“Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” respublika anjumani bo‘lib o‘tmoqda
Ilmu ma’rifatli avlod ta’lim – tarbiyasi barcha davrlarda ham dolzarb bo‘lib kelgan. Hayot davlat va jamiyat oldiga o‘ta mas’uliyatli vazifalarni qo‘yayotgan shu pallada esa o‘g‘il – qizlarimizning zamonaviy bilimlarni chuqur egallashlari, ona – yurtga, milliy qadriyatlarimizga nechog‘li mehru muhabbat qo‘yganliklari har qachongidan ham muhimdir. Negaki, har qanday taraqqiyotga ilmu ma’rifat orqali erishiladi. Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari” respublika anjumani mazmun – mohiyatida shu fikr ustivorlik qilmoqda.
Anjumanning shu nom bilan atalgan asosiy tadbiri Mir Arab oliy madrasasida bo‘lib o‘tdi. Bu bejiz emas. Mir Arab mintaqamizdagi ko‘hna bilim maskanlaridan sanaladi. Ushbu madrasaning tarixi Ubaydullaxon davriga borib taqaladi. 1535 – 1536 yillarda Sayyid Abdulloh Yamaniy tomonidan qurdirilgan bu madrasada dunyoning turli mintaqalaridan kelgan tolibi ilmlarga diniy va dunyoviy bilimlar berilgan, ayni damda ham u o‘z faoliyatini davom ettirayapti. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Mir Arab oliy madrasasi uchun milliy va zamonaviy me’morlik an’analari uyg‘unlashgan yangi binoning barpo etilishi ilmu ma’rifatga bo‘lgan bir e’tibor namunasi bo‘ldi.
Anjuman ochilish marosimida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Minhojiddin Mirzo onlayn tarzda so‘z olib, respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan ma’rifat targ‘ibotchilari, olim va ziyolilar e’tiborini soha oldida turgan dolzarb vazifalarga qaratdi. “Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro viloyat kengashi raisi S. Husenov, siyosiy fanlar doktori, professor N. Jo‘rayev, falsafa fanlari doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi J. Shermuhammedova va boshqalar ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad, sohagi ishlar samaradorligini oshirish masalalari xususida to‘xtaldilar.
- Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab – quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Buxoro viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumandan ko‘zlagan maqsadlarimiz ko‘p,- deydi respublika Ma’naviya va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. - Tadbir avvalo soha xodimlari uchun o‘zaro tajriba almashish maydonchasi vazifasini o‘taydi. Sohaga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, anjuman ish rejasiga muvofiq , “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”ga oid davlat dasturi doirasidagi tegishli vazifalarni bajarish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazilayapti.
Darhaqiqat, “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimoti, “Mehr – muruvvat va saxovat”, “Ma’rifat tur” ijtimoiy loyihalari, “Milliy qo‘shiqlar va maqom” konsert dasturi anjuman ishtirokchilari va yoshlar o‘rtasida o‘ziga xos muloqot maydoniga aylanmoqda.
Anjuman ertaga ham davom etadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring