Tuyaqushning gerdayib turishiga ishqibozman – Bahodir Pardayev

12:44 08 Iyul 2025 Jamiyat
200 0

Abdunabi ALIQULOV/“Xalq soʻzi”. Maqtanyapti demang-u sizning oldingizda ham yana bir sanab koʻray. Bir, ikki, uch, toʻrt, besh, ha 500 beribdi, dollarda. Bu ikki marta “master-klass” oʻtganim uchun.

— Zoʻr-ku, qayerda?..

— Qozogʻistonda, Sariogʻoch degan joyida. Telefon qilishadi, boraman. Tuyaqushlarga qiziqadigan bir guruh yigit-qizlar toʻplanadi, baʼzilari tuyaqushning bolasiniyam koʻtarib keladi. Suhbatlashamiz, maslahatlar beraman. Baʼzan kun boʻyi qolib ketaman oʻsha yoqda.

Ofarin!

— Borish-kelish, transport xarajati, ovqatlanish deganday... Bular kimning hisobidan?

— Hammasini mezbon tomon koʻtaradi. Qolaversa, meni internet kanalim orqali topgan qozoq ogʻalarimga foydam tegyaptiki, bir yillik shartnoma tuzishdi — 50 ming dollarlik. Bori shu jonivorni parvarishlashdagi muammolaru savollarga erinmasdan, atroflicha tushuntirish berishim kerak. Baʼzan shu jonivorning savdosiga ham aralashaman. Mana shunaqa qilib pulini toʻlagach, tilingiz biyron boʻlib ketadi, uka.

— Nega tuyaqushga qiziqib qolgansiz oʻzi?

— Birinchidan, bu qushning gerdayib turishi, qadam tashlashi meni zavqlantiradi. Buni bir xobbi desayam boʻladi. Va yana choʻlning kindigi sanalgan — Oqoltin tumanida 20 bosh tuyaqushi, 200 boshdan ortiq gʻozu oʻrdagi bor fermer sifatida ajralib turishni istadim. Bilasiz, choʻlda zovur koʻp, zaxkash suv boʻlsa-da jonivorlarni koʻpaytirsa boʻladi. Faqat ozgina eʼtibor, qarov kerak, xolos. Tuyaqush esa goʻshtiyu patidan tortib tirnogʻigacha pul. Masalan, 5 yoshga kirgan tuxum beradigan tuyaqush 600 dollar, joʻjasi yuz dollar, tuxumining har donasi 500 ming soʻmdan. Patiga shu yildan xaridor koʻpaydi. Nikoh payti kelin-kuyov imzo uchun ushlab turgan patni koʻrganmisiz, ana shu tuyaqushniki, donasini 25 ming soʻmdan pullayapmiz. Bu yil ichki bozordan tashqari, Qozogʻistonga 60 bosh joʻja, 400 dona tuxum, 20 bosh ona tuyaqushni eksport qildim. “Oʻzi fermasida 20 bosh tuyaqushi boʻlsa, qanday qilib shuncha jonivorni chetga sotdi ekan”, dersiz. Axir biz kooperatsiya asosida ishlayapmiz, bugun odamlarga joʻja yo naslli tuxum sotsak, uni istalgan payt: bir oymi, bir yilmi oʻtgach qaytarib sotib olamiz. Ana shu sababli, eksport hajmi baland. Qozoq ogʻaynilar esa meni yaxshi biladi. Aldamayman, shu bois “tuyaqushchi domla oʻzimizdan”, deyishadiyu mendan oladi. Tuyaqushlarning yogʻidan kosmetik sovun, bel-oyoq ogʻrigʻiga davo boʻladigan tabiiy malhamlar ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyganmiz. Qisqacha aytganda, tuyaqush aqlini ishlatgan odam uchun misoli ochil dasturxon!

Chamalab koʻrsam, mana shu tuyaqush fermamning oʻzi yuz bosh qoramol boqiladigan qoramolchilik fermasiyu yuz chogʻli qoʻyning daromadidan baland. Shu bois mazkur jonivorlar saqlanadigan joy tunu kun videokuzatuv ostida. Hazillashyapti demang-u bu jonivorlarning yurish-turishi tushimgayam kiradi. Qimmat-da, yaqinda bir ogʻaynimga voyaga yetgan zotdor tuyaqushimni ming dollarga bermadim. Ikkilandi, bilaman baribir oladi.

— Tuyaqush tijoratida ham mahoratingiz oshibdi-da.

— Shuncha narsani bilganim, nafaqat bilganim, balki qoʻllayotganim, gapimni amalda bajarayotganim sababli qozoq ogʻaynilar chaqirdi-da, uka. Qoʻlingdan ish kelmasa, kim salom beradi sizga, toʻgʻrimi? Yaxshisi, vaqt topsangiz, qishda ham keling, tuyaqushning goʻshtidan tayyorlangan qazini tatib koʻrasiz. Bu qazining taʼmini ham, xosiyatini ham koʻpchilik bilmaydi.

...Oqoltinlik tadbirkor, “Zanjirli shamshir” fermer xoʻjaligi rahbari Bahodir Pardayev bilan uning faoliyatiga omad tilagan holda “Nasib etsa, qish faslida koʻrishguncha”, deya xayrlashdik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер