moddasini Samarqand viloyati hududida sotish boʻyicha jinoiy til biriktirgan. Shundan soʻng, Sh.A. tergovda shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan shaxsdan 1 kg opiyni pulini sotganidan soʻng berish sharti bilan olgan.
Jinoiy sheriklar 2024-yil 27-noyabr kuni giyohvand moddani xaridor (huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbirga jalb qilingan shartli xaridor)ga 12 ming AQSh dollariga sotmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ulardan bir dona qora rangli sellofan paketga oʻralgan 921,36 gramm ogʻirlikdagi opiy giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Joriy yilning 28-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Urgut tuman sudida maktab direktori va uning sherigiga nisbatan ish koʻrib chiqilgan. F.X. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan hamda “opiy”ning tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimida ishlovchi tanishining iltimosiga asosan topib berganligini, bundan manfaatdor boʻlmaganini aytib, suddan yengillik soʻragan.
Sh.A. ham aybiga qisman iqror boʻlib, F.X. turmush oʻrtogʻini ishga qabul qilishini aytgani uchun uning iltimosiga rozi boʻlib, giyohvand modda topib berganini maʼlum qilgan.
Sud hukmi bilan F.X. va Sh.A. Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismida (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shunga asosan F.X.ga nisbatan 10-yil 2 oy, Sh.A.ga esa 11-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring