Ishonch va imkoniyatlar davri
Foto: Prezident matbuot xizmati
Poytaxtimizdagi Koʻksaroy qarorgohida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida kelajakdagi katta maqsadlarga debocha boʻlguvchi ulkan imkonlarga tamal toshi qoʻyildi. Davlatimiz rahbari yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Uchrashuv gʻoyat samimiy ruhda, hayotiy misollar, aniq tashabbuslar va yangi imkoniyatlar, oppoq orzular, yuksak ishonch va maqsadlar haqida kechdi.
Boʻlib oʻtgan muloqotning mazmuni oddiy bir yigʻilish emas edi. Unda yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoit yaratish masalasi kun tartibi markazida turdi.
Jamiyat taraqqiyoti yoshlarning kayfiyati va harakatiga bogʻliq. Agar ularda ishonch boʻlsa, mamlakat olgʻa yuradi. Shu maʼnoda bu muloqot davlat va yoshlar oʻrtasidagi ochiq koʻprikka aylandi. Aytilgan takliflar, bildirilgan gʻoyalar ertangi kunning yoʻnalishini belgilaydigan qarorlarga zamin yaratadi. Mazkur tadbir yosh avlod rivoji yoʻlidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berishi bilan tarixga muhrlanishi, shubhasiz.
Zimmamizdagi masʼuliyat gʻayratimizni oshirdi

Abdulaziz Muminov,
Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari:
— Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar navqiron avlodga keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7-yilgacha 15 foizli kreditlar ajratilishi yoshlarning biznes gʻoyalarini roʻyobga chiqarishda mustahkam tayanch boʻladi. “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga oyiga 2 million soʻmgacha stipendiya berilishi esa ularning mehnat bozoriga ishonch bilan kirib kelishini taʼminlaydi. Bu tashabbuslar yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda yangi davrni boshlab beradi.
Davlatimiz rahbarining otalarcha gʻamxoʻrliklari sharofati bilan “Koʻmak” dasturi doirasida 130 million soʻmgacha va tadbirkorlikni kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssudalar ajratilishi, olis hududlarda soliq imtiyozlari berilishi joylardagi tashabbuskor yoshlar uchun katta qulaylikdir. Qisqa vaqt ichida 120 dan ziyod oʻquv markazlari ish boshlagani bu ishlarning samarasini koʻrsatmoqda. Bu natijalar yoshlarimizning gʻayrati va ishonchini yanada oshiradi.
Yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga oʻqitish, har bir tumanga 500 million soʻmgacha ssuda ajratib, laboratoriyalar tashkil etish vazifasi Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Bu topshiriqlar bizdan tizimli yondashuv, aniq nazorat va yuqori samara talab etadi. Shu bilan birga, mazkur vazifalar yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb egallashi va oʻz kelajagini barpo etishi uchun keng yoʻl ochadi.
Biz ushbu ishonchni oqlashni oʻz oldimizga qatʼiy maqsad qilib qoʻydik.
Orzularimiz qanot qoqdi

Asal Ziyodova,
Qarshi shahridagi “Bolalar akademiyasi” xususiy maktabi asoschisi:
— Bu yilgi 24-fevral koʻplab tengdoshlarim qatori yodimda bir umrga qoladi. Prezidentimiz bilan muloqotda ishtirok etish men uchun katta sharaf va unutilmas voqea boʻldi. Ushbu uchrashuvda soʻz olib, oʻz hayot yoʻlim, tadbirkorlikka qadam qoʻyganim va yosh pedagoglar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikrlarimni bildirdim.
Men tadbirkor hamda pedagog sifatida ingliz tilini oʻrganish va oʻrgatishga boʻlgan qiziqishim orqali faoliyatimni boshlaganman. Talabalik paytimda kichik ijara xonasida dars oʻtishdan boshlangan yoʻlim bugungi kunda “Bolalar akademiyasi” xususiy maktabini ochishimga poydevor boʻldi. Bu oson kechmadi, albatta. Moddiy qiyinchiliklar, ikkilanishlar, qoʻrquvlardan qiynaldim. Lekin yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar menga kuch berdi.
Viloyatimizdagi “Aloqa bank” tomonidan ajratilgan 2,5 milliard soʻmlik kredit va ikki yillik imtiyozli davr oilaviy tadbirkorligimizni boshlashimizga mustahkam zamin yaratdi. Bugun maktabimizda 400 ga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqda, 60 ga yaqin xodim ishlamoqda. Jamoamizning asosiy qismi yosh va iqtidorli pedagoglardan iborat. Bu men uchun alohida gʻurur.
Uchrashuvda biznes maktablari ochish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashimni bildirdim. Chunki pedagog boʻlgan yoshlar ham tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlishi kerak. Bu gʻoya koʻplab yigit-qizlarga oʻz orzusini roʻyobga chiqarish imkonini beradi.
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan ishonchni chuqur his qildim. Bu ishonch bizga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda “Bolalar akademiyasi” filiallarini Qashqadaryoning barcha shahar va tumanlarida ochishni maqsad qilganmiz. Shu orqali viloyatimizda xususiy taʼlim rivojiga oʻz hissamizni qoʻshamiz.
Sunʼiy intellekt — kredit olishga koʻmakchi

Bexzod Aliyev,
yosh dasturchi:
— Kuni kecha biz, yoshlar hayotida oʻziga xos tarixiy voqealikka aylandi. Prezidentimiz rahbarligida boʻlib oʻtgan uchrashuv koʻplab tashabbuskor tengdoshlarim hayotida muhim burilish nuqtasiga aylandi. Muloqot davomida ilgari surilgan yangi imkoniyatlar bizni hech ikkilanmay innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etishga undaydi.
Uchrashuvda innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga qaratilgan eʼtibor alohida ahamiyat kasb etdi. Bu qaror zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt hamda raqamli xizmatlar sohasida ishlayotgan jamoalar uchun kuchli moliyaviy poydevor vazifasini oʻtaydi. Ayniqsa, xalqaro tajribaga ega biz kabi yosh mutaxassislar uchun bu katta imkoniyat eshigidir.
AQSHning Illinois universitetini tamomlab, yurtga qaytgach, axborot texnologiyalari sohasida oʻz oʻrnimni topishni niyat qildim. Oqibat jamoamiz bilan “MoliyAI” startapini ishga tushirdik. Loyihamiz “President Tech Award” tanlovida 100 ming dollar mukofotga sazovor boʻlgan. Mukofot start bosqichidagi jamoamiz uchun texnologik yechimni takomillashtirish, maʼlumotlar xavfsizligini kuchaytirish va infratuzilmani rivojlantirishga yetarli resurs boʻldi.
“MoliyAI” gʻoyasining mohiyati oddiy, ammo dolzarb. Yurtimizning chekka hududlarida koʻplab fuqarolar rasmiy daromad hujjatlariga ega emas. Banklar esa kredit ajratishdan oldin mijozning toʻlov qobiliyatini baholashi shart. Aynan shu yerda axborot yetishmasligi muammosi yuzaga chiqadi. Jamoa sunʼiy intellekt orqali katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilib, qarz oluvchining qaytarish imkoniyatini foizlarda hisoblab beradi. Ana shu imkoniyatlarni oʻz ichiga qamrab olgan loyihamiz taqdimotini ham Prezidentimizga namoyish etdik.
Hunarga eʼtibor — kelajak poydevori

Sultonmurod Farhodov,
Toshkent shahridagi “Zargarlik akademiyasi” asoschisi:
— Uchrashuvda bitiruvchi yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar haqidagi qarorni katta mamnuniyat bilan qabul qildim.
15-yillik tajribaga ega zargar sifatida shuni aytamanki, bu qaror yoshlarga yuksak ishonch va tadbirkorlarga kuchli ragʻbatdir. Davlat byudjeti uchun muayyan xarajat talab etsa-da, bu yoshlarimiz kelajagiga qilingan muhim sarmoya. Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaygan bir davrda, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatimizni halol va shaffof tashkil etishimiz shart.
Faoliyatim davomida 500 dan ortiq shogird tayyorladim. Bugun ular yurtimizda va Osiyo davlatlarida mehnat qilmoqda. Xorijdan kelib, zargarlikni oʻrganish istagini bildirgan yoshlar borligi sohamizda eksport salohiyati mavjudligini koʻrsatadi.
Uchrashuvda texnikumlarda zargarlik yoʻnalishlarini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish taklifini ilgari surdim. Zargarlikda 5-yil shogird boʻlib yurish shart emas. Amaldagi dasturimiz asosida 8 oylik tizimli taʼlim orqali yoshlar kasb egallab, korxonalarda ishlashi yoki mustaqil faoliyat boshlashi mumkin.
Shuningdek, mis, kumush va oltinga ishlov berish, 3D dasturlar va sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish gʻoyasini bildirdim. Yoshlar oʻqish jarayonidayoq mahsulot yaratib, uni bozorda sinovdan oʻtkazishi kerak. Maqsad — har yili 500 nafar raqobatbardosh, oʻz brendiga ega zargar-tadbirkorni tayyorlash.
Bugun yurtimizda 700 dan ortiq zargarlik korxonalari bor. Kadrlarga ehtiyoj yuqori. Qoʻshni davlatlarda ham mutaxassislarga talab katta. Bu imkoniyatni qoʻldan boy bermasligimiz kerak.
Yoshlarimizni zargarlikka qiziqtirish, ularga hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlash boʻyicha tashabbuslarda faol qatnashishga tayyorman. Agar oldin manzilga piyoda intilayotgan boʻlsak, bugun mamlakatimiz rahbarining yaratayotgan sharoitlari tufayli shu maqsad sari tezroq yetib borish imkoni paydo boʻlmoqda.
Uchrashuvda yurtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro shaxmat olimpiadasidan ilhomlanib, Prezidentimiz uchun shaxmat shoh donasini yasaganimizni aytdim. Uni butun yoshlar nomidan taqdim etish men uchun katta iftixor boʻldi.
Toʻxtab qolishga haqqimiz yoʻq

Oʻgʻiljayron Xaldurdiyeva,
“Yosh kitobxon” tanlovi gʻolibi, “Mutolaa” loyihasi koordinatori:
— Kitob bilan ulgʻayib, orzularimga mutolaa orqali erishayotgan qoraqalpoq qizi sifatida mamlakatimiz yetakchisi bilan ochiq muloqotda ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldim. Uchrashuvda soʻzga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdim.
“Yosh kitobxon” tanlovining 2025-yilgi mavsumi gʻolibiman, Prezident sovrini — “BYD” elektromobili bilan taqdirlanganman. Millionlab kitobxonlar orasida gʻolib boʻlganim hayotimni butunlay oʻzgartirib yuborgan. Hayotga boshqacha koʻz bilan qaray boshladim.
Shu bois muloqot chogʻida mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yanada ommalashtirish, yoshlar oʻrtasida mutolaaga qiziqishni kuchaytirish boʻyicha takliflarni bildirdim. Prezidentimiz bilan qoʻl berib koʻrishganimda, bu insonning “Qoraqalpogʻistonlik qizim, men sizlarga ishonaman, harakatdan toʻxtamang”, degan soʻzlari qalbimga chuqur oʻrnashdi. Shu lahzada yelkamda katta masʼuliyat borligini his qildim.
Endi men ortimdan yoshlarni ergashtira olishim kerak. “Kitobxon millat” gʻoyasiga amaliy hissa qoʻshishim zarur. Toʻxtab qolishga haqqim yoʻq. Doimo oʻqish, izlanish va olgʻa intilish asosiy maqsadim boʻladi.
Tashabbusdan — amaliy harakatga

Murodbek Rahmonberdiyev,
Yoshlar ishlari agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi boshligʻi:
— Yurtimizda yoshlar siyosati mutlaqo yangi mazmun boyimoqda. Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar bu borada aniq dasturiy yoʻnalishni belgilab berdi. Xususan, hududlarda “Yoshlar biznes inkubatori”ni tashkil etish gʻoyasi yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitish, gʻoyani loyihaga aylantirish va moliyaviy koʻmak mexanizmlarini bir joyga jamlashni nazarda tutadi.
Jizzaxda oʻtgan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar ushbu siyosatning amaliy ifodasiga aylandi. Raqamlarga murojaat qilsak, “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida “Aloqa bank”ning hududiy kompleks xizmat koʻrsatish markazi tomonidan 725 ta loyihaga 99 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilgan. Eng muhimi, mazkur tashabbuslar orqali 1 ming 158 nafar yosh bandligi taʼminlangan.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga 400 ta loyihaning hayotga tatbiq etilgani ham eʼtiborga loyiq. Natijada 1 ming nafardan ziyod viloyatimiz oʻgʻil-qizlari doimiy daromad manbaiga ega boʻldi. Bu koʻrsatkich hudud iqtisodiyotida kichik biznes ulushi ortib borayotganini anglatadi. Muhimi, bunday imkoniyatlar orqali yoshlar oʻz gʻoyasini amalga oshirishga ishonch hosil qilmoqda.
“Kelajakka qadam” loyihasi doirasida “Milliy bank”ning viloyat boʻlimi tomonidan 232 nafar talabaning 6,9 milliard soʻmlik tashabbuslari moliyalashtirildi. Bu mablagʻ yosh mutaxassislarning mustaqil faoliyat boshlashiga jiddiy turtki beradi. Loyiha 4 ming 478 nafar bitiruvchining bandligiga xizmat qilishi rejalashtirilgani esa taʼsir doirasi ancha keng ekanini koʻrsatadi.
Eʼtiborlisi, yoshlar tadbirkorlikka jalb etilgani sari ularning ijtimoiy faolligi oshib, hududlarda ishsizlik darajasi pasayadi, ichki bozorda raqobat muhiti shakllanadi. Shunday ekan viloyatimiz yaqin yillarda innovatsion va tadbirkor yoshlar markazlaridan biriga aylanishi shubhasiz.
Har bir iqtidor mehrdan kuch oladi
Umarbek Karimov,
Urganch tumani 11-bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchisi Otamurod Reimbayevning otasi:
— Uchrashuvda oʻgʻlim Otamurod tor chertib, “Muhtasod” qoʻshigʻini ijro etgani va unga davlatimiz rahbarining otalarcha gʻamxoʻrligi, qoʻllab-quvvatlashi ota sifatida qalbimni toʻlqinlantirdi. Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, oilamiz bilan oʻgʻlimizdan juda faxrlandik.
Otamurodning musiqaga qiziqishi 4 yoshidan boshlangan. Qoʻshni qishlogʻimizdagi isteʼdodli xonanda Ogʻabek Sharifboyev uning iqtidorini koʻrib, kelgusida yaxshigina ijodkor chiqadi degan eʼtirofidan keyin uning sanʼatga mehri yanada ortdi. Oʻgʻlim 9 yoshida qishlogʻimizdan 17 kilometr uzoqda joylashgan Urganch tumanidagi 11-bolalar musiqa va sanʼat maktabiga qatnay boshladi. Tor sirlarini birinchi ustozi Oybek Atayevdan oʻrgandi. Shu mehnatlar samarasi kechagi kunda yaqqol koʻrindi.
Prezidentimiz tomonidan farzandimga avtomobil sovgʻa qilingani butun oilamiz uchun kutilmagan baxt boʻldi. Bu eʼtiborni qishlogʻimiz ahli, tumandoshlarimiz va butun Xorazm xalqi katta quvonch bilan qabul qildi. “Qishlogʻimiz bolasi Prezidentdan mashina oldi”, degan gapni eshitishning gashti boʻlakcha boʻlarkan.
Men uchun eng katta baxt — farzandimning sanʼatga qiziqishi, muhabbati qadrlanganidir. Prezidentimizning yosh isteʼdodlarga berayotgan mana shunday eʼtibori yuragimizga bir olam shodlik bagʻishladi. Bu umrbod yodda saqlashga arzigulik voqea boʻldi. Zero, har bir iqtidor mehrdan kuch oladi.
Mamlakatimizda yoshlar siyosati kun sayin yuksalib bormoqda. Aytilgan har bir tashabbus ortida amaliy qadam turibdi. Bu ishonch va gʻamxoʻrlik yoshlarni yanada faol, yanada masʼuliyatli boʻlishga chorlaydi. Eng muhimi, yigit-qizlar oʻz ovozi, taklif va tashabbuslari eshitilayotganini qalbdan his qildi. Shu tuygʻu ularni yangi gʻoyalar sari yetaklaydi. Kelajak esa aynan shu ishonchdan boshlanadi.
Ulugʻbek Roʻzimatov
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring