Uglerodsiz energiya olish ekologiya uchun oʻta foydali

21:54 17 Iyun 2022 Iqtisodiyot
622 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda mamlakatimizda Atom energetikasini rivojlantirish (UzAtom) agentligi faoliyat olib bormoqda. Agentlikda Respublikamizda atom energetikasini rivojlantirishda chet el investitsiyalarini jalb qilish, ekologik sharoit nuqtai-nazaridan Atom elektr stansiyalaridan foydalanish, Atom energiyasini ishlatishda xalqaro tashkilotlarning ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish yuzasidan samarali ish olib borilmoqda.  

Hozirgi vaqtda elektr energiyasidan foydalanmaydigan biror sohani topish mushkul. Shuning uchun ham elektr energiyasi ishlab chiqarish, tabiiy resurslar oʻrnini egallovchi va koʻproq foyda beruvchi manbaga ega boʻlish ehtiyoji yildan-yilga ortib bormoqda. Bu borada atom energetikasining samarasi ancha yuqori. Masalan 1 kg uran 2,5 tonna koʻmir yonganda beradigan miqdorda issiqlikni beradi. Demak, buning ekologiyaga ham katta foydasi bor.

Lekin har qanday foyda keltiradigan ishning ham oʻziga yarasha afzalliklari hamda salbiy oqibatlari mavjud. Iqtisodiyotni sanoatlashtirish oʻz yoʻliga, ammo atom energetikasi boshlangandan beri u bilan bogʻliq yadroviy halokatlar insoniyatni xavotirga soladi. Ammo tan olish kerak, atom energiyasidan voz kechish, neftga qaramlikni oshiradi. Qulay tomoni esa atom energiyasi toza va yonganda ekologiyaga xavf tugʻdirmaydi. Shundoq ham Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 85 foizi gaz va koʻmir hisobidan olinsa, bor-yoʻgʻi 15 foizi gidroelektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi.

— Maʼlumki, dunyo olimlari global isishning oldini olish boʻyicha bosh qotirmoqda, — deydi agentlik matbuot kotibi Gulruxsor Ravshanova. — Yaʼni atmosferaga karbonat angidrid chiqarmaydigan energiya olish tizimiga oʻtish yoʻllari izlanmoqda. Atom elektr stansiyasida uglerodsiz energiya olish imkoniyati mavjud va bu ekologiya uchun oʻta foydali tizimdir.

Savol tugʻiladi, dunyo atom energiyasiga muhtojmi? Xalqaro energetika agentligi (MAGATE) maʼlumotlariga koʻra, hozirda 31 ta davlatda atom elektr stansiyalari bor. Dunyoda ishlab chiqarilayotgan atom energiyasining qariyb yarmi AQSH va Fransiyaga toʻgʻri keladi.  

Mutaxassislarning fikriga koʻra, Oʻzbekistonda ham yaqin kelajakda Atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilyapti va unga Jizzax viloyati Forish tumanidagi Tuzkon hududi ustuvor maydon sifatida tanlangan. Albatta, AES ishga tushgach, ekologik toza muqobil energiya manbaiga ega boʻlamiz. AES qurilishi natijasida koʻplab malakali kadrlarni ishga jalb etiladi. Eng muhimi, mamlakatimizda elektr energiyasi taqchilligining oldini olishda atom elektr stansiyasining hissasi katta boʻladi.

Marjona ABDURAHMONOVA, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер