Ulugʻ daryo

18:34 25 Yanvar 2025 Siyosat
331 0

Koʻz oʻngimizdagi oʻzgarishlar

1

Qashqadaryo...

Qadimiy Qashqa vohasining Shimoli-Sharqidan to Janubi-Gʻarbiga qadar choʻzilgan; togʻ-u toshlar, oʻr-u qirlar, dasht-u dalalar quchogʻida shamshirdek yaltirab yotgan joʻshqin daryo.

Ilk qudratni Hisor tizma togʻlarining qorli choʻqqilaridan olguvchi bu nahri nodir Hazratiboshir qishlogʻiga yetganida Jinnidaryo, Tanxozdaryo, Langardaryo, Uradaryo, Qumdaryo, Huzordaryoga, yanayam quyiroqqa enganidan keyin esa Shoʻrobsoy, Makridsoy, Oyoqchisoy, Qalqamasoylarga boʻlib beradi quchogʻidagi bor noz-u neʼmatlarini.

Bir yoni Samarqand-u Buxoro, bir yoni Surxondaryo-yu Turkmaniston, yana bir tomoni Tojikistonga tutashib ketgan qadimiy oʻlka — Qashqadaryo viloyati ham mana shu saxiy daryo nomi bilan ataladi. Vohaning tarixi — “ming asrlar ichra pinhon” — olisdan olis. Qajartepa, Moʻydintepa, Yerqoʻrgʻon, Kesh, Naxshab kabi koʻhna manzilgohlardan topilgan yodgorliklar, hatto paleolit davrida ham bu zaminda odamlar yashagani; Boʻrijarsoyning quyilish qismida esa Miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda, yaʼni bronza davrlarida dehqonchilik behad rivojlanganidan darak beradi. Soʻgʻd madaniyatiga oid buyumlar, arshakiylar hukmronligida zarb etilgan tangalar ham Qashqadaryo ildizlari benihoyat chuqur ekaniga guvohdir.

Lekin kun koʻrish, qora qozonni qaynatish, bola-chaqa boqish hech bir zamonda oson boʻlgan emas. Oʻzbekning ulugʻ shoiri, Qashqadaryo farzandi Abdulla Oripov kuyunib yozganidek:

Bosh ustingdan oʻtdi koʻp zamon,

Oʻtdi Budda, oʻtdi Zardushti.

Har uchragan nokas-u nodon,

Ona xalqim, yoqangdan tutdi.

Shunday boʻldi. Bosqinchi zoti borki, yoqadan tutdi: Iskandar tutdi. Qutayba tutdi. Chingiz tutdi. Son-sanoqsiz dahmalar qoldi ulardan. Keyin chorizm, undan keyin kommunizm qurmoqchi boʻlgan xomxayol va shabkoʻr shoʻrolar... Tutdi. Urdi. Soʻkdi. Taladi. Boyligi talandi, uyi talandi, gazi talandi, nefti talandi, paxtasi talandi, doni talandi, noni talandi. Shundan keyin ham qonmadi — qoniqmadi qonxoʻr ishtahalar.

Sibirga surgun qildilar, zindonlarga tiqdilar begunoh jonlarni. Birgina “paxta ishi” degan uydirma qirgʻin-qatagʻonning oʻzida ne-ne oilalar vayron qilindi, onalar bolasidan, akalar ukasidan ayrildi, xoʻrlandi, haqoratlandi, oʻldirildi...

Davtoshi marganesga, Yakkabogʻi toshkoʻmir, boksit, asbest-u ohakka, Gavxonasi kaliyga, Shahrisabz-u Kitobi marmar, grafit, simob-u rangli metallarga, Qarshi, Koson, Chiroqchi-yu Dehqonobodi gaz va neft konlariga, alqissa, har qadami javohirot xazinalariga makon boʻlgan oʻlkaning mehnatkashlari yillar davomida kambagʻal-qashshoq boʻlib qolaverdi. Daryo-daryo gaz-u neftini ochofatlarcha talagan kazzoblar yurdi kekirib. “Oʻzi pishirgan taomi oʻziga nasib etmagan, birovlarni kiygizib, oʻzi kiymagan, yulduzni kashf etib avom nomini olgan” yurt egalari esa tappi-tezak tutatib, roʻzgʻor tebratishga majbur boʻldilar.

2

Lekin oftob poymol oʻlmas,

Kavaklarda qolmas oy nuri.

Mustaqillik Oy nurlari bilan nurafshon etdi qadim Kesh osmonlarini.

Shoʻrolar zamonida goh Buxoroga, goh Surxondaryoga qoʻshib yuborilgan va nihoyat, 1964-yilda yana alohida viloyat maqomiga ega boʻlgan qadimiy Kesh uygʻondi.

Uch yarim milliondan ziyod xalqni yelkasida opichlab turgan zamin uygʻondi.

Oʻzbekistonda qazib olinadigan tabiiy gazning 88, neftning 92, kondensatning 99,6, oltingugurtning 100 foizini, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 10,2 foizini, jumladan, paxtaning 11,8, gʻallaning 12, qorakoʻl terining 19 foizini yetkazib beradigan saxovatli hudud uygʻondi.

“Uyquchi Olimxon”ga oʻxshagan yerga bitta choʻp qadamagan amirlar, xonlar dastidan qultum suvga tashna choʻl-u biyobonlarga bahor havolari kirdi. “Lablari xandon-u tubida dogʻi yashirin” lolalarning chehrasiga tabassum indi.

Shuvoqlar-u yulgʻunlar orasida qunishib yotgan, “nasrga yarashmasa, nazmga yarashmay”digan sahro jonzotlariga jon kirdi.

Choʻllarda ilaklar, qoʻngʻirboshlar, qizilcha-yu saksovullar gʻuncha tugdi. Adirlarda yaltirbosh-u qoʻziquloqlar, togʻlarda archa-yu bodomlar, ravoch-u zaranglar, pista-yu zirklar koʻkladi. Qoratepa, Chaqalikalon, Osmontarosh, Yakkabogʻ, Koʻkbuloq, Chaqchar, Dehqonobod, Kitob, Shahrisabz, Hisor daralarida boʻri-yu tulkilar, jayra-yu jayronlar, oq tirnoqli ayiqlar-u morxoʻr echkilar, burgutlar-u tustovuqlar, kakliklar-u yapaloqqushlar ovozi eshitila boshladi.

Mehnatkash xalqning zanjirband qoʻllari yechildi, qulfi dili ochildi. Bilagiga kuch, beliga quvvat kirdi. Eranlar astoydil bel bogʻladi goʻzal va afsonaviy qoʻrgʻonlarini obod qilishga. Bel bilan bilak birikdi, besh barmoq yigʻilib musht boʻldi, koʻp birikib el boʻldi, el birikib sel boʻldi, ip ipga qoʻshilib arqon boʻldi, qayragʻochlar qalin boʻldi, qishloqlar serdaraxt boʻldi, qoʻllashib koʻtargan yuk yengil boʻldi, inoqlik qut-baraka opkelaverdi.

Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek davrida Shahrisabzda qurilgan saroylar, maqbaralar, machitlar qatoriga 600-yil oʻtib yana choʻqqilar bilan boʻylashgulik salobatli imoratlar birin-ketin qad rostladi, vohaning olis va chekka ovullarida koʻpkarili toʻylar “yor-yor”larga ulanib ketdi.

— Ayniqsa, oxirgi yillarda misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilyapti. Qashqadaryo tarixida hatto sohibqiron bobomiz Amir Temur zamonida boʻlmagan ishlar boʻlyapti, — deydi qashqadaryolik faxriy jurnalistlardan biri Husan Temirov ayricha iftixor bilan. — Oxirgi yetti yilda yetmish yillik manzildan oʻtib qoʻydik.

Oxirgi yillar...

Mana shu qisqa, juda qisqa muddat nafaqat Qashqadaryoga, balki butun Oʻzbekistonga yangi davr darvozalarini katta ochib yubordi. Asrlar boʻyi qaramlikda yashagan, hatto mustaqillikdan keyin ham boshqa davlatlardan orqada qolgan Vatanimizni dunyo ahli qaytadan tanidi, tan berdi.

Birgina Qashqadaryoning oʻzida iqtisodiyot besh yilda 3 karraga, jon boshiga toʻgʻri keladigan hududiy mahsulot hajmi 2,5 karraga oʻsdi.

Qulay investitsiya muhiti yaratilishi natijasida tadbirkorlik subyektlari, sanoat korxonalari soni 3 baravarga koʻpayib, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 20 trillion soʻm kreditlar ajratildi; qariyb 1,5 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, kreditlar oʻzlashtirildi; dunyoning 55 ta davlatiga Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan 1,4 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi; 650 ta mahalla hududidagi jami uzunligi 7 ming kilometrlik yoʻl, 103 ta koʻprik taʼmirlandi, 530 ta mahalladagi 400 mingta isteʼmolchining elektr, 214 ta mahalladagi 1 million 200 ming nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Yana qator-qator bogʻlar, xiyobonlar, koʻchalar, qoʻrgʻonlar...

— Yutuqlarimiz qamrovi Qarshi choʻllaridan keng, Hisor togʻlaridan baland! — deydi yana bir qashqadaryolik jurnalist Abdujalol Taypatov. — Gʻalabalarni, muvaffaqiyatlarni bizga oʻxshash jurnalistlar hecham oʻxshatolmaydi. Oʻxshatib yozish uchun kamida yana bitta Abdulla aka — Abdulla Oripov kerak!

Abdulla Oripov!

Oʻzbekning Sharq-u Gʻarbdagi ulugʻ daholarining kenjasi.

“Munajjimlarning hisoblaricha, har 800-yilda yulduzlar turkumi muayyan bir tartibda joylashadi, yaʼni ular kiyik shakliga kiradi, — degan edi Abdulla Oripov jurnalistlar bilan boʻlgan suhbatlarining birida. — Falakiyot olamida yuz beradigan ana shu hodisa kunida tugʻilganlar Sohibqiron boʻlar ekan. 800-yillikning birida Iskandar Zulqarnayn, yana birida paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom, boshqasida esa Amir Temur hazratlari tugʻilgan degan sanoqni keltirishadi. Bu borada maʼlum bir qonuniyat mavjudmi-yoʻqmi, bu xususda bir gap aytish mushkul”.

Albatta, mushkul. Ammo Amir Temur bobomizdan keyin oradan 605-yil, Alisher Navoiy hazratlaridan soʻng 500-yil oʻtib Abdulla Oripovning dunyoga kelishida ham qandaydir ilohiy sir — hikmat bordek tuyuladi menga. “Temur tigʻi yetmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher”. Temur tigʻi yetmagan, ammo Navoiy hazratlari qalam bilan zabt etgan bepoyon dunyolar uzra mana endi Navoiy navolariga esh boʻlib Abdulla Oripov sheʼrlari yangramoqda. Yillar oʻtgani sayin Allohim Abdulla Oripov dahosini ham bizga bekorga inʼom etmagani ayonlashib borayotir. Zotan, Abdulla Oripovning bu zaminda tugʻilishi ham sira-sira tasodif emas.

Sharq fuzalolari “ilm va adab qubbasi” deb taʼriflagan Qashqadaryo nafaqat yer osti-yu yer usti boyliklari, balki qadim-qadimdan maʼnaviyat boʻstoni sifatida ham dunyoga mashhur boʻlgan. Nasaf hadisshunoslik maktabi Marv, Buxoro, Samarqand maktablaridan keyin hadisshunoslikning Markaziy Osiyodagi toʻrtinchi dorilfununi hisoblanadi. Jahon ilmiga bebaho hissa qoʻshgan Nasafiylar shu yerda kamol topgan. Xusrav Dehlavi-yu Mirzo Bedil, Ziyo Naxshabiy-u Sayido Nasafiydek taniqli shoirlarning tub ildizi, Yer yuzidagi beshta rasadxonaning biri boʻlgan — Mirzo Ulugʻbek nomidagi ulugʻ koshona ham shu farahli oʻlkada.

Vohada bundan tashqari 1197 ta arxeologiya, 208 ta arxitektura, yana koʻplab tarixiy manzillar, ziyoratgoh va qadamjolar, jami 1468 ta madaniy meros obyekti bor.

Qashqadaryo baxshichilik maktabi esa bebaho doston — oʻxshashi yoʻq doston! Abdulla baxshi Nurali oʻgʻli, Togʻay baxshi, Zoir baxshi Qoʻchqor oʻgʻli, Umir baxshi Safarov, Azim shoir Xoʻjayev, Shomurod baxshi Togʻay oʻgʻli, Qahhor va Abdumurod Rahimovlar doʻmbirasini sayratganda choʻl mavolari toʻlgʻanadi. Ovozi Turkiya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Hindiston, Moʻgʻulistondan oshib ketgan Qodir baxshi Rahim oʻgʻli imranib kuylagan qoʻshiqlarni eshitganda esa hali-hanuz toʻqaylar qirgʻovullar xonishiga koʻmiladi, yulduzlar sargashta bulbullarning beusul kuylariga mast boʻlib raqsga tushadi, koʻkka tikilgan ming yillik chinorlar baxshiyona chayqaladi, daralar dilxush navolarga toʻladi, ruhiy olam junbushga keladi.

Mumtoz taronalar ogʻushida mehmondoʻst qashqadaryoliklar dasturxoni atrofida choʻkka tushib Chiyal yaxnasi-yu Guzor tandiridan bahramand boʻlish esa... Doʻstlar, ayting, qayda bor bunday rohat, bunday moʻjiza?

3

Bor!

Bu moʻjizai asl ham Qashqadaryoning oʻzida. U yulduzlar chugʻurlashib tafsilot soʻylab turgan Qarshi choʻllarining oqshomlarida. Saratonning yonib turgan kunlarida saroblar jimirlab, koʻhna sardobalardan tutunlar chiqib turgan jaziramadan keyingi choʻl oqshomlari shu qadar goʻzal, shu qadar yoqimli boʻladiki, nafas olib toʻymaysan, simirib toʻymaysan, yayrab toʻymaysan! Koʻzni yumib, bir tasavvur qiling: quyosh botgani hamono choʻl-u bogʻlarni, dasht-u dalalarni, qir-u adirlarni baxmaldek sokin tun qoplaydi, kun boʻyi tandirday qizib yotgan maʼvo buloq suvidek salqin shabadaga koʻmiladi.

Bilmaganlar bilib qoʻysinlarki, Qashqadaryo zaminida bir vaqtning oʻzida yilning toʻrtta faslini kuzatish mumkin. Kitob, Shahrisabz togʻlari qorga burkanib yotganda, Qarshi choʻllarida saraton kezinadi. Oʻsha paytda Yakkabogʻda bahor, Tallimarjonda esa saxiy kuz tarovati hukmron boʻladi. Shoirlar ham, rassomlar ham ojizlik qiladilar bunday betakror manzaralarning taʼrif-u tavsifiga.

Shunday farahbaxsh lahzalarda Hisorning serviqor zirvalariga chiqib, tepada qalqib turgan bepoyon osmon ostidan pastliklarga koʻz tashlagan odam yana bir moʻjiza bilan yuzma-yuz keladi: voha million-million chiroqlarga toʻlgan. Yulduzlar osmondagi azaliy koʻshkini tark etib, zaminga sochilib ketgandek goʻyo!..

Ana shunda sezasiz, his qilasiz, koʻrasiz sarbaland bu oʻlkaning qanchalar oʻsib, baxtga toʻlib borayotganini. Va mabodo moʻjiza roʻy berib, Amir Temur hazratlari sadoqatli tulpori “Kunoʻgʻlon” bilan bir zamonlarda chang-toʻzonlar koʻtarib oʻtgan Qarshi, Nishon, Sandiqli qum, Qoʻngʻirtov, Kosontov, Maymoqtov, Aloviddintov choʻllariga kelib qolgudek boʻlsalar, qay holatga tushar ekanlar, degan oʻy kechadi koʻnglingizdan. Shunday sinoat sodir boʻlsa, Sohibqiron hazratlari olti yuz yildan soʻng dilidagi asriy orzu-armonlari roʻyobga chiqayotganini, istiqlolimizni, millatimizning qaddi tiklanayotganini koʻrib, terilariga sigʻmay ketgan boʻlardilar.

Axir voha eski choponini yechdi, bilagini shimardi, belni mahkam bogʻladi — ishga kirishdi. Shu oʻrinda yana ayrim raqamlarni tilga olishga toʻgʻri keladi. Qarang, qisqa vaqtda 16 ming xonadondan iborat 470 ta koʻp qavatli uy qurildi; 434 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, 83 ming nafar oʻquvchi oʻrni yaratildi; bogʻchalar soni 7 karraga ortib, 4 ming 200 tadan oshdi; xorijlik turistlar soni yarim millionga, turistik xizmatlar eksporti esa 100 million dollarga yetdi. Bu raqamlar kelajak uchun toʻkilayotgan peshona terining ilk mevalaridir.

Agar bu raqamlar, bu mevalar 2016-yildagi hosil bilan qiyoslansa, ulkan xirmonning salobati yanayam yaqqolroq koʻrinadi.

Markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti 2016-yilda 21,9 foiz edi, bu koʻrsatkich 2024-yilda 65,2 foizga yetdi. Kichik tadbirkorlik subyektlari soni 2016-yilda 13 785 ta edi, 2024-yilda 24 423 taga koʻpaydi.

2016-yilda kichik sanoat zonalari, yoshlar tadbirkorlik sanoat zonalari degan gaplar qashqadaryoliklarning lugʻatida ham yoʻq edi. Bugun esa ularning soni 80 dan oshib ketdi.

Shu yillar ichida maktabgacha taʼlim muassasalari soni 326 ta dan 3879 taga koʻpaydi. Birgina 2024-yilning oʻzida 32 ming nafar fuqaroga 598,5 milliard soʻmlik kredit ajratildi. Jumladan, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida issiqxonalarni koʻpaytirish, meva-sabzavot va bogʻdorchilikni, chorvachilik va parrandachilikni, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish hamda zarur asbob-uskunalar sotib olish yoʻlidagi 20844 loyiha uchun 438,1 milliard soʻm taqdim etildi. Bundan tashqari, xizmatlar sohasini kuchaytirishga 86 milliard soʻm, hunarmandlik sohasiga 51 milliard soʻm berildi. 20 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitildi. Eng muhimi, yer oʻz egalariga berildi. Bir yilning oʻzida 7 ming gektardan ziyod maydon ijara asosida uzoq muddatga dehqon xoʻjaliklari uchun ajratib berildi.

Mahallalarda kichik ishlab chiqarish, xizmat va savdo obyektlarini tashkil etish uchun 1 trillion 470 milliard soʻmlik 25582 ta mikroloyiha ishga tushirildi hamda 43 mingdan ortiq ish oʻrinlari ochildi.

2024-yil avvalida 103 ming kambagʻal oila boʻlib, kambagʻallik darajasi 11,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, mazkur saʼy-harakatlar tufayli bu koʻrsatkich 8 foizga tushdi.

4

Endi haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, nega nafaqat qadim Qashqadaryo ahli, balki har siqim tuprogʻi oltinga teng Turkiston-u Turon xalqlari yuz yillar mobaynida chaylalarda yashadilar? Nega biri ikki boʻlmadi? Nega bundan-da Qarib boʻlgan boshqa davlatlar, masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya yoki bir hovuchgina aholisi boʻlgan Singapur 30 — 40-yil ichida jahondagi eng boy davlatga aylanib ketdi? Oʻtgan asrning oʻrtalarigacha qashshoq boʻlgan Xitoy-chi? U qanday qilib bugun butun dunyoni qoyil qilayotir? Xitoy davlati 1990-yildan buyogʻiga qanday qilib 730 million fuqarosini kambagʻallikdan qutqazdi? 1990-yilda qashshoqlik darajasi 66,6 foiz boʻlgan bu davlat qay yoʻsinda koʻrsatkichni 2 foizdan ham pastga tushirdi?

Xitoy bilan bogʻliq yana bir xarakterli haqiqat: bundan 600-yillar avval, yaʼni 1500-yillarda Xitoy dunyoda eng rivojlangan davlatlardan biri boʻlgan. Uning iqtisodiyoti oʻsha paytlarda jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizini tashkil qilgan. 1950-yilga kelganda esa bu koʻrsatkich 5 foizga tushib qolgan. Oʻtgan asrning 50 — 60-yillarida “arslon” yana uygʻondi, uning global ichki mahsulotdagi ulushi 19 foizdan oshdi. Oʻsish tarixi katta reformator Den Syaopin nomi bilan bogʻliq, deyishadi jahon siyosatchilari. Darhaqiqat, Den Syaopinning 1970-yillarda ilgari surgan islohotlari koʻp yillar harakatsiz yotgan iqtisodiy gigantni ozodlikka chiqarib yubordi. Xitoy shu darajada yuksaldiki, hatto “Vashington Post” gazetasida “Xitoy Amerikaning ilm-fandagi hukmronligiga tobora koʻproq soya solmoqda” deb yozishga majbur boʻlishdi. Yana oʻsha gazetada alohida taʼkidlandiki, keyingi vaqtlarda AQSHning eng nufuzli muassasalaridagi koʻplab olimlar laboratoriya tashkil etish uchun Xitoyga ketib qolmoqda...

Xitoyning taraqqiyot yoʻllari nimalari bilandir Yangi Oʻzbekiston yoʻllariga oʻxshab ketadi.

Shavkat Mirziyoyevning Prezident etib saylanishi ham mamlakat havolarida quyuqlashgan tumanlarni tarqata boshladi. Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasining Kavkaz va Markaziy Osiyo boʻyicha menejeri Entoni Sliv Bauyer bu oʻzgarishlar jarayonini xolisona baholagan. U bunday deydi:

“Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yildan boshlab Oʻzbekistonda qarorlar qabul qilish jarayonini oʻzgartirish, fuqarolik jamiyatini jonlantirish, siyosiy raqobatni ragʻbatlantirish, inson huquqlari masalalarini hal etish va mamlakat maqomiga mos fuqarolik madaniyatini shakllantirish boʻyicha jadal siyosat olib bormoqda.

Hozir amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning ildizi Mirziyoyev 2003-yil Bosh vazir lavozimiga tayinlanishi bilan bogʻliq. U milliy-siyosiy munozaralar natijasida qilgan xulosalari asosida jimgina ishladi, chunki mamlakatda oʻzining ulkan salohiyatidan foydalanishiga toʻsiqlar bor edi.

Prezident tomonidan taklif etilgan va hozir amalga oshirilayotgan koʻplab dasturlar ichki siyosiy landshaftni qayta shakllantirish, fuqaro va davlat oʻrtasidagi tub munosabatlarni oʻzgartirish hamda uzoq vaqtdan beri tashqi qudratli kuchlar taʼsiri ostida boʻlgan mintaqada geosiyosiy tartibni qayta muvozanatlash maqsadini koʻzlagan.

2016-yil dekabr oyidagi Prezident saylovi oldidan boʻlib oʻtgan saylovoldi tashviqoti jarayonida Mirziyoyev xalqqa xizmat qiladigan, ochiq va shaffof tamoyilga asoslangan hukumatni shakllantirish yoʻlidan bordi. Bu mustaqil Oʻzbekiston va boshqa koʻplab sobiq sovet respublikalari tajribasidagi yangilik edi”.

Siyosatchi aytganidek, Oʻzbekiston Prezidenti boshlagan ishlar nafaqat sobiq sovet respublikalari, balki jahonning boshqa mamlakatlari uchun ham ibratli edi. Ammo maqsadga erishish — oldindagi son-sanoqsiz muammolarni yengish, chang-u toʻzonlarga chidash, past-u baland yoʻllarni orqada qoldirish... Va yana katta karvon ichidagi bir tomchi suvni daryo bilguvchi qumursqa mijozlarni, igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqadigan nodonlarni, hovuzni bir kesak bilan loyqalatib tashlayman deguvchi kaltabinlarni (garchand undaylar dengizdan tomchi kabi esa-da) toʻgʻri yoʻlga undash, safga tortish oson boʻlmadi.

Ish ishsizlik va kambagʻallikni kamaytirishdan boshlangani bois mamlakatda tadbirkorlar safi kengaydi. Ilm-fanga, innovatsiyaga, hayotning barcha jabhalariga eʼtibor kuchaydi. Infratuzilmadagi oqsoqlik, innovatsiya va sarmoya kiritishdagi xatoliklar tuzatildi, bozor yaratish, sifatsiz taʼlim va sogʻliqni saqlashdagi kamchiliklarga barham bera boshlandi. Eng muhim tamoyil — munosib haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratilib, yuqori ijtimoiy harakatchanlikni taʼminlaydigan adolatli jamiyat poydevoriga dastlabki gʻishtlar qoʻyildi. Qulay muhit tufayli yangi shakllanayotgan bozorlarda muvaffaqiyatli loyihalar paydo boʻldi, investorlar keldi, innovatorlar koʻpaydi.

“Inson qadri uchun” formulasi bilan “Inson — jamiyat — davlat” tamoyillari Yangi Oʻzbekistonning chin Qoyasiga aylandi. Toʻplangan tajribalar esa “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini dunyoga keltirdi.

Men bu yerda yangicha yondashuv tufayli 2030-yilgacha Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik oʻsishi kamida 6 foizga, miqdori esa 200 milliard dollarga yetkazilishi, kambagʻallik qisqarishi, aholi farovonligi bir necha barobarga oshishi borasidagi aniq rejalarga toʻxtalmayman. Zero, ular alohida maqolalarning mavzularidir.

Hozir soʻz Qashqadaryo haqida borayotir. Gapning rosti shuki, Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin vohadagi ijtimoiy-siyosiy iqlim tamomila yangilandi. Yangilanish ildizlari Prezidentning viloyatga qilgan tashriflariga bogʻlanib ketadi. Prezident 2017 — 2024-yillar davomida Qashqadaryo viloyatiga 11-marta tashrif buyurdi.

Tashriflarning har biri, badiiyroq ifodalaganda, hali ochilmagan buloqlarning koʻzlarini ochdi. Bogʻlarga bahor havolarini olib kirdi. Mudroq koʻngillarni uygʻotdi. Masalan, 2017-yilgacha Oʻzbekistonning qariyb 20 foiz paxtasi yetishtiriladigan vohada arziguday toʻqimachilik korxonasi yoʻq edi. 2016-yilning adogʻida Qarshi tumanidagi “LT Textile International” xorijiy korxonasi, 2017-yilda Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” MCHJning toʻqimachilik korxonalari, undan keyingi yillarda Qarshi tumanidagi “KHILAL TEX” LLC, “Qarshi Agro klaster” MCHJga qarashli “Iyman tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Koson tumanidagi “Koson Baxt Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz faoliyatini boshlab yubordi. Natijada avvallari yetishtirilgan 400 ming tonna paxta xomashyosining 53 foizi qayta ishlangan boʻlsa, bu koʻrsatkich endilikda 100 foizga yetdi.

5

Kelgusidagi rejalar bundan-da katta, bundan-da salmoqli.

2025-yilda birgina tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun 26 ming fuqaroga 616 milliard soʻmlik imtiyozli kredit beriladi. Barqaror daromad manbaini yaratish uchun 4141 kishiga 25,2 milliard soʻmlik subsidiya ajratiladi. 21,5 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalari boʻyicha oʻqitiladi. Aholi daromadini oshirish uchun dehqon xoʻjaliklari tashkil qilish maqsadida paxta va gʻalladan qisqartirilgan 5850 gektar yer 11 ming 700 nafar kishiga boʻlib beriladi. Mahallalarda 33 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshirilib, 66 ming nafar kishining bandligi taʼminlanadi. Yangidan 6820 ta yuridik maqomdagi va 8395 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi. Maqsad 2025-yilda 21 ming 797 ta oilani kambagʻallikdan chiqarishdir. Buning uchun barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish orqali 83 ming 795 kishi ishli boʻladi. Natijada yil oxiriga borib kambagʻallik koʻrsatkichi 6,4, ishsizlik darajasi 5,4 foizgacha pasayadi.

Katta rejalar katta harakatlarni va mavjud muammolarni joy-joyida hal qilishni talab etadi. Lekin muammolar ham oz emas. Misol uchun, viloyatda umrguzaronlik qilayotgan 3,6 million aholining 1 million 847 mingga yaqini ish bilan taʼminlangan esa-da, yana 83 ming kishiga ish topib berish lozim. Yuz-yuz chaqirimlab yoʻllarni tuzatish, maktablar qurish, bogʻchalar sonini koʻpaytirish, xonadonlarni toza ichimlik suvi, gaz, elektr bilan taʼminlash...

Biroq oila ahil boʻlsa, omad oʻz oyogʻi bilan keladi, deyishadi bobolarimiz. Davlatning kuchi — ogʻizbirlikda. Koʻp biriksa, el boʻladi, el biriksa, sel boʻladi. Yer osti va yer usti boyliklari behisob boʻlgan qashqadaryoliklarning tili ham, dili ham, maqsad-u muammolari ham bitta — xuddi bir kemaning jon-tani bir jasur dengizchilari kabi. Amir Temurdek sarkardalari, Abdulla Oripovdek shoirlari, Qodir baxshidek baxshilari, kuragi yerga tegmagan dongdor polvonlari, mirishkor dehqonlari, bogʻbonlari, mamlakatning yarmini goʻsht bilan taʼminlab turgan mohir chorvadorlari, gʻururi Oqsaroy kabi baland odamlari boʻlgan bu oʻlka baland choʻqqilar tomon ildam odimlar tashlamoqda.

Ilojin topsa agar,

ketmonning dastasin ham

Yerga qadab termulib,

koʻkartirguvchi bu xalq.

Jazm etsa koʻkka boʻyar

jahon xaritasin ham,

Bugun choʻlga chiqibdi,

niyati topsin barhaq.

Shunday — Abdulla Oripov ardoqlagan mard, tanti, chapani, bir soʻzli, vaʼdasida turadigan, qoʻli ochiq, mehmondoʻst qadim Qashqadaryo xalqining niyati, albatta, barhaq topadi, ushaladi. “Shoʻrtan gaz-kimyo” majmuasi, Shoʻrtan neft va gaz ishlab chiqarish boshqarmasi, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi kabi Markaziy Osiyoda qiyosi yoʻq korxonalari boʻlgan Qashqadaryo Ulugʻ daryo boʻladi hali!

Zotan:

Xalq dengizdir,

Xalq toʻlqindir,

Xalq kuchdir.

Abdusaid KOʻCHIMOV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер