Ortga qaytmas islohotlarning mustahkam kafolati

11:34 06 Dekabr 2025 Siyosat
110 0

Yangi Oʻzbekistonning huquqiy xaritasi

Vatanimiz tarixida beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan sana — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida turib yana bir karra amin boʻlmoqdamizki, xalq irodasi, milliy qadriyatlar va umuminsoniy gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan Asosiy Qonunimiz bugun jamiyat va mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yangi tahrir bilan kiritilgan barcha oʻzgartirishlar odamlarimizning turmush tarzida, kundalik hayotida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Konstitutsiya xalqimiz manfaatlari himoyachisi va istiqbolining oʻziga xos huquqiy xaritasiga aylangan. Albatta, Yangi Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi oʻtgan davrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatini ham tubdan oʻzgartirdi. Avvalo, Bosh qomusimiz asosida 2024-yil 27-oktyabr kuni Qonunchilik palatasiga saylov Saylov kodeksiga muvofiq umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida boʻlib oʻtdi.

Milliy saylov tarixi tizimida saylov birinchi marta aralash saylov tizimi, yaʼni majoritar va proporsional asosda tashkil etildi. Xalqimiz nafaqat oʻzi tanlagan deputatlarni saylashdi, balki siyosiy partiyalarga ham baho berdi.

Shu asnoda Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputat tarkibining partiyaviy mansubligiga koʻra — OʻzLiDeP 64 ta (42,7 foiz), “Milliy tiklanish” DP 29 ta (19,3 foiz), “Adolat” SDP 21 ta (14 foiz), OʻzXDP 20 ta (13,3 foiz), Ekologik partiya 16 ta oʻrin (10,7 foiz) egalladi.

Saylangan deputatlarning 38 foizini yoki 57 nafarini xotin-qizlar tashkil etib, bu Oʻzbekiston tarixida eng yuqori koʻrsatkichdir.

Deputatlar tarkibi turli soha vakillari orasidan saylandi. Bu jamiyatdagi turli masala va muammolarni qonunchilik asosida hal etish imkoniyatini kengaytirdi.

Konstitutsiya talabidan kelib chiqib Palatada tizimli ravishda siyosiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 18 — 20-noyabr kunlari Oliy Majlis palatalari majlislaridagi nutqlari yangi tarkibdagi parlament, shu jumladan, Qonunchilik palatasi faoliyatiga yangicha ruh va yangi mazmun kasb etgan edi. Unda quyi palataning keng koʻlamdagi faoliyatiga doir eng muhim yoʻnalishlar aniq belgilanib, ustuvor vazifalar taʼkidlab oʻtilgandi.

Davlatimiz rahbarining bu nutqlari Qonunchilik palatasining barcha formatdagi faoliyati, deputatlarimizning ishchan saʼy-harakatlari hamda qonun ijodkorligi uchun oʻziga xos dastur boʻlib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Qonunchilik palatasining rahbariyati, jumladan, ikki nafar Spiker oʻrinbosari saylandi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari Spiker oʻrinbosarlari emas, balki fraksiya rahbari sifatida faoliyat koʻrsatgan holda, ularning mustaqilligi va vakolatlari kengaydi.

Qonunchilik palatasida 10 ta qoʻmita tuzildi. Xususan, Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq, Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitalari faoliyati tubdan va mohiyatan qayta tashkil etilgani islohotlarning eng muhim ustuvor yoʻnalishlarida parlamentning ishtiroki, oʻrni va taʼsirini yaqqol koʻrsatmoqda.

Qonunchilik palatasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida uning huzurida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha, Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha, Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha, “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha parlament komissiyalari tashkil etildi. Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh samarali faoliyat olib bormoqda.

Bugun Qonunchilik palatasida raqobat va bahs muhiti tobora kengayib bormoqda. Bu ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyada belgilangan vakolatlari amalda toʻliq aks etayotganidan dalolatdir. Masalan, ikki yetakchi siyosiy partiya — OʻzLiDeP hamda “Milliy tiklanish” DP fraksiyalari tomonidan “Taraqqiyot bloki” tashkil etildi. OʻzXDP esa oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb eʼlon qildi.

Hozirda Palatada koʻrilayotgan barcha masalalarda, qabul qilinayotgan qonunlarda har bir fraksiyaning va ayniqsa, muxolif fraksiyaning qarashlari va takliflari aks etmoqda.

Quyi palata qoʻmitalari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida ular huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashlari tuzildi.

Qonun loyihalarining muhokamalarida jamoatchilik vakillari, ekspert va mutaxassislar, tashabbuskor fuqarolarimizning bevosita ishtirok etish tizimi muvaffaqiyatli ishlab oʻz samarasini bermoqda. Hozirgacha qabul qilingan qonunlarda ular bergan asosli takliflar aks etgan.

Umuman, Palata fuqarolik jamiyati institutlari bilan tamomila yangicha asosda va uslubda hamkorlik qilib kelmoqda. Shu kunlarda boʻlib oʻtgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasidagi barcha tadbirlarda deputatlik korpusi vakillari faol ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar boʻyicha konstruktiv takliflar bildirishdi.

Prezidentimiz Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida deputat — bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan inson deya taʼkidlagan edi.

Ana shu yuksak bahoga munosib boʻlish maqsadida bugun deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati tubdan oʻzgartirildi. Xalq vakillarining saylovchilar bilan uchrashuvlarining barcha tashkiliy-huquqiy masalalari toʻliq yechildi. Ularga qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida deputatlar 27 mingga yaqin manzillarda uchrashuvlar oʻtkazdi. 10 mingdan ortiq aholi xonadonlarida boʻlishdi.

Koʻpgina masalalar joyida hal qilindi. Saylovchilar tomonidan bildirilgan ayrim taklif va murojaatlar esa huquqiy normalarda aks etdi.

Yangi tizim asosida 2026-yil 1-yanvardan boshlab, deputatlar tanlovi bilan har yili “Tashabbusli byudjet” jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida gʻolib boʻlmagan loyihalar orasidan ikkita loyiha moliyalashtirilishi belgilandi. Bu deputatning oʻz saylov okrugidagi masalalarni amalda hal etishning juda muhim mexanizmlaridan biri boʻldi.

Qonunlar qabul qilish orqali Konstitutsiya normalari

hayotga tatbiq etilmoqda

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinganiga hali koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiya normalariga uygʻun boʻlgan yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — inson huquqlarini mustahkam taʼminlash, jamiyat, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy huquqiy asoslarini yaratish.

Deputatlar amaldagi qonunchilikni Bosh qomusimiz normalariga moslashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Konstitutsiya bilan Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan yangi institutlar amaliyotga tatbiq etilyapti.

Shunga koʻra, yakuniga yetib borayotgan yilda Qonunchilik palatasining asosiy faoliyati hisoblangan qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Jamiyatimizdagi dolzarb muammolarga huquqiy yechim topish, xalqchil qonunlar qabul qilish va qonun loyihalarining sifatini oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2025 — 2029-yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi dasturi bu borada muhim oʻrin tutyapti.

Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar soni avvalgi yillardagiga qaraganda birmuncha koʻpaydi.

Oʻtgan davrda butun bir sohani tartibga soluvchi qator yaxlit qonunlar koʻrib chiqildi hamda qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi, “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Shuning barobarida xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga qoʻshimcha yengillik va imtiyozlar yaratishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qator qonunlar ham qabul qilinmoqda. Eng muhimi, ularda Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati, barcha ehtiyojlarini qamrab oluvchi oliy qadriyatlar aks etmoqda.

Bir misol, ilgari amaliyotda boʻlmagan juda koʻp xalqchil, huquqiy asoslar yaratildi. Masalan, jismoniy shaxslarning ular bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilashga va uni olib tashlashga boʻlgan huquqlari, ularni kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari qonun bilan belgilandi. Kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimini tuzganlik uchun javobgarligi nazarda tutildi. Yaʼni jismoniy shaxslar oʻzlari bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilash va uni olib tashlash huquqiga ega boʻldi.

Yana bir qonun bilan aholiga videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Pensiya yoshiga toʻlgan fuqarolarga ularning murojaatisiz avtomatik tarzda (“proaktiv”) yoshga doir pensiya tayinlanishi qonun bilan kafolatlandi.

Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun bilan esa sayilgoh, xiyobon, bogʻ va daraxtzorlar hamda ular joylashgan yerlarni xususiylashtirishni taqiqlash, shuningdek, bu hududlarda bino va inshootlar qurilishini cheklash orqali ushbu maskanlar muhofazasini kuchaytirish choralari belgilandi.

Bularning barchasi, eng avvalo, inson qadri uchun xizmat qilmoqda, odamlarimizning mushkulini osonlashtirmoqda, jamiyatda adolatni taʼminlamoqda.

Bu esa davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, qonun qabul qilindimi, u albatta ishlashi kerak va odamlar hayotida sezilarli oʻzgarish boʻlishi lozim degan fikrlari hayotda oʻz ifodasini topayotganidan dalolatdir.

Parlament nazorati — bu,

avvalo, xalq nazorati, xalq soʻrovi

Asosiy Qonunimizda parlament nazorati institutining faol ishlashi uchun zarur boʻlgan barcha huquqiy asoslar belgilangan. Xususan, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari boʻyicha har yilgi maʼruzasini eshitish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlaridan biri sifatida aks etgan.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, parlament nazorati — bu, avvalo, “xalq nazorati, xalq soʻrovi” ekanini unutmaslik lozim.

Parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyamiz va qonunlar bilan berilgan zarur vakolatlardan samarali foydalanilmoqda.

Prezidentimizning oʻtgan yil noyabr oyidagi Oliy Majlis palatalari aʼzolari bilan oʻtkazilgan majlislardagi dasturiy nutqlaridan kelib chiqib parlament nazorati samaradorligini yanada oshirish, Qonunchilik palatasi va hukumat oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarish yuzasidan qator choralar koʻrildi. Jumladan, vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar va boshqa tashkilotlar Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga biriktirildi.

Vazirlik va idoralarda rahbar oʻrinbosarlari quyi palata qoʻmitalari bilan doimiy hamkorlik uchun masʼul etib belgilandi.

Parlament nazoratini amalga oshirishda ijro hokimiyatining quyi boʻgʻinigacha tushish, tuman va shaharlardagi muammolarni, qonunlar ijrosini tegishli qoʻmita va masʼul ijro etuvchi organ bilan birgalikda nazorat-tahlil tartibida oʻrganib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Parlament soʻrovi va deputat soʻrovlarini yuborish hamda qabul qilishning elektron tizimiga oʻtildi.

Parlament nazoratining eng muhim yoʻnalishlaridan biri mamlakatning bosh moliyaviy hujjati — Davlat byudjetining samarali bajarilishini taʼminlash, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish.

Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasining Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlari yanada kuchaytirildi. Xususan, hukumatning Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini quyi palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasiga taqdim qilinadigan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot turlari kengaytirildi.

Unga muvofiq, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida har olti oyda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan foydalanishi bilan bogʻliq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini, har chorak yakunida Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning 9 oyida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari majlislarida 18 ta vazirlik, 4 ta agentlik, 4 ta qoʻmita hamda 4 ta tashkilotning maqsadli indikatorlari bajarilishi holati haqidagi axborotlari jami 29 marotaba eshitildi.

Ushbu amaliyot Davlat byudjeti ijrosi nazoratida qoʻmitalarning rolini yanada oshirishga, birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti, davlat dasturlari ijrosi boʻyicha hisobotlarini, Hukumat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va maʼqullash, “Hukumat soati” instituti kabi muhim demokratik amaliyotlar parlament hayotida mustahkam oʻrin egalladi.

Saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb masalalar yuzasidan rahbarlarning axborotini koʻrib chiqish, odamlarni oʻylantirayotgan muammolar boʻyicha deputatlarning savollariga hukumat aʼzolarining javobini eshitish, davlat organlari rahbarlariga parlament va deputat soʻrovlarini yuborish singari parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan foydalanildi.

Asosiy Qonunimizga koʻra parlament, xususan, Qonunchilik palatasi mamlakat tashqi siyosatiga oid muhim strategik vazifalarni hal qilishda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasini Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisoboti muntazam eshitib borilmoqda.

Parlament nazoratining ushbu yangi shakli Oʻzbekistonning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish borasidagi oʻz milliy maqsadlariga toʻlaqonli erishishi, shu asnoda mamlakat taraqqiyotini taʼminlashga huquqiy yordam bermoqda.

Parlament diplomatiyasi

geografiyasi kengaymoqda

Konstitutsiyamizda belgilangan normalar parlament diplomatiyasini rivojlantirishning huquqiy asosi boʻlmoqda. Parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning muhim muloqot vositalaridan biriga aylanib, parlament diplomatiyasi geografiyasi kengaymoqda.

Jumladan, Qonunchilik palatasi ham xorijiy parlamentlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarorlariga muvofiq yirik parlamentlararo tuzilmalardagi doimiy delegatsiyalar tarkibi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston xalqaro parlamentariylarning nufuzli muloqotlar markaziga aylanib boryapti. Toshkent shahrida muvaffaqiyatli oʻtgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bunga yaqqol misol boʻlib, uning doirasida 30 ga yaqin davlatlarning parlamentlari rahbarlari bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazildi.

Unda deputatlar minglab parlamentariylar bilan muloqotda boʻlishdi, qonun ijodkorligi yoʻnalishida qizgʻin fikr va tajriba almashishdi.

Ayni vaqtda Qonunchilik palatasida tashkil etilgan parlamentlararo guruhlar samarali faoliyat olib borib, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi manfaatli aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilyapti.

Albatta, bularning barchasi mamlakatimizning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirish, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va gʻoyalarning amalga oshirilishini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

Xulosa oʻrnida aytganda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi boʻlgan Bosh qomusimizning har bir moddasi va qoidasini milliy qonunchiligimizga muvofiqlashtirish, yangi qonunlar qabul qilish orqali Konstitutsiya normalarini hayotga izchil va samarali tatbiq etishda parlament yanada faol va tashabbuskor boʻladi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini taʼminlashda doimo ishonchli kafolat boʻlib kelgan va bundan buyon ham shunday boʻlib qoladi.

Nuriddin ISMOILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?