Fabio Kannavaro debyut oʻyinida gʻalaba qozondi

11:32 10 Oktyabr 2025 Sport
129 0

Foto: O‘FA

Kecha, 9-oktyabr kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoadagi debyut oʻyinini oʻtkazdi. Unda “oq boʻrilar” Quvayt terma jamoasini 2:0 hisobi bilan magʻlub etdilar. Taʼkidlash kerakki, bu orqali Kannavaro Oʻzbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyatini gʻalaba bilan boshlashga erishdi. Xoʻsh, Oʻzbekiston milliy terma jamoasini boshqargan boshqa xorijlik murabbiylarning debyuti qanday oʻtgan?

Ubirajara Veyga da Silva

1955-yil Braziliyaning Portu-Alegri shahrida tugʻilgan mutaxassis Veyga da Silva 1997-yil “Paxtakor” klubiga yordamchi murabbiy sifatida jalb etiladi. Qizigʻi, oradan koʻp vaqt oʻtmay, Veyga Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanadi. Bu voqea 1997-yilning oktyabr oyida yuz beradi.

Uning Oʻzbekiston milliy terma jamoasidagi debyut oʻyini 1997-yilning 25-oktyabr sanacida Jahon chempionati saralashining “final round”i doirasida boʻlib oʻtadi.

Ushbu bahsda Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga Qozogʻiston termasi raqiblik qiladi. Uchrashuv Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 4:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlanadi.

Gollarga “oq boʻrilar”dan Igor Shkvirin (2 ta), Andrey Fyodorov va Mirjalol Qosimov mualliflik qiladi.

Pavel Sadirin

1994-yili Rossiya terma jamoasini Jahon chempionatiga boshlab borgan va 2001-yil saraton kasalidan vafot etgan Pavel Sadirin ham qisqa fursat Oʻzbekiston milliy terma jamoasida ishlagan. Aniqrogʻi, uning faoliyati faqat 1 ta oʻyindan iborat boʻlgan.

2000-yilning 18-may kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Bangkokda Tailand termasi bilan kuch sinashgan. Oʻyin mezbonlarning 2:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan. Ushbu oʻyindan soʻng, Sadirin Oʻzbekiston milliy jamoasini tark etgan.

Vladimir Salkov

1937-yili Ukrainaning Donesk shahrida tugʻilgan mutaxassis Vladimir Salkov Oʻzbekiston milliy terma jamoasida statistika jihatidan juda muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan murabbiylardan biri hisoblanadi.

Uning boshqaruvida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 19 ta oʻyin oʻtkazib, ularning 10 tasida gʻalaba qozongan. Salkovning debyuti ham omadli chiqqan.

U Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida 2000-yilning 26-iyul kuni “Merdeka kubogi” doirasida birinchi oʻyinini oʻtkazgan. Ushbu oʻyin 2:1 hisobiga “oq boʻrilar”ning Hindiston ustidan qozongan gʻalabasi bilan yakunlangan.

Gollarga Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan Baxtiyor Hamidullayev va Anvar Berdiyev mualliflik qilgan.

Leonid Ostroushka

Aslі Ukrainda tugʻilgan qozogʻistonlik mutaxassis Leonid Ostroushkani koʻpchilik “Doʻstlik” klubi bilan Oʻzbekiston Oliy ligasi chempionligi va kubogi sohibi boʻlgani bilan yaxshi eslashadi.

Ammo, Leonid 2001-yili Oʻzbekiston milliy terma jamoasida ham qisqa fursat ishlagan. Uning boshqaruvida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 1 ta oʻyinda maydonga tushgan va oʻsha bahsda Xitoy termasi magʻlubiyatga uchratilgan. Oʻyinda kiritilgan yagona golga Nikolay Shirshov mualliflik qilgan.

Hans-Yurgen Gede

Germaniyalik mutaxassis Hans-Yurgen Gedeni koʻpchilik “Shalke-04” jamoasidagi futbolchilik faoliyati bilan taniydi. U murabbiylik faoliyatini asosiy qismida Eronda oʻtkazgan.

Turli yillarda Gede “Persepolis”, “Istiqlol Tehron”, “Shahid Gʻandi”, “Zob Ahan”, “Alyuminum” kabi jamoalarda, shuningdek, Eronning turli yoshlaridagi terma jamoalarida ishlagan. Gede 2003-yil Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi sifatida ishga taklif qilingan. 2004-yilda esa Hans-Yurgen milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida tayinlangan.

Unga terma jamoani 2006-yilgi Jahon chempionatiga olib chiqish vazifasi qoʻyilgan. 2005-yilning 9-fevral kuni Gede terma jamoa bosh murabbiyi sifatida birinchi oʻyinini oʻtkazgan. “Paxtakor” stadionida boʻlib oʻtgan bahsda Oʻzbekiston terma jamoasiga Saudiya Arabistoni raqiblik qilgan. Oʻyin 1:1 hisobidagi durang natijasi bilan yakunlangan. “Oq boʻrilar”dan kiritilgan yagona golga Anvar Soliev mualliflik qilgan.

Valeriy Nepomnyashchiy

Kamerun terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqqani bilan dunyoga tanilgan Valeriy Nepomnyaщiy 2006-yil “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi sifatida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan.

Osiyo chempionati saralashi oldidan Valeriy Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshlaydi. 2006-yilning 22-fevral sanacida u Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida dastlabki oʻyinini oʻtkazgan. Ushbu bahsda “oq boʻrilar” 5:0 hisobiga Bangladeshni magʻlub etishni uddalagan.

Oʻyinda kiritilgan gollarga Aleksandr Heynix (2 ta), Maksim Shaskix (2 ta) va Server Jeparov mualliflik qilgan.

Bob Xouton

“Fulhem”, “Brayton” kabi klublardagi futbolchilik faoliyati bilan barchaga tanilgan Bob Xouton Osiyodagi koʻp yillik faoliyatidan keyin 2005-yil Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan.

Jahon chempionati saralashi doirasidagi 2005-yilning 17-avgust kuni Quvayt terma jamoasiga qarshi oʻtgan bahsda Bob Oʻzbekiston termasidagi dastlabki oʻyinini oʻtkazgan. Oʻyin “oq boʻrilar”ning 3:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan kiritilgan gollarga Server Jeparov, Maksim Shaskix va Anvar Soliyev mualliflik qilgan.

Ektor Kuper

“Valensiya” va “Deportivo” kabi klublardagi murabbiylik faoliyati bilan tanilgan Ektor Kuper 2018-yilning avgust oyida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligini qabul qilib olgan.

Uning boshqaruvida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 17 ta oʻyin oʻtkazgan. Uning debyuti 2018-yilning 6-sentyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan. Ushbu bahsda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Suriya termasi bilan 1:1 hisobiga durang oʻynagan.

Ushbu oʻyinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan kiritilgan yagona golga Marat Bikmaev mualliflik qilgan.

Srechko Katanes

Oʻzbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionatiga chiqishiga asosiy sababchilardan biri boʻlgan Srechko Katanesni hali unutganimiz yoʻq.

2021-yilning avgust oyida Oʻzbekiston milliy terma jamoasini qabul qilib olgan Srechko “oq boʻrilar” boshqaruvida 43 ta oʻyin oʻtkazgan. Ushbu oʻyinlarning 27 tasida Oʻzbekiston termasi gʻalaba qozongan.

Srechko Katanesning terma jamoadagi debyuti 2021-yilning 5-sentyabr sanacida boʻlib oʻtgan. Solna shahrida boʻlib oʻtgan ushbu oʻyinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Shvetsiya bilan kuch sinashgan. Oʻyin Yevropa vakilining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan.

Oʻzbekiston terma jamoasidan ushbu oʻyinda kiritilgan yagona golga Eldor Shomurodov mualliflik qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер