Umra xizmatini noqonuniy olib borgan 31 ta sayyohlik firmasi masʼullariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

16:37 19 Mart 2025 Jamiyat
199 0

Oʻzbekistonda umra litsenziyasiga ega boʻlmasdan turib, ushbu xizmatni koʻrsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi masʼullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu haqida Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati maʼlum qildi.

Unga koʻra, soʻnggi ikki oy davomida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun talablari asosida umra faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta sayyohlik kompaniyalarida tekshiruv oʻtkazilgan.

Maʼlum qilinishicha, ularning 19 tasi 75 million soʻm miqdoridagi jarimaga tortilgan. Shundan 5 tasi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunchilikka asosan Raqobat qoʻmitasiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy koʻrib chiqish uchun yuborilgan.

Qonunchilikka koʻra, umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni litsenziyaga ega boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatish hamda fuqarolarni umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoni podshohligiga umra vizasisiz yuborish taqiqlanadi.

“Umra safariga borishdan oldin har qanday tur-firmaning Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan taqdim etilgan “Umra litsenziyasi” mavjudligini surishtirib olishingizni tavsiya qilamiz. Noqonuniy tur-firma yoki tur-agentlardan ogoh boʻling”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Bundan tashqari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita umra ziyoratini tashkil etish huquqiga faqatgina Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj-umra markazi va 12 ta vakolatli sayyohlik kompaniyalari ega ekanligini eslatib oʻtgan.

Hozirda “Ihlos travel 1”, “Yuksak travel Air”, “Muhtasham travel”, “Musaffo turizm xizmati”, “Risola travel lux”, “Xorazm umra jamiyati”, “Hikmat Umra Travel”, “Real Dreams”, “Travel with family”, “Sofa Marva tour”, “B Management” hamda “Safar time exclusive” kabi tadbirkorlik subyektlari vakolatli hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 364-son qaroriga asosan “Haj” tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, “Umra” tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktyabrdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi 668-son qarori asosida amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?