Tramp nimani gʻalaba deb hisoblaydi? Eron bilan urushning uchinchi haftasida mavhumlik saqlanib qolmoqda

10:41 17 Mart 2026 Dunyo
297 0

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi uchinchi haftadirkim davom etmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp qoʻyilgan maqsadlarga qay darajada yaqinlashilganini baholash uchun aniq mezonlarni hali shakllantirgani yoʻq (har holda ommaviy ravishda). Aslida, u nimani maqsad qilganini ham aniq aytmadi: rejimni almashtirishmi, Eronni yadroviy va raketa dasturlari boʻyicha kelishuvga majbur qilishmi yoki shunchaki uning harbiy salohiyatini yoʻq qilishmi?

Eronga iqtisodiy, siyosiy va mudofaa qobiliyati nuqtayi nazaridan juda katta zarar yetkazildi. Biroq u Hurmuz boʻgʻozida kemalar qatnovini amalda toʻsib qoʻyishga muvaffaq boʻldi va shu orqali dunyo neft trafigining qariyb beshdan bir qismini falaj qildi — bu esa neft narxining sezilarli darajada oshishiga sabab boʻldi. Islom Respublikasi AQSH va Isroil bilan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvda gʻalaba qozonish imkoniga ega boʻlmagach, ular uchun urush narxini oshira boshladi. Xususan, nizo koʻlamini kengaytirib, koʻplab qoʻshnilariga hujum qildi va shu yoʻl bilan butun Yaqin Sharqda va jahon bozorlarida beqarorlikni yuzaga keltirdi.

Endi amerikaliklar nima qiladi?

The New York Times yozishicha, Trampda voqealar rivoji uchun ikkita asosiy variant bor: yoki yanada ulkan maqsadlarga erishish (masalan, Eronda doʻstona yoki hech boʻlmaganda gapga kiradigan rejim oʻrnatish) uchun jangovar harakatlarni davom ettirish, yoki mojarodan chiqish.

Agar Tramp urushni davom ettirishga qaror qilsa, u zaiflashgan, ammo hamon xavfli boʻlgan dushman bilan jang qilishiga toʻgʻri keladi. Tramp maʼmuriyati Eronga hujum qilishning koʻplab oqibatlarini oldindan koʻra olmadi, oyatullohlar rejimining har qanday holatda ham himoyalanishga tayyorligini va jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazish qobiliyatini past baholadi. Mojaroning davom etishi kutilmagan oqibatlar yanada koʻpayishi xavfini tugʻdiradi va oxir-oqibat vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin.

Hatto AQSH ichida Trampning tarafdorlari orasida ham xavotir kuchaymoqda: koʻpchilik unga aynan mamlakatni urushga tortmaslikka vaʼda bergani uchun ovoz bergan edi.

Biroq Tramp katta yoʻqotishlarsiz (kamida siyosiy) mojarodan shunchaki chiqib keta olmaydi. U urush boshida aytgan maqsadlarining birortasiga erishgani yoʻq. Eron yadroviy qurol yarata olmaydi, degan kafolatlar hamon yoʻq. Koʻplab yadroviy obyektlar bombalangan, mutaxassislar oʻldirilgan, ammo infratuzilmani hali ham tiklash mumkin. Bundan tashqari, Eronda taxminan oʻnta yadroviy kallak uchun yetarli boʻlgan yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari qolmoqda.

Islom Respublikasining raketa arsenali sezilarli darajada kamaygan, uni toʻldirish imkoniyatlari cheklangan, harbiy-dengiz kuchlari deyarli butunlay yoʻq qilingan — lekin Eron hamon boshqa davlatlarga xavf tugʻdirishga qodir. Oyatullohlar rejimi oʻz rahnamosi Ali Xomanaiydan ayrilgan boʻlsa-da, qulab tushmadi. Uning asosiy tayanchi — Islom inqilobi muhofizlari korpusi mamlakat ichidagi ustuvor qurolli kuch boʻlib qolmoqda.

Ikkita ehtimoliy ssenariy

Birinchisi — tinkani qurituvchi urushning davom etishi. Mojaroning tugash muddati asosan oʻq-dorilar zaxirasiga bogʻliq: Eronda — raketa va dronlar, AQSH va uning ittifoqchilarida — Havo mudofaasi vositalari.

Bu ssenariyda AQSH Hurmuz boʻgʻozida kemalar qatnovini himoya qilishni tashkil etishi kerak boʻladi. Tramp allaqachon ittifoqchilarini bu missiya uchun kemalar yuborishga chaqirdi, ammo Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Janubiy Koreya unga rad javobini berdi.

Ikkinchi ssenariy — Donald Trampning urush xarakterini oʻzgartiruvchi keskin qarori. Masalan, Fors koʻrfazidagi Xarg orolini quruqlikdagi qoʻshinlar bilan egallab olish (Eron neft eksportining deyarli hammasi shu orol orqali oʻtadi). Shuningdek, Erondan boyitilgan uran zaxiralarini olib chiqib ketish uchun maxsus kuchlar reydini oʻtkazish gʻoyasi ham muhokama qilinmoqda. Bu variantlarning ikkalasi ham amerikalik harbiylar uchun katta xavf tugʻdiradi va Eronning taslim boʻlishini kafolatlamaydi.

Ikki mingdan ortiq kishi halok boʻldi

Pentagon operatsiyani muvaffaqiyatli deb hisoblamoqda. AQSH va ittifoqchilar havoda toʻliq ustunlikka erishdilar, Eron raketalari va uchirish qurilmalarining katta qismini, shuningdek, flotning salmoqli qismini yoʻq qildilar. Eron amalda aviatsiya va havo mudofaasi tizimlaridan mahrum boʻldi.

AQSH Yaqin Sharqda harbiy ishtirokini oshirishda davom etmoqda. Mintaqaga yana 2500 nafar dengiz piyodasi va navbatdagi aviatashuvchi zarbador guruh yoʻnaltirilmoqda. Urush davomida 2100 dan ortiq kishi halok boʻldi. Qurbonlarning aksariyati eronliklardir. Eron hukumati maʼlumotlariga koʻra, ularning 1300 dan ortigʻi tinch aholi vakillaridir. Amerika armiyasining yoʻqotishlari — 13 kishi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?