“Uddaburon” talabalar kimni aldamoqchi?

Bir necha oy avval bakalavr talabaning ilmiy ishiga taqrizchi sifatida uning himoyasida ishtirok etdim. Ishni oʻqigan kengash aʼzolaridan biri “Buni talaba oʻzi yozmagan, ehtimol sunʼiy intellekt yozib bergandir” deb qoldi. Men esa unga javoban: “Yoʻq, sunʼiy intellekt (SI) bundan yaxshiroq yozgan boʻlardi”, dedim. Va shu birgina voqea bugungi oliy taʼlim va ilmdagi muammolarga koʻzgu tutdi deyish mumkin. Zotan, bugun har qanday ijodiy izlanishga shubha bilan qaralayotgan davrda yashayapmiz.
2023-yilda oʻtkazilgan xalqaro soʻrovnomalar ham bu holatni tasdiqlaydi. Masalan, AQSHdagi yirik universitetlarning 60 foizidan ortigʻi talabalarning yozma ishlarida sunʼiy intellektdan foydalanilganini qayd etgan. Avstraliyada esa oʻqituvchilarning 72 foizi SI akademik halollikni jiddiy xavf ostiga qoʻyayotganini taʼkidlagan.
Bugun butun dunyo sunʼiy intellektni jadal joriy etmoqda. Hukumatlar uni raqamli taraqqiyotning asosiy omili sifatida koʻrib, taʼlim, tibbiyot, transport, hatto sanʼatda ham qoʻllashni tavsiya etmoqda. Ammo umumiy yutuqlar soyasida taʼlim tizimiga xos, juda nozik va xavfli jihatlar yashirinib yotibdi.
Avvaliga sunʼiy intellekt oddiy yordamchi sifatida koʻringan: talaba uchun matn yozishda, oʻqituvchi uchun dars rejasini tuzishda, izlanuvchi uchun maʼlumotni tartibga solishda yordam berardi. Ammo jarayon tobora boshqa tomonga ogʻmoqda. Endi u talabaning mustaqil fikrlashi, izlanishi va mehnat qilish ehtiyojini susaytirmoqda. “Uddaburon”lik niqobini kiygan ayrim talabalar esa sunʼiy intellekt “ijodi” bilan atrofdagilarni aldayotgani ham sir emas.
Bugungi talabalar uchun tezkorlik asosiy qurolga aylandi: “birgina buyurtma — tayyor natija”. Referatmi, kurs ishimi, hatto bitiruv malakaviy ishi — barchasi bir xil mexanika boʻyicha yozilmoqda: kalit soʻz, topshiriq, nusxa. Eng xavfli tomoni shundaki, bunda natija bor, ammo fikr yoʻq. Kitob javonidan kerakli kitobni izlash, soatlab manbalarni oʻqish “keraksiz mehnat”dek koʻrinmoqda. PISA natijalariga koʻra, 18 — 25 yoshdagi yoshlarning qariyb 40 foizi kurs ishlari va referatlarni tayyorlashda “ChatGPT” yoki shunga oʻxshash vositalardan muntazam foydalanmoqda. Bu koʻrsatkich “tezkorlik asosiy qurolga aylandi” degan fikrni tasdiqlab, yozma ishlar asta-sekin mehnat mahsuli emas, texnologiya mahsuliga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
— Men sunʼiy intellektga toʻliq ishonch bildirmayman, — deydi pedagog va jurnalist, filologiya fanlari doktori Perxan Allambergenova. — Ha, u maʼlumotlarni tartibga solib berishi mumkin, ammo uni haddan tashqari qoʻllash inson tafakkuriga xavf tugʻdiradi. Miya mashq qilgan sari rivojlanadi, tayyor bilimni qabul qilish esa uni sustlashtiradi. Shu bois men doimo ilmiy adabiyotlar va rasmiy manbalardan foydalanishni afzal bilaman. Bu koʻproq vaqt oladi, ammo bilim mustahkamlanadi, tafakkur uygʻoq boʻladi.
Kembrij universiteti psixologlari olib borgan tadqiqot ham bu fikrni ilmiy jihatdan tasdiqlaydi. Tadqiqotda muntazam ravishda SIdan foydalanadigan talabalarda mustaqil yozma fikr bildirish qobiliyati 20 — 25 foizga pasaygani aniqlangan.
Britaniyalik jurnalist va jamiyatshunos Jon Noton ham bu jarayonga jiddiy eʼtibor qaratadi. U oʻz maqolalarida taʼkidlaganidek, sunʼiy intellektning taʼlimga kirib kelishi bilan yozma topshiriqlar mohiyatan oʻz qadrini yoʻqotmoqda. Chunki talaba endi yozish jarayonidan voz kechib, SI yordamida tayyor natijani olishga odatlanmoqda. J. Noton bu vaziyatni “taʼlim tizimini bosib kelayotgan yashirin xavf” sifatida taʼriflab, savol qoʻyadi: endi oʻqituvchilar kimni baholashmoqda — haqiqiy talabaning biliminimi yoki mashina algoritmini?
Topshiriqlarda sunʼiy intellektdan foydalanishni “faqat yordamchi vosita” deb oqlashadi, ammo yordamchi sifatida foydalanish bilan butun ishni uning zimmasiga topshirib qoʻyish oʻrtasidagi farq yer bilan osmoncha. Aynan shu yerda “akademik halollik” deb nomlanuvchi eng asosiy qadriyatimiz zarar koʻradi. Chunki koʻchirmachi endi faqat matnni koʻchirib olish emas, balki mustaqil fikrlashdan voz kechish shaklida ham namoyon boʻlmoqda. Oddiy plagiatni maxsus dasturlar aniqlardi, lekin SI yaratgan matn koʻpincha bunday bazalarda topilmaydi. Yana bir muammo: talaba ishni oʻziniki qilmaydi — u na matnni oʻqigan, na muhokamadan oʻtkazgan va na tahlil etgan. Masalan, “Turnitin” kompaniyasi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda tekshirilgan yozma ishlarning 10 — 15 foizida SI ishtiroki aniqlangan.
Amerikalik huquqshunos-pedagog Pamela Samuelson generativ sunʼiy intellekt va mualliflik huquqi oʻrtasidagi murakkab chegaralarni tahlil qiladi. Uning taʼkidlashicha, SI orqali yaratilgan matnning maqomini faqat “plagiatmi yoki original asarmi?” degan oddiy savol bilan aniqlab boʻlmaydi. Uning fikricha, SI yordamida yuzaga kelgan matnlarning bir qismi avtomatik qayta ishlash natijasi, boshqasi esa ijodiy oʻzgarishdir. Shu bois har bir chiqish mazmuni, originallik darajasi va foydalanilgan manbalari asosida alohida baholanishi lozim.
— Sunʼiy intellekt turli sohalarda qulaylik yaratmoqda. Lekin taʼlim va ilmiy ijod haqida gapirganda, mualliflik huquqi masalasi dolzarb boʻlib qoladi. Insonning ijodiy mahsuli — mualliflik huquqi bilan himoyalangan. Ammo sunʼiy intellekt yaratayotgan matnlarning maqomi hali aniq emas. Shu sababli, plagiat, halollikning susayishi, asarlardan ruxsatsiz foydalanish kabi muammolar kuchaymoqda. Biz ham qonunchilikni tezroq yangilashimiz kerak, aks holda intellektual mulkni himoya qilish qiyinlashadi, — deydi yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, huquqshunos-pedagog Abdumoʻmin Yoʻldoshev.
Oʻzbekistonda ham akademik halollik qoidalari mavjud. Ammo muammo ularning amalda toʻliq ishlamasligida. Talabalarning yozma ishlari koʻpaygan, oʻqituvchilarning yuklamasi ogʻir, nazorat mexanizmlari esa deyarli oʻzgarmagan. Bunday sharoit “tezroq topshirish”ni ragʻbatlantiradi. Boshqacha aytganda, bugungi taʼlim muhitida tezkorlikka qaramlik roʻy bermoqda. Muddat qisqa, raqobat kuchli. Natijani tez koʻrsatish istagi talabalarni sunʼiy intellektdan kengroq foydalanishga undaydi. Aslida muammo texnologiyaning oʻzida emas, balki undan qanday foydalanishda. SI yordamchi vosita boʻlishi mumkin, lekin u hech qachon talabaning oʻrniga ishni bajarib qoʻymasligi kerak. Bu farqni aniq belgilash esa taʼlim tizimidagi masʼullar zimmasida. Buning uchun topshiriq mazmunini qayta koʻrib chiqish, baholash meʼyorlarini takomillashtirish, jarayonni hujjatlashtirish va halollikni kafolatlaydigan qoidalarni joriy etish zarur. Eng muhimi, auditoriyada talabaga mustaqil fikrlash, dalil keltirish va bilimni amalda qoʻllash imkonini yaratishdir.
“Avlod Media” tomonidan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, oliy taʼlim muassasalari talabalarining qariyb 80 — 90 foizi “ChatGPT”dan kamida bir marta foydalanganini bildirgan.
Qiziq tomoni shundaki, sunʼiy intellektdan faol foydalanayotgan talabalar koʻpincha bilim darajasi oʻrtacha yoshlar boʻlib chiqadi. Chunki past koʻrsatkichga ega boʻlganlar SIdan toʻliq foydalana olmaydi — buyruq berish, matnni qayta ishlash yoki natijani moslashtirish ularning koʻnikmasidan tashqarida. Yuqori darajadagi talabalar esa SIdan butunlay voz kechmagan boʻlsada, hech qachon uni oʻz ishi sifatida taqdim etmaydi.
Rivojlangan mamlakatlar bu jarayonni tartibga solishga urinmoqda: maxsus qoidalar ishlab chiqilmoqda, nazorat mexanizmlari joriy qilinmoqda. Ammo rivojlanayotgan davlatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda, bu boradagi nazorat sust. Akademik halollik madaniyati hali toʻliq shakllanmagan, tekshiruv vositalari esa, ayniqsa, oʻzbek tilida, cheklangan. Bu esa uzoq muddatda taʼlim sifatidan tashqari iqtisodiyot va ilm-fanga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Sunʼiy intellekt taʼlim tizimiga nafaqat xavf, balki katta imkoniyatlarni ham taqdim etdi. Eng avvalo, bu — manbalar bilan ishlashda vaqtdan unumli foydalanishda qoʻl kelyapti. Ilgari talaba birgina ilmiy maqola uchun zarur maʼlumotlarni topish uchun koʻp vaqtini kutubxonada oʻtkazishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, endilikda birgina soʻrov orqali yuzlab manbalar topib, keraklisini saralab olishi mumkin. Bu vaqtni tejaydi, izlanish imkoniyatini kengaytiradi va talabaning dunyoqarashini boyitadi.
Sunʼiy intellektning yana bir foydali tomoni — til oʻrganishdagi yordami. Chet tilida maqola oʻqish yoki matnni tarjima qilish ilgari qiyin vazifa boʻlsa, SI bu jarayonni ancha yengillashtirdi. Talaba qisqa fursatda notanish tilni tushunib, ilmiy yoki badiiy asar mazmunidan xabardor boʻlishi mumkin. Ammo sunʼiy intellektni asosiy bilim manbai sifatida koʻrish xato. U faqat yordamchi boʻlishi mumkin.
Shunday ekan, aslida “uddaburon” talabalar kimni aldashmoqda? Faqat oʻzlarini! Bir tugma bosib yozilgan referat yoki kurs ishi talabaning bilimini boyitib qolmaydi. Shu bois asosiy masala texnologiyani taqiqlashda emas, uni qanday chegarada ishlatishda. Sunʼiy intellekt yordamchi boʻlib qolsa, bilim olishga xizmat qiladi, talabaning oʻrniga ishlasa — tafakkurni yemiradi. Haqiqiy taʼlim esa kitob oʻqish, ustozning soʻzi va mustaqil izlanish orqali shakllanadi.
Bugungi kun vazifasi — sunʼiy intellektdan foydalanishda aniq chegaralarni belgilash va eng muhim qadriyatlarni — halollik, mustaqil fikrlash va chuqur bilimni saqlab qolishdir. Aks holda, kelajakda bilimli mutaxassis emas, balki tayyor matnga qaram avlod yetishib chiqishi mumkin.
Sanjar SHOMURODOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring