“Yosh kitobxon” tanlovining uch nafar gʻolibiga Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” avtomobillari topshirildi

Foto: “Xalq soʻzi”
Mana necha yildirki, navqiron avlod vakillarining mutolaaga boʻlgan qiziqishini oshirish, maʼnaviy va maʼrifiy dunyosini boyitish, ularda tanqidiy fikrlash hamda bilim olish istagini shakllantirish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovi anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.
Bu galgi tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 24 – 31-mart kunlari tashkil etilib, ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “Sheʼriyat” va “Kvest” shartlari asosida oʻzaro bellashishdi.
Tanlov natijalariga koʻra, 10 – 14 yosh toifasida 1-oʻrinni Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidan Dilbarxon Haydarovaga, 2-oʻrinni Samarqand viloyati Nurobod tumanidan Gulmira Norpoʻlatovaga, 3-oʻrinni esa Navoiy viloyati Zarafshon shahridan Nastarin Ibrohimova qoʻlga kiritdi.
15 – 19 yosh toifasidagi yoshlar oʻrtasida esa 1-oʻringa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toʻrtkoʻl tumanidan Oʻgʻiljayron Xaldurdiyeva, 2-oʻringa sirdaryolik Shahnozabonu Murodova, 3-oʻringa esa samarqandlik Mohinur Muhtorova egalik qildi.
20 – 30 yosh toifasidagi bellashuvda Xorazm viloyatidan Maftuna Ochilova birinchi, Buxoro viloyatidan Shamshoda Hamdamova ikkinchi, Samarqand viloyatidan Ochilova Muxlisa uchinchi oʻringa loyiq koʻrildi.
Kecha poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi va gʻolib hamda sovrindorlarga mukofotlar topshirildi. Jumladan, bilimlar bellashuvida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan yosh kitobxonlar Prezident sovgʻasi — “BYD Chazor” elektromobillari bilan taqdirlandi. Ikkinch oʻrin egalari 75 mln., 3-oʻrin egalari esa 50 mln. soʻm bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, qolgan faol ishtirokchilar ham 10 mln. soʻm pul mukofotiga ega boʻlishdi.
— Kitob mening bolalikdan eng yaqin doʻstim, qoʻlimga ilk bor onam keltirgan rangli kitobchani olganim va katta qiziqish bilan varaqlaganim hali hamon esimda, — deydi 20 – 30 yosh toifasidagi 1-oʻrin sohibi Maftuna Ochilova. — Oʻtgan yillar mobaynida kitob bilan yanada qadrdon boʻlib ketdim. Toʻgʻrisini aytsam, har kuni kamida 3-4 bet oʻqimasam koʻnglim joyiga tushmaydi, nimadir kamdek tuyulaveradi. Mana, bugun kitobga muhabbatim menga muzaffarlik keltirdi, gʻoliblar safida magʻrur turibman. Ishonamanki, bu hali boshlanishi kitob hali men va men kabi yoshlarga koʻplab yaxshiliklar olib keladi.
Qayd etish joizki, ushbu bellashuv bugun yurtimiz yoshlarning sevimli tanloviga aylanib ulgurdi, bu bilish uchun oʻtgan yillardagi natijalar va yutuqlarga bir qur nazar tashlasak.
Musobaqaga bugunga qadar 4,7 milliondan ortiq yoshlar qamrab olingan boʻlib, tanlovning respublika bosqichida 238 nafar yosh kitobxon ishtirok etgan va 17 nafari gʻoliblikni qoʻlga kiritib Prezident sovgʻasi — “Spark” hamda 3 nafari “Kobalt” avtomashinasi bilan taqdirlangan. Eʼtiborlisi, tanlovda gʻolib boʻlgan 14 nafar qizdan 8 nafari davlatimiz rahbari tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan va bugun ular turli yoʻnalishlarda taʼlim olib, samarali faoliyat koʻrsatib, boshqalarga oʻrnak koʻrsatib kelishmoqda.
Tahlillarga koʻra, kitob doʻkonlari va kutubxonalarda eng koʻp izlanayotgan kitoblar aynan “Yosh kitobxon” tanlovida eʼlon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar boʻlib, bu oʻz oʻrnida kitob bozorida talab va taklif ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2024-yilda 913 mingga yaqin yoshlar musobaqada qatnashish istagida ariza yuborgan va shulardan 42 nafari respublika bosqichiga yetib keldi.
Rahmatjon BOBOJONOV, (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring