Ulugʻ olimning insoniy fazilatlari

09:25 07 May 2022 Madaniyat
3268 0

Foto: Arxiv surat

Oʻz davrining yetuk olimi, ustoz Botirxon Valixoʻjayev chin maʼnoda ustozlikning zalvarli yukini zimmasiga olgan ziyolilardan biri edi. Insoniylik va olimlik xislatlari bu insonda uygʻun va mukammal koʻrinishda boʻlgan. Ustozni bugun xotirlar ekanmiz, uning goʻzal insoniy fazilatlari, qanchadan-qancha yoshlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashgani, mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyos boʻlgani xayoldan oʻtadi.

Birichi talabi — halollik va ilmiy dalillarga asoslanish

Ustozning ilmiy-pedagogik sohada shogirdlariga qoʻyadigan birinchi talabi — halollik, asl manbalarga suyanish, ilmiy dalillarga asoslanish edi. Domla arab yozuvidagi qoʻlyozma manba qaysi tilda yozilgan boʻlishidan qatʼi nazar, originalida erkin oʻqirdi hamda uni ilk tadqiqotchi sifatida tahlil va talqin qilardi. Shogirdlaridan ham har qanday yozma manbani tadqiq etishda ishga xuddi shunday yondashishni talab etardi. Shu sababli domlaning shogirdlari nafaqat adabiyotshunos, balki manbachi va matnshunos, tarixchi va sharqshunos boʻlib ham yetishar edi.

Ustoz rahbarligida aspiranturada xalqimizning ulugʻ shoiri Mashrabning badiiy adabiyotdagi talqini mavzusiga oid tadqiqot ishini olib bordim. Qoʻlimda Mashrab haqida maʼlumot beruvchi ikkita nodir qoʻlyozma boʻlib, ulardagi maʼlumotlarning oʻzi ham ishimni yakunlashga yetar edi. Biroq Botirxon Valixoʻjayev shoirning 15 yillik umri oʻtgan Qashqar atrofi va Ili vodiysiga borib, u yerdagi manbalar asosida tadqiqot ishimni yangi maʼlumotlar bilan toʻldirishni maslahat berdi. Shu bois Xitoyning Shinjon hududiga borib, Mashrabning Yorkent xonligidagi faoliyatini oʻrgandim, qimmatli maʼlumotlar toʻpladim. Eski oʻzbek (chigʻatoy) tilida ijod qilgan boshqa shoirlar haqida ham yangi manbalarni qoʻlga kiritdim.

Ustozga izlanishlarim natijalarini, xulosalarimni taqdim qildim. Ular oʻziga xos edi: birinchidan, Mashrabning asl oti Boborahim emas, Rahimbobo ekan. Ikkinchidan, Mashrab Makkaga borgan va hoji boʻlgan. Uchinchidan, Yorkent xonligida Mashrabdan tashqari chigʻatoy tilida 20 dan ziyod adiblar ijod qilgan... Bu haqdagi maʼlumotlar bilan tanishgan ustoz “Qashqardan xazinani olib kelibsizku”, dedi koʻzlari chaqnab.

«Dissertatsiyamda Mashrabni Boborahim deb ataymi yoki Rahimbobo? Darsliklarda Boborahim deyilgan, manbalarda Rahimbobo», deb soʻraganimda, ustoz “Mullo Valiy bilan muhtarama Bibi Salima tugʻilgan farzandlarini qanday atashgan?” deb savolimga savol bilan javob berdi. Soʻng «shoirni ota-onasi atagandek Rahimbobo atang, bu ham oʻziga xos bir yangilik boʻlsin. Mashrabning badiiy qiyofasi aks etgan haj safari haqidagi yangi maʼlumotlarni ham bu ishingizda eʼlon qiling, bu katta yangilik! Sharqiy turkistonlik nomaʼlum shoirlar haqidagi maʼlumotlarni esa keyingi ilmiy ishlaringizda eʼlon qilsangiz, yaxshi boʻladi», dedi.

Ustozning butun ilmiy faoliyatimni qolipga solib bergan oʻgitlari ilmiy ishlarim yoki yozgan kitoblarim uchun doim yoʻlchi yulduz boʻlib kelmoqda. Shu koʻrsatmalar asosida «Rahimbobo Mashrab va uning badiiy adabiyotdagi talqini» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyani ham, “Oʻzbek — Xitoy adabiy aloqalari genezisi: folklor va adabiyotda mushtaraklik” nomli doktorlik ishini ham muvaffaqiyatli yoqladim. Afsuski, fan doktori boʻlishimni juda istagan uch aziz inson — onam, otam va ulugʻ ustozim koʻrmadi. Ular bungacha foniy dunyoni tark qilgan edi.

Oʻz davrining mutasavvufi

Oʻtgan asrning 90 yillari boshlarida demokratiya shamoli esib, adabiyotda “diniy-klerikal”, “saroy adabiyoti” deb nomlanib kelingan shoirlar ijodiga, diniy manbalarga qiziqish ancha kuchaydi. Oʻsha vaqtlari ustoz Botirxon Valixoʻjayev rahbarlik qilayotgan kafedrada oʻqituvchi boʻlib ish boshlagan kezlarim edi. Bir kuni domla kafedra oʻqituvchilari bilan uch savoldan iborat soʻrovnoma oʻtkazdi. Bu savollar ichida “Adabiyotni oʻrganmoq uchun Qurʼoni karimni oʻquv jarayoniga tatbiq qilmoq kerakmi?” mazmunidagi savol ham bor edi. Men shu savolga boshqalardan farqli oʻlaroq “Yoʻq” deb javob berdim.

Tushlikka yaqin stol atrofida kafedra aʼzolari bilan soʻrovnoma javoblari muhokamasi boʻldi. Ustoz Botirxon Valixoʻjayev hammaning oldida mendan “Siz adabiyot darslarida Qurʼoni karim kitobining oʻqitilishiga qarshimisiz?” deb soʻradi. “Albatta, ustoz”, dedim. Atrofdagilarning jiddiy qiyofasidan bunga noroziligi sezilib turardi. “Undoq boʻlsa, fikringizni bizga tushuntirib bersangiz”, dedi Botirxon Valixoʻjayev.

“Qurʼoni Karim oddiy kitob emas! U filologlar tahlil qiladigan badiiy yoki ilmiy asar ham emas, u Yaratgan egamning kalomi! Bu kitobni oʻrganmoq uchun, avvalo, arab tilining zeru zabarlari, islom falsafasi magʻzini anglashdan tashqari, ham jismonan, ham ruhan tahoratli boʻlishimiz, tilimiz, koʻzimiz, soʻzimiz pok, bir oz boʻlsada, shariat qoidalaridan xabardor boʻlishimiz zarur. Hozirgi holatimizda bu ilohiy kitobni oʻrganishga munosib ham emasmiz, tayyor ham emasmiz, deb bilaman”, dedim. Ustozim tabassum qilib, “Rahmat sizga!” deb, qoʻlimning ustiga qoʻlini qoʻydi.

Darhaqiqat, ustoz boʻlar-boʻlmasga din, tasavvuf haqida gapiraverishni, bilib-bilmay ularning muammolariga aralashaverishni maʼqul koʻrmas edi. Mutasavvuf bilan soʻfiyni farqlash kerakligini, mutasavvuf soʻfiy, soʻfiy esa har doim mutasavvuf boʻla olmasligini taʼkidlardi. Garchi ustoz Xoja Ahror Valiy haqida risolalar yozgan boʻlsada, ulardagi maʼlumotlarni rivoyat, afsona yoki taxmin nuqtayi nazaridan emas, balki aniq-tiniq faktlar asosida keltirgan, garchi ustozning oʻzi davrining mutasavvufi ersada, Xoja Ahror Valiy haqidagi maʼlumotlarda tasavvufning nazariy tomonlariga urgʻu berishni ortiqcha ish deb bilgan.

Ustoz valiymidi?

Ustozda inson psixologiyasini anglash xislati juda mukammal tarzda rivojlangandi. Bu insonda rostdan ham allaqanday gʻayritabiiy xususiyatlar shakllangandi. Domlaning hali yuz bermagan narsa-voqealarni oldindan aytib turadigan xislatlari bor edi.

Bunga bir misol. Kafedrada oʻqituvchilar dars soati taqsimotlari bilan men shugʻullanar edim. Bir kuni dekanimiz Tohir Qurbonov mendan shu taqsimotni keltirishimni soʻraganida negadir bu qogʻozlarni topa olmadim. Taqsimot uyda ham, kafedrada ham yoʻq edi. Mendagi bezovtalikni koʻrgan domla “Siz izlayotgan qogʻozlar maʼruza qilgan minbar ustida qolib ketgan”, degan va haq boʻlib chiqqan edi. Bir necha marta ustozdan darslarimga oid kitoblarni yoki zarur maʼlumotni soʻramoqchi boʻlib, xayolimga keltirganimda “u kitob falon joyda” yoki “falon manbani koʻring, oʻsha yerda javob bor”, tarzida maslahat berar edi. Aytilmagan savolga ovozli javobni eshitish bir oz noodatiy tuyulardi...

Botirxon Valixoʻjayev Xoja Ahror Valiy haqidagi izlanishlarini davom ettirayotgan bir paytda Mirzo Ulugʻbek, uning yetuk shogirdlari va Abdulatif Mirzo, padarkushlik va noqobil farzand psixologiyasi haqida suhbatlashib qoldik. Ustoz fikrlarini xulosalab, ilm yoʻlida zahmat chekayotgan shogirdlarining oʻzi uchun maʼnaviy farzand ekanligiga urgʻu berdi. Domlaning fikricha, bu farzandlarning dunyoga kelishiga garchi ustoz sabab boʻlmagan esada, lekin uning ziyosidan, bergan ilmidan inson sifatida shakllangandir.

Ustoz otaning pushti kamaridan boʻlgan oʻgʻlonlar baʼzan otalar istagandek emas, boshqacha ham boʻlishi mumkinligini yuqoridagi tarixiy holatlar misolida kuyunib gapirdi. Soʻng menga qarab, savol berdi: «Sizning-cha, jismoniy farzand ustunmi yoki maʼnaviy farzand?» Men negadir domlaning bunchalik taʼsirlanishini kutmagan edim, shoshib, “Ikki toifadagi farzandlar ham birdek azizdir”, deb javobni qisqa qildim. Ustoz bir oz jim turdida, soʻng dedi: “Maʼnaviy farzand ustun ekan!”

Bu savol va javobda men otalarning ishonchini oqlolmagan farzandlar haqida umumiy bir xulosani anglagandek boʻldim.

Vidolashuv duosi

2005-yil avgust oyining oxirlarida, ustoz vafot etishidan uch kun oldin tilshunos olim Tolib Joʻrayev bilan birga xonadoniga bordik. Uy ichidagilar bemorni asrash maqsadida chetdan keluvchilarni ichkariga kiritmayotgan, domla holdan toygan va koʻp ham harakatlanmayotgan ekan. Biz ham qaytmoqchi boʻlib endi shaylangan edikki, ustoz kelganligimizni qaydandir bilib, chaqirtirdi. Biz domla yotgan uyga kirmay, boʻsagʻaga yaqin joydagi kursilarga oʻtirdik, uy ichida toʻshakda yotgan ustozim bilan soʻrashgan boʻldik. Ustoz bazoʻr beligacha qaddini koʻtardida, ikki qoʻlini duoga ochdi. Men umrim bino boʻlib bunaqa taʼsirli va uzun duoni eshitmagan edim. Ustozning tovushlari titrardi. Tushundimki, ustoz bizni alqash asnosida aslida vidolashardi. Koʻzimizdan yosh oqdi, oʻrnimdan turib borib ustozni, oyoqlarini mahkam quchmoqchi boʻldim. Biroq yoʻlimni toʻsishdi. Bunga ruxsat yoʻq ekan. Ustoz bilan koʻz-yosh qilib xayrlashdik...

Ustoz Botirxon Valixoʻjayev barchaga ibrat boʻladigan xokisor inson, chin maʼnodagi zukko olim sifatida umr kechirdi. Domlaning har bir darsi adabiyotshunoslik uchun kichik bir kashfiyot edi. Afsuski, oʻsha vaqtda fakultetda na diktofon, na magnitofon boʻlmagan, oltinga teng maʼruzalar yozib olinmagan. Ustoz bir darsini hech qachon ikkinchi marta shu tarzda takrorlamas, auditoriyalarga qogʻozsiz, maʼruza matnisiz kirar, mavzuni toʻxtamay, yoddan qoʻngʻiroqdan qoʻngʻiroqqa dovur soʻzlar edi. Ustoz dars vaqtini juda qizgʻanar, hatto daqiqa va soniyalarni bekorga sarflamas, shu sababli dars vaqtida talabalar yoʻqlamasini qilmasdi. Yoʻqlama qilmaslikning boshqa bir sababi ham bor edi: talabalar domlaning darsini sira qoldirmasdi. Hatto boshqa kurs, fakultet talabalari yoki oddiy adabiyot ixlosmandlari kelib, domlaning darslarini tinglashga, suhbatini olishga mushtoq edi. Afsuski, bunday mukammal insonlar hayotda juda-juda kam, dunyoga ham balki yuz yilda bir kelar...

Shukronamiz shuki, Botirxon Valixoʻjayevdek yetuk olim, kengfeʼl, samimiy inson, millatimiz oydini biz bilan zamondosh boʻldi.

Erkin MUSURMONOV,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 

Buyuk Ipak yoʻli ilmiy-tadqiqot markazi boshligʻi, 

filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?