Umrini soʻz va adabiyotga bagʻishlagan adib

Foto: Arxiv surat
10-avgust — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam tavallud topgan kun
Adibning ijodiy faoliyati davomida roman, qissa va hikoyalardan iborat oʻndan ortiq kitoblari oʻz oʻquvchilarini topdi, yigirmaga yaqin ekran hamda sahna asarlari xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylandi.
Ijodkorning “Otoyining tugʻilgan yili”, “Olam yam-yashil”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Pakananing oshiq koʻngli”, “Kechikayotgan odam” kabi kitoblari oʻqigan kishi uning oʻziga xos uslubga egaligiga amin boʻladi. Bu kitobdan joy olgan hikoya va qissalar oʻquvchini kuldiradi ham, kuydiradi ham. Yozuvchining yumoristik bayon uslubi, kinoyali tili kitobxonning “qitigʻi”ni keltirsa, ana shu yumor ortiga yashirilgan umuminsoniy dard, tragik qiyofalar, taqdirlardagi fojialar qalbni oʻrtaydi, katta xulosalar chiqarishga undaydi.
Butun umrini ijodga, soʻzga, adabiyotga, shu asnoda millatimizning maʼnaviy yuksalishiga bagʻishlagan yozuvchiga yanada kuch-quvvat, sogʻliq-omonlik va uzoq umr tilaymiz. Yangi sermazmun asarlari bilan oʻquvchilari qalbini xushnud etaversin!
BOGʻBOLOLIK KOʻKALDOSH
(hikoya)
Men yozgan narsalarimni eng avval unga oʻqib beraman. Adabiyotni suv qilib ichgan, qilni qirq yoradigan bilimdon doʻstlarim koʻp, lekin mening toʻngʻich oʻquvchim doim — Najmiddin. Hikoyam unga maʼqul kelsa, menga kifoya, keyin bilimdon doʻstlarim nima deyishsa, deyishaversin — ishonmayman. Yozganimning biron joyi yoqib ketsa, u tizzasiga shapatilab: “Toʻgʻri, toʻppa-toʻgʻri!” deya qiyqirib yuboradi, hikoya maʼqul tushmasa, anchayin: “Yaxshi”, deb qoʻya qoladi; koʻnglim toʻlmaganini koʻrib, gapini takrorlaydi: “Yaxshi, dedim-ku!” Bilingki, hikoya yoqmagan, bilingki, hikoya yomon yozilgan. Aytadigan bor fikri shu uning. Bilimdon doʻstlarim esa… bilimdon, xolos.
Najmiddin — hamyurtim, bir rayondanmiz: u togʻ etagidagi dov-daraxtga koʻmilgan obodgina Bogʻbolo qishlogʻidan. Bizni musofirchilik yaqinlashtirgan. Meni qora tortib, uyimga tez-tez kelib turadi. Koʻpincha yakshanba kunlari keladi.
U shaharda yashashni yaxshi koʻradi, oʻzining taʼbiri bilan aytganda — “shaharsevar”. “Tashselmash”da master boʻlib ishlaydi, allaqayda sirtdan oʻqiydi. Harbiy xizmatni shu yerda oʻtab, qolib ketgan. Bir chamadon sovgʻa-salom koʻtarib, keksa onasini koʻrgani tez-tez qishloqqa ham borib turadi. Shaharda qolib ketgani shaharsevarligi uchungina emas, qishloqda kim bilandir, yaqin bir qarindoshi bilan gapi qochgan, chamasi, qandaydir nizoga ham borishgan — bu haqda tuzuk ogʻiz ochmaydi. Uylangan, goʻdakka oʻxshagan arazchi, lekin mehribon xotini bor; uni kam olib keladi: kir yuvmoqchi edi; opasining uyiga ketgan; qizchamizning tobi yoʻqroq edi…
Najmiddin kelganda men doim quvonib ketaman, har qanday ishimni yigʻishtirib, unga peshvoz chiqaman, oʻtirib bajonidil gurunglashaman.
— Yur endi,— deyman (u mendan ancha yosh kichik), choydan soʻng uni ish boʻlmamga boshlab. — Yangi narsa yozganman, oʻqishamiz.
— Koʻkal haqidami? — deydi u koʻzlari chaqnab.
Ensam qotgandek kulimsirab qoʻyaman: “Topgan gapi — Koʻkal”.
Nega men bilimdon doʻstlarim qolib, adabiyotdan yiroq bir odamga hikoya oʻqib beraman, undan fikr kutaman? Uning muruvvatiga tayanib, oʻzimcha koʻnglimni ovlab koʻyish uchunmi? Yoki yozgan narsamni shunchaki bir jaydari sinovdan oʻtkazib olish uchunmi? Axir, u tizzasiga shapatilab: “Toʻgʻri, toʻppa-toʻgʻri!” desa — hikoya chindan ham tuzuk, “yaxshi”, deb qoʻya qolsa — yomon, albatta, bir ishkali bor chiqadi. Buni oʻzim ham sezib turaman… Oʻrtaboʻyman — boʻychanroq boʻlishni, qiziqqonman — siporoq boʻlishni, yalqovman — sergʻayrat boʻlishni orzu qilaman. Orzu qilaman, ammo iloj qancha?!
Najmiddin har safar hikoyani eshitib boʻlgach:
— E, Koʻkalni yozingda-ye! — deydi, — Koʻkal qiziq, Koʻkal ajoyib… — U bolalikda birga oʻsgan oshnasining gʻaroyib qismatidan naql qila ketadi. — Bilaman, baribir yozmaysiz, — deydi hikoyasini yakunlarkan, oʻkinch bilan. Soʻng qizishib uqtiradi: — Yozmaysiz, chunki u paxtadan moʻl hosil yetishtirmagan, biron mansabning egasi ham emas, hech qanday qahramonlik koʻrsatmagan, sevgisi ham kitoblardagiga oʻxshamaydi. Lekin, baribir Koʻkal qiziq, Koʻkal ajoyib!
“Shunisi yaxshi-da”, deyman ichimda va umrimda koʻrmagan, bilmagan odamim — bogʻbololik Koʻkal haqida oʻylab ketaman. Mayli, u paxtadan moʻl hosil yetishtirmasin, mayli, mansabdor ham boʻlmasin, qahramonlik koʻrsatishi ham shart emas, oʻsha, mashina haftada bir boradigan xilvat qishlogʻida jimgina, oʻz kunini oʻzi koʻrib yuraversin — shuning oʻzi kifoya emasmi odamzodga?
Najmiddinga qarayman. Nigohida taʼna, oʻkinch: “Bilaman, baribir yozmaysiz”. Loaqal uning koʻngli uchun oʻsha ajabtovur oshnasi haqida biror nima yozib koʻrgim keladi. Ammo qoʻrqaman, uning dilidagi porloq bir xotirotni, ajib bir muhabbatni oʻldirib qoʻyishdan qoʻrqaman.
* * *
— Koʻka-al! — deb qichqiradi onasi. — Koʻkingni kiyay, Koʻka-al! Boʻying goʻrda chirigur Koʻka-al! Zotingga tortmay noming oʻchgur Koʻka-al!..
Onasi oʻriklilik togʻchilar urugʻidan edi. Bu mardum xiyla badfeʼl, jangari keladi, bilasiz, gʻalvani pulga sotib olay deydi. Turib-turib, zerikkanidan shoʻrlik Koʻkalni qargʻab qolardi. Shomu sahar hovlida gʻimirlab, roʻzgʻorning oʻtidan kirib, suvidan chiqadigan Koʻkal burilib bir ogʻiz: “Nima deyapsiz oʻzi?” deb soʻramasdi. Bu jihatdan u otasiga tortgan edi. Otasi… Otasi shu oʻzimizning chigʻatoylardan. Aytgandek, uning otasi yoʻq edi. Toʻgʻrirogʻi, bor edi-yu, yoʻq hisobida edi. Bilganlar bilardi, ammo bilmaganga olardi. Jigʻiga tegish uchunmi, Koʻkalni joʻrttaga tergashardi:
— Kimdi uli boʻlasiz, Koʻkalboy?
— Enamdi.
— Enangiz kim, Koʻkalboy?
— Mayram togʻchi.
— Otangiz-chi?
— Otam yoʻq.
— Nima, oʻlganmi?
— Yoʻq…
— Boʻlmasa, kim u?
— Bilmayman.
— Odam otasiz ham tugʻiladimi, bachchagʻar?! Hamma balo shundaki, Koʻkal otasining kimligini bilardi. Bilardi-yu, kimsaga aytolmasdi. Peshonasining shoʻri ham shu edi-da uning.
Koʻkal daroz, novchaligidanmi, doim enkayib, allanechuk qimtinib yurar, siz bilan gaplashganda ham koʻzini yerdan uzmas edi; avaylab, oyoq uchida odim bosardi — sharpamdan birov choʻchimasin degandek, qoʻrqibgina nafas olardi — bu havodan bahramand boʻlishga haqkim bormi degandek…
U soyadek sharpasiz, sharpadek soyasiz edi goʻyo, shuning bilan ham atrofdagilarga yoqardi. Negadir sira kulishni bilmaydigan odamovi, oʻgay, temirchi otasi ham, Koʻkalga hech oʻxshamaydigan shoʻx-shitroqi ukalari ham uni yomon koʻrishmasdi. Birgina onasi goʻrdan olib, goʻrga solishni qoʻymasdi:
— Suvsab oʻlgur Koʻkal, suv opke!..
— Oʻt-olovsiz oʻtgur Koʻkal, oʻtin yor!..
— Ogʻilni murdashoʻying kuraydimi, juvonmarg?!.
— Eshakka qara, boʻyning uzilgur, nima deb hangrayapti?!.
Koʻkal jimgina borib Doniyorovning hovuzidan suv keltirar, jimgina oʻtin yorar, jimgina ogʻil kurar, jimgina eshagini sugʻorar edi. Hamma ishni jimgina, boʻyin burmay bajarardi. Onasi esa guzarga jar solib javrardi: “Koʻka-al, Koʻka-al!..”
Koʻkal butun Bogʻbologa dastyor edi. Onalarimiz uni bizga ibrat qilib koʻrsatishardi: “Ana, Koʻkalni qara…” Koʻkalga qarardik; u kattalarga qoʻshilib toqqa koʻmirga borardi, yoz boʻyi dashtdan qiy-tezak tashirdi, kuzda qop-qoplab somon toʻplardi. Biz buni koʻrardigu, lekin qishloqning tepasidagi adirlikda ertadan kechgacha toʻp tepar, chillak urar, hayqirib-qiyqirib quvlashmachoq oʻynar edik. Namozshom payti bir zumginaga Koʻkalni koʻrib qolardik. Oʻ doʻng boshida choʻnqayib, tizzalarini kuchgan koʻyi bizning oʻyinimizga va kattakon chorboqqa oʻxshash Bogʻboloning adl teraklari uchini yalligʻlantirgancha togʻ ortiga yashirinayotgan oftobga termilib oʻtirar edi. U ichida oh tortardi, ammo uning ohini na biz, na Bogʻbolo teraklari, na-da togʻ ortiga yashirinayotgan quyosh eshitardi: biz — bola, hech baloni tushunmaydigan goʻdak edik, teraklar — tilsiz, jonsiz, quyosh — barcha jonzotga barobar quyosh yashirinib ulgurgan…
— Koʻka-al, Koʻka-al!..
Doʻng boshidagi Koʻkal togʻ boshidagi oftobdek birdan gʻoyib boʻlardi.
U hech qachon bizga qoʻshilib birpas oʻynamagan — bola holicha kattalar dunyosiga oʻtib ketgan edi. Oʻzi ham bizga qaraganda xiyla qoruvli, rostakam boʻzbola edi. Maktabga yangi kelgan oʻqituvchi orqangi partada oʻtirgan Koʻkalga koʻzi tushsa, albatta: “Siz ham… oʻqiysizmi?” deb soʻrardi. Adabiyot muallimimiz hazillashib uni “Koʻkaldosh” deb atardi; “Doskaga chiqish navbati — toʻqson alpning ogʻasi, pahlavon Koʻkaldoshga!”
Koʻkal onasi buyurgan hamma ishni bajonidil bajarar, faqat Doniyorovning hovuziga borishgina unga azob edi. Lekin har kuni ikki karra — ertalab va kechqurun suv keltirishi shart. Endi satilni suvga botirganida qayoqdandir Doniyorovning baqalok, badqovoq xotini paydo boʻladi:
— Av, suvni loyqalatmay ol!.. Av, koʻzingga qara, hovuzga tushib ketma tagʻin…
Koʻkal: “Hay, loyqalansa, yana tinar” yoki “Xudoga shukr, koʻzim bor, xola!” deyishi mumkin, ammo indamaydi. U shosha-pisha satilini yarimlatib iziga qayrilarkan, sarhovuzdagi baland shiyponda toʻnini yelkasiga tashlab, oʻzi bilan oʻzi shaxmat oʻynab oʻtirgan basavlat Doniyorov koʻzoynagi ustidan avval unga, soʻngra xotiniga bir qarab qoʻyadi. U ham indamaydi.
Koʻkal uning indashidan qoʻrqadi, “bir kun indaydi-yov”, deb qoʻrqadi. Shunday basavlat, koʻrinishdan badjahl odam indab qolsa… nima boʻlar ekan?
Lekin Doniyorov indamaydi. Koʻzoynagi ustidan odamni teshib yuborgudek bir qaraydi-yu, churk etmaydi. Xayoli oldidagi shohlaru sipohlarda boʻlsa kerak. Yoki shu zormanda hovuzni toʻldirnsh uchun qayoqlardan suv bogʻlab kelishda Koʻkalning ham hissasi borligini, qechalari quloq-dahnalarda yotib mashaqqat chekkanini bilarmikan?..
Doniyorovni hamma “yaxshi odam”, deydi, hamma hurmat qiladi. Bu atrofda u minmagan mansab oti yoʻq emish: rais boʻlgan, hosilot boʻlgan, MTS direktori boʻlgan… Ana shunday baobroʻ odam endilikda birmuncha qartayib, allaqanday dardga mubtalo, uyda oʻtiradi, kun-uzzukun oldidagi kataklarga tikilib oʻzi bilan oʻzi kuch sinashadi: harif ham oʻzi, raqib ham oʻzi. Goʻyo bir paytlar yoʻqotgan narsasini bugun shu tilsimli kataklardan qidirgandek…
U vaqti-zamonida, ayniqsa, qahatchilik yillari koʻp kishilarga yaxshilik qilgan, mana shu Koʻkalning onasini — sabil qolgan yetimcha qizni ham togʻdan Doniyorov olib kelgan, birmuncha muddat xonadonidan joy ham bergan… Koʻkal bularni biladi, bilgani uchun ham undan mudom nimadir kutib, koʻrqib-hadiksirab yuradi. Qoʻlida satil, Doniyorovning darvozasidan chiqar-chiqmas, onasining shangʻillagani eshitiladi:
— Suvga ketib, choʻkib oʻldingmi, Koʻka-al?! Men sen sagʻirni deb…
Shunda basavlat Doniyorov joyidan nimxez boʻlib, devor osha bosiq toʻngʻillab qoʻyadi:
— Bas endi, oʻv, Mayram!
Onasi tomogʻiga tosh tiqilgandek birdan jimib qoladi.
Alamidan telbanamo, serxarxasha boʻlib qolgan onaning qargʻish-qiynovi ostida, otasiz oʻsgani bilan Koʻkal juda taʼsirchan, oriyatli edi. Shunday boʻlmaganida maktabni biz bilan bitirarmidi?..
Oʻqishlar tugab, yozda pichan oʻrgani chiqdik. Mehnat taʼlimidan kiradigan oʻqituvchimiz Doniyorovning ukasi edi. U har bir bolaga tegishli joyni taqsimlab koʻrsatdi-da, oʻzi soyning narigi betiga oʻtib ketdi. U yoqdagi oʻrikzorda Salom chaqqon chavki — kurash bermoqda, dam-badam davraning guv-guv olqishlari eshitilib turar edi. Oʻroq-qurogʻimizni marzalarga uloqtirib, biz ham soy kechib tomoshaga oshiqdik. Unda-bunda kurash tushib yuradigan muallimimiz oʻsha kuni davraga chiqib, dastlabki qoʻldayoq koʻchkaklik bir oʻspirindan yiqildi. Buni koʻrib hammamiz jontalvasa soydan oʻtib, oʻroq-oʻrogʻimizga yopishdik. Izimizdan yetib kelgan alamzada Doniyorov birinchi uchragan bola — Koʻkalni tergamoqqa tushdi. Koʻkal nimadir degan edi, muallim uning basharasiga shart-shurt tushirib: “Bepadar haromi!” deya oʻshqirdi. Bu gapdan gʻalati titrab ketgan Koʻkal qoʻlidagi oʻroqni shiddat bilan havoga sermadi-yu, soʻng soyga uloqtirib, pastak tosh devordan bir hatlab gʻoyib boʻldi.
Qizlardan eshitdik: biz hammamiz kurashni tomosha qilgani ketganda bu yerda qolgan yolgʻiz bola — Koʻkal ekan…
Shu gapdan keyin Koʻkal qaytib maktabga oyoq bosmadi, Bogʻboloda ham koʻrinmay qoldi. Togʻ ichkarisidagi Oʻriklida, ona jamoat bobosidan qolgan mulkni obod qilib, oʻrmonda ishlay boshladi. Onda-sonda qari bir baytalni minib Bogʻboloda paydo boʻlib qolardi. Soqol-moʻylovi oʻsgan, bet-boshiga gʻubor oʻrnashgandek, qiyofasi allaqanday soʻnik, tashvishmand. Lekin endi yelkalari toʻlishib, norgʻul, barzangi yigitga aylangan.
“Koʻkal armiyadan qochganmish!” degan gap yurib qoldi Bogʻboloda.
Koʻkal armiyadan qochganmish. Chimildiqdagi oyimtillasidan koʻngil uzolmay shunday qilganmish. Yangigina tushirib olgan ekan-da oʻzi. Obbo, Koʻkal-ey! Poyezd qaysi bir stansiyada toʻxtaganda, qayligʻini eslab-qoʻmsab, undan muchchi olgisi kelibdiyu shartta vagondan tushib qolibdi. Xotin degani buncha shirin boʻlmasa, jonivor! Koʻziga allanimalar koʻringan-da bachchagʻarning! Obbo, Koʻkal-ey, obbo, sherimard-ey!
Bu — Bogʻbolodagi gap, bogʻbololiklarning ogʻzidagi naql. Endi haqiqatni togʻ ichkarisidagi Oʻriklidan eshiting.
Koʻkalning harbiy xizmatga chaqirilgani rost edi: axir, u ham odam, u ham yigit, otasi boʻlmasa, onasi “oʻgʻlim” degan, belida belbogʻi mahkam boʻzbola — burchini oʻtashi kerak. Rayondagi harbiy komissarlik hovlisida ikki kun sargʻayib, kechalari navnihat qayligʻini eslagani ham toʻgʻri, muchchi olgisi kelib tamshanganlari ham… Axir, goʻshangaga kirganiga bir oy boʻlgan emas, Oytumanni bagʻriga bosib, mehriga qonganicha yoʻq — ketyapti, ikki yilga, musofir yurtlarga ketyapti; Oytuman qolyapti — yolgʻiz, bagʻri tutab, ikki yilga!.. Nima qilsin bechora Koʻkal? Lekin qochmadi u: yon-veridagilardan ajralib, hovli adogʻidagi kallaklangan tutning tagiga bordi-da, choponini ostiga toʻshab, yonboshlagancha xudo deb yotaverdi. Esi Oytumanda, xayoli Oytumanda. Bir vaqt nomini tutib chaqirib kolishdi. Chaqirib: “Sizni xizmatdan ozod qilamiz, yassitovon ekansiz”, deyishdi. Koʻkal dovdirab qoldi: suyunay desa — sen yigit emassan, xizmatga yaroqsiz ekansan, degandek qilishyapti, kuyunay desa — bu yoqda Oytuman… Nihoyat, koʻngli allatovur, oqshom piyodalab Oʻrikliga yoʻl tortdi. Oytuman, Oytuman… Otasinikiga ketib qolmadimi? Bormidi oʻzi u?..
Bultur Somondaradan zira ortib qaytayotgan Koʻkal jalada qolib, Umrqul merganning tosh qoʻrasida bir kecha qoʻnoq boʻladi. Mergan bilan qoʻrchi chiqib, undan-bundan gurunglashib yotishadi. Shu-shu, yoʻl oʻtganda unikiga tushib oʻta boshlaydi. Merganning boʻy yetgan qizi bor ekan. Koʻkal unga qaramas, toʻgʻrirogʻi, qaragani yuragi dov bermas ekan. U bir gal Oʻrikliga yetgan joyida orqasiga oʻgirilsa — haligi qiz izidan ergashi-ib kelyapti, merganning boʻy yetgan qizi! “Yo pirim-ey! — debdi ichida Koʻkalboy. — Bu qiz nimaga buytib yuribdi? Tushimmi, oʻngim?” Ey, sodda oʻzbak, ey, bandai basir, tushu oʻngingga yoʻriq qidirib yoqangni ushlaguncha, orqa-oldingga bunday bir nazar tashlab yursang-chi! Izingdan jonhalak yoʻl tutgan sargashta koʻngildan hol soʻrsang-chi! Koʻkalboy qizarib-boʻzarib qizni gapga solibdi. Qiz ammasinikiga kelayotganmish, adashmayin, deb qorama-qora yoʻlga chiqqanmish. Koʻkalboy ishonibdi, chippa-chin ishonibdi. “Unday boʻlsa, toza charchabsiz, singil.!.” Ammo mingashishga koʻnmabdi qiz. Koʻkalboy bunga ham darrov koʻnaqolibdi. Ey bandai gʻoʻr, bandai gʻofil, boʻy yetgan qiz ammasinikida nima qilsin, ammasi unga deb tuttolqon tuyib oʻtiribdimi?!
Bunday hol yana uch ora takrorlangandan keyingina Koʻkalboyning yigitligi esiga tushadi. Oʻsha birinchi uchrashuvdan beri es-xayolini jilovlab olgan bu “ammasiga mehribon jiyan”ni gap-gap bilan daraning ogʻzidagi xilvat yongʻoqzorga boshlab kiradi. Erta kuz ekan, daraxtlarning uchi kontalash, oyoq osti qontalash… U yongʻoqzorda ne sir, ne savdo kechgan — endi bir-biriga tashna ikki muntazir koʻngilu tepada xudoga ayon. Kuzakda bir oqshom yakka-soʻqqa Koʻkalnikiga tuyqusdan Umrqul mergan mehmon boʻlib kelibdi, yoʻq, sovchi boʻlib! “Koʻkalboy, sizni oʻgʻlim desam…” Koʻkalboy yoʻq demabdi — ertasiyoq jonhalpida Bogʻbologa enib borib, bir toʻda mashvaratchi xotin-xalajni ergashtirib qaytibdi, ularni surdovlashtirib mergannikiga kuzatib qoʻygach, oʻzi gangib oʻsha dara ogʻzidagi yongʻoqzorga burilibdi. Shunda oyoq ostidagi — kechagina qontalash, endi qovjiroq xazonlar tilga kirganiga ishonasizmi? Ishoning, ishonavering, gʻijir-gʻijir tilga kirib: “Oytuman, Oytuman…” deganmish ular. Ishonmasangiz, ana, Koʻkal — guvoh…
“Koʻkal oʻzini Vyetnamga yozdiribdi!” degan yana bir gap tarqaldi Bogʻboloda. Bu gapda endi zigʻirchalik ham lof yoʻq edi.
Bahorda Koʻkalni shoshilinch suratda harbiy komissarlikka chaqirib, qoʻliga qogʻoz tutqazishdi, “Sizni joʻnatmasak boʻlmaydi”, deyishdi. “Avvalgi safar nega qoldirgan edilaringu endi nega joʻnatasizlar?” deya soʻrab ham oʻtirmadi Koʻkal, oʻsha alami koʻnglida yotgan ekanmi, saflarni tekshirib yurgan yoshgina kapitanga qarab: “Joʻnatsalaring, endi toʻgʻri Vyetnamga joʻnatinglar!” deb yubordi mardonasiga. Kulgidan butun saf, butun hovli larzaga keldi. Lekin Koʻkal kulgiga qoʻshilmadi, ahdida sobit edi: “Ketsam — ketdim-da. Bugun-erta Oytuman oʻgʻil tugʻib beradi. Oʻgʻlim oʻrnimga qoladigan oʻgʻlim boʻladi. Ketsam — ketdim-da!”
Koʻkal koʻp uzoqqa ketmadi — atigi Qarshida xizmat qildi. Ikki marta otpuskaga ham keldi, kelib oʻgʻilchasini koʻrib ketdi. U endi yanada toʻlishib, azamat yigitga aylangan edi — tovonining taypoqligini kim koʻrib oʻtiribdi?!
Ammo, uning tovonini hech kim koʻrmagan boʻlsa ham, bu ishda bir sinoat koʻrganlar bor ekan. “Hah, sagʻir-a, Doniyorovning toʻngʻichi oʻrnida ketding-a xizmatga! — deyishdi ular, soʻng miyiqda kulib, bosh chayqab qoʻyishdi.— Xah, taqdir, ajab charxpalak oʻyinlaring bor-da!”.
Koʻkal xizmatdan qaytgach, bobosining makonini yana ham obod qildi, qiz koʻrdi. Bogʻ toʻridan oʻgʻilchasiga atab imorat soldi. Yashayverdi ollo deb.
Bu orada keksa Doniyorovning ahvoli toʻsatdan ogʻirlashdi. Shiftga tikilgan koʻyi jon taslim qilolmay yotgan bemor bir oqshom kutilmaganda Koʻkalni yoʻqlab qoldi. Bogʻboloda koʻpchilik nomini ham unutib yuborgan Koʻkal sagʻirni! Doniyorov — baobroʻ, badavlat, basavlat Doniyorov! Joni qil ustida turgan bandaning har qanday tilagi — vojib. Koʻkalni boshlab keldilar, ikkovini xoli qoldirdilar. Oʻrtada nima gap kechdi — endi yolgʻiz Koʻkal biladi. (“Oʻgʻlim, sening otingni oʻzim qoʻyganman, koʻklamda tugʻilgan eding, mening ham koʻklamim, besabr, bebosh koʻklamim edi…” degan boʻlsa ehtimol, Doniyorov). Har nechuk, ertasi kuni tobutni yerdan uzishganda Koʻkal birdan “otam”lab yubordi, chopon kiyib, belbogʻ bogʻlab, mozorga hassakashlar safida bordi. Boshda oriyati qoʻzib, marhumning toʻngʻichi Kamol bir xezlanib keldi-yu, soʻng Koʻkalning yuz-koʻziga tikila-tikila, lom-mim deyolmay, boshi egilgancha asta unga ergashdi.
Sochini yoyib, beliga foʻta oʻrab olgan Oytuman hayat — bedapoyadagi zardolining tagida, marhumga jigargoʻsha xotin-xalajga qoʻshilib, yuzlarini tirnay-tirnay sadr tushardi. U avvaliga tariqibroq turdi: “Ebi, sizga bir balo boʻlama, begonaning oʻligiga men nima uchun sadr tepar ekanman — enaboshi xotini turganda, qoʻsha-qoʻsha qizlari turganda? Ayb qilar el-ulus…” Koʻkal figʻon aralash zovita qildi: “Nimaga begona deysan, enagʻar, qaynatang boʻladi; qaynatang!”
Bogʻbolo ahlidan, devor-darmiyon koʻshni boʻlaturib, yolgʻiz Mayram togʻchi kelmadi azaga. Temirchi erining koʻzi oldida, undan orttirgan besh bolasining koʻzi oldida sochlarini yoygancha, hovli aylanib tanho oʻzi sadr tushganmish u…
Marhumning qirqiga Koʻkal kattakon bir qoʻchqorni soʻyib, elga maʼraka berdi.
Shu-shu, Koʻkal yana bogʻbololikka aylandi. Endi toʻy-maʼraka usiz oʻtmaydi, u barchasiga bel bogʻlab, koʻkrak kerib xizmat qiladi, koʻkrak kerib Bogʻboloning koʻchasini toʻldirib yuradi. Koʻzdan qolgan bitta-yarimta moʻysafid: “Kimdi uli boʻlasiz, bolam?” deb soʻrab qolsa, dadil javob qaytaradi:
— Doniyorovning, bobo!
— Doniyorovning bolalarini tanigich edim-ku…
— Men toʻngʻichiman, bobo, koʻzni bir qarating!
— Toʻngʻichi Kamol edi chogʻi?..
— Men — Koʻklamiman, bobo, Koʻklami!
— Toʻngʻichi ikkita boʻlar ekan-da, tavba!
— Bitta boʻladi, bobo, bitta! Shunday deb javob qiladi Doniyorovning toʻngʻichi Koʻklam — Koʻkal — Koʻkaldosh…
* * *
Najmiddin anchadan beri koʻrinmay ketdi. Men shu kunlarda uning kelib qolishidan qoʻrqib yuribman. Kelsa, siz eshitgan naqlni unga ham oʻqib berishim kerak boʻladi. Tinglay turib, tizzasiga shapatilab: “Toʻgʻri, toʻppa-toʻgʻri!” desa-ku, murodimga yetganim, bordi-yu, “yaxshi”, deb qoʻya qolsa-chi…
Nachora, oʻrtaboʻyman — boʻychanroq boʻlishni, qiziqqonman — siporoq boʻlishni, yalqovman — sergʻayrat boʻlishni orzu qilaman. Orzu qilaman…
Axir, bogʻbololik Koʻkaldosh niyatiga yetdi-ku!..
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring