Ular yangi yilni oʻz uylarida kutadi
Koson tumani markazida qurib bitkazilgan zamonaviy uylardan xonadon xarid qilish koʻpchilik oilalarning orzusi. Ammo yangi uy olish oson ish emas. Buning uchun yillar davomida harakat qilish, mablagʻ toʻplash zarur.

Oʻzbekiston Milliy universitetining amaliy matematika fakulteti 3-kurs talabasi Zemfira Xurramova esa 20 yoshida ana shu yangi massivdan 2 xonali, toʻliq taʼmirlangan va jihozlangan xonadonning sohibasiga aylandi.
Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi tegishli qarori bilan uy-joyga muhtoj chin yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashning aniq tartib-tamoyillari belgilab berilgan edi. Unga koʻra, chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolari oʻrganilib, ularning ehtiyojidan kelib chiqqan holda zarur koʻmak koʻrsatilayapti. Jumladan, uy-joyga muhtoj deb topilgan chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar uy-joy bilan taʼminlanmoqda. Ayni vaqtga xuddi shu asosda birgina Qashqadaryo viloyatining oʻzida 200 nafarga yaqin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum yosh uy-joy bilan taʼminlangan edi. Yangi yil bayrami arafasida esa ularning soni yana 25 nafarga ortdi.

Viloyat hokimligida tashkil etilgan tadbirda yangi xonadonlar kaliti oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi. Qahramonimiz Zemfira Xurramova ham ana shu yoshlar qatorida Yangi yilni ilk marta oʻz uyida kutadigan boʻldi.

- Oʻzim Qamashi tumanining Loyqasoy qishlogʻidanman, — deydi u. – Yoshligimda ota-onamdan yetim qolib, xolamning qoʻlida katta boʻldim. Ular meni oʻz farzandi kabi koʻrib, mehr berib katta qilishdi. Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan men kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, otalarcha gʻamxoʻrlik bugun hayotda oʻz yoʻlimni topishimga asosiy omil boʻlmoqda. Masalan, alohida kvota bilan universitetga davlat granti asosida oʻqishga kirdim. Imtiyozli stipendiya olayapman. Bugun esa yangi xonadon sohibasiga ham aylandim. Bu men uchun haqiqiy Yangi yil sovgʻasi boʻldi. Endi kelajagimdan koʻnglim toʻq, faqat yaxshi oʻqib, oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlishga va yurtimiz rivojiga xizmat qilishga harakat qilaman.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring