“Ular shu vaqtgacha toʻlash kerak boʻlgan katta badalni toʻlash vaqti keldi” — Tramp uch davlat mahsulotlariga boj joriy etishga vaʼda berdi
Foto: AFP
AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp chegarani noqonuniy kesib oʻtish va giyohvand moddalar savdosiga javoban Meksika va Kanadadan kelgan barcha mahsulotlarga 25, Xitoy mahsulotlariga esa qoʻshimcha 10 foizlik boj joriy etishga vaʼda berdi.
Trampning qarori xalqaro bozorlarni hayratda qoldirdi va Oq uyga qaytayotgan prezidentning “Amerikani yana buyuk qilish” maqsadiga ishora qildi.
“Truth Social” ijtimoiy platformasidagi postida Tramp oʻz maʼmuriyatining birinchi kunidayoq Meksika va Kanada importiga bojlar joriy etishini, bu choralar hujjatsiz muhojirlar va giyohvand moddalarning “oqib kirishi” tugamaguncha davom etishini aytdi.
«Meksika ham Kanada ham uzoq davom etayotgan bu muammoni osongina hal qilish uchun mutlaq huquq va kuchga ega. Biz shu bilan ulardan bu kuchdan foydalanishni talab qilamiz va ular shu vaqtgacha toʻlash kerak boʻlgan katta badalni toʻlash vaqti keldi”, — deydi Tramp. Shuningdek, u mamlakat fentanil kontrabandasini toʻxtatish choralarini koʻrmaguncha, Xitoyga ham qoʻshimcha tariflardan yuqori 10 foizlik boj joriy etishni maʼlum qildi.
Tramp taklif qilgan tariflar saylovoldi kampaniyasida aytgan tariflarga qoʻshimcha boʻladimi yoki uning oʻrnigami bu hozircha maʼlum emas. Tramp saylovoldi tashviqoti davomida Xitoy tovarlari importiga 60 foiz va undan ortiq bojlar joriy etishini taʼkidlagan edi. Meksikadan olib kelingan avtomobillarga esa 1000 foiz va undan yuqoriroq boj qoʻyishni taklif qilgandi.
«Xitoy vakillari menga bu ishni qilgan har qanday giyohvand moddalar sotuvchisi uchun oʻzlarining eng yuqori jazosini, yaʼni oʻlim jazosini qoʻllashlarini aytishdi. Giyohvand moddalar mamlakatimizga asosan Meksikadan kirib kelmoqda”, — deydi Tramp.
Trampning ushbu bayonotidan keyin xalqaro bozorlarda aks-sado bera boshladi. Kanada dollari, Meksika pesosi, Yevro, Britaniya funti, Koreya voni va Avstraliya dollari kabi valyutalar AQSH dollariga nisbatan pasaydi.
Kanadaning milliy teleradiokompaniyasi Trampning eʼlonini “soʻnggi yillardagi Kanadaga qarshi eng jiddiy tahdidi” deb taʼrifladi. Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi tomonlar oʻrtasidagi savdo urushida hech kim gʻalaba qozona olmasligini va ikki tomonlama hamkorlik oʻzaro manfaatli ekanligini taʼkidladi.
Koʻplab iqtisodchilar Trampning keng qamrovli tariflar boʻyicha takliflari AQSHda kundalik tovarlar narxini oshirishi va global oʻsishni susaytirishi haqida ogohlantirdi.
Xitoy, Meksika va Kanada AQSHning uchta eng yirik savdo hamkorlaridir. AQSH Savdo vakili idorasi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda bu mamlakatlar AQSH eksportining 830 milliard dollarini va AQSH importining 1,43 trillion dollarini tashkil qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring