Turli janrdagi uch kitob

19:47 28 Yanvar 2021 Madaniyat
3776 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy” romani, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Odamlardan tinglab hikoya” nasriy kitobi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Shodmonqul Salomning “Sheʼr sayyorasi” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu kitoblarning maʼno-mazmuni, adabiyotimizdagi oʻziga xosligi, mualliflarning badiiy topilmalari, mahorati haqida soʻz yuritdi.

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengesboy Karimovning tarixiy mavzudagi “Ogʻabiy” roman-dilogiyasi 2013-yil Nukusdagi “Bilim” nashriyotida chop etilgan edi. Asar ikki kitobdan iborat. Birinchi kitob – “Koʻch”ni oʻtgan yillar davomida Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon qoraqalpoq tilidan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Roman dastlab 2015-2016-yillar “Sharq yulduzi” jurnalining 4 ta sonida bosildi. 2020-yilda esa Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan asar kitob holida nashr etildi.

Qoraqalpoq xalqining sardorlari Edegiy, Oydoʻstbiy, Mamanbiy, Ernazarbiy haqidagi asarlarni oʻzbek oʻquvchilari yaxshi bilishadi. Biroq shu paytgacha Orolboʻyida yashayotgan matonatli xalqning yana bir jasur yoʻlboshchisi Ogʻabiy haqida shu paytgacha biron asar bitilmagan edi.

— Asarda XIX asr qoraqalpoq xalqi hayotidan lavhalar badiiy tasvirlanadi, — deydi tarjimon Rustam Musurmon. — Bosh qahramon – Erejeb Qulchi biy oʻgʻli Ogʻabiy tarixiy shaxs boʻlib, oʻz xalqining erkin va ozod hayoti uchun goho qoʻshnilar bilan diplomatik munosabatlar olib borgan, goho jangu jadallarda ot surgan. Uning nomi qoraqalpoq xalqi yuragida bahodir va donishmand yoʻlboshchi sifatida abadiy qolgan.

Birinchi kitob “Koʻch”, ikkinchi kitob “Ota yurt” deb nomlanadi. Asarda XIX asr qoraqalpoq xalqi hayotidan lavhalar badiiy tasvirlanadi. Erejeb Qulchi biy oʻgʻli Ogʻabiy yurtdoshlari tinchligiyu farovonligi va baxtu saodati yoʻlida donolik, botirlik hamda jasorat bilan umri davomida kurash olib borgan. Ikki kitobdan iborat yirik asar kompozitsiyasi Ogʻabiy hayoti va taqdiriga oid voqealar va badiiy tasvirlar atrofida umumlashgan.

Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Odamlardan tinglab hikoya” kitobi oʻttiz bitta yangi hikoyadan iborat. Kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida yangi “Nasr gulshani” ruknida ilk kitob sifatida chop etildi.

Toʻplamga kiritilgan hayotnomalarni muallif toʻqib chiqargan emas, u faqat odamlardan eshitgan va bor holida qogʻozga tushirgan, xolos. Har bir qahramon taqdirida shundoq yonimizda yashayotgan turli insonlarning tarixi va qismati, baxtiyu baxtsizligi, quvonch va qaygʻusi oʻzining badiiy ifodasini topgan.

Kitobning “Odamlardan tinglab hikoya”, deb nomlanishi zukko oʻquvchining fikru zikrini oʻziga tortadi va soʻz zahmatkashi boʻlmish donishmand adibning maqsad-muddaosini savqi tabiiy ravishda yurak-yurakdan his eta boshlaydi.

Kitobga soʻzboshisi muallifi Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid shundan yozadi:

«Ilk taassurot shulki, kitobga nozik did va mahorat bilan tartib berilgan. Oddiy oʻquvchi sifatida ilgʻaganimiz – masalan, toʻplamdagi birinchi asar – “Omad” hikoyasi «Bismillohir rahmonir rahim» degan tabarruk kalom bilan boshlanadi va u goʻyoki butun kitobning mazmun-mundarijasini belgilab beradi. Soʻnggi, “Maktub” deb atalgan, kuygan koʻngil faryodi kabi yangraydigan asar esa Yaratganga munojot bilan tugallanadi. Oʻttiz bitta hikoyada bir-birini takrorlamaydigan, bir-biriga oʻxshamaydigan yorqin xarakterlar, qahramonlarning ichki dunyosi, qalb tugʻyonlari ularning bevosita oʻz tili, oʻz nutqi orqali ochib beriladi. Bu esa yozuvchining bir qarashda juda oddiy, sodda boʻlib tuyuladigan, ammo aslida nihoyatda murakkab bir ijodiy uslubni tanlab ish koʻrganidan dalolat beradi».

Shodmonqul Salomning “Sheʼr sayyorasi” kitobiga 200 ortiq saralangan sheʼr kiritilgan.

Yiliga falakdan yerga qulaydigan besh yuzdan ortiq meteoritning 99 foizi okean va sahrolarga tushadi. Yer sharidagi milliardlab yurakning ayrimlarigagina sheʼr mehmon boʻladi. Birinchi tabiat hodisasida taqdir bizni tosh yomgʻiridan asrasa, ikkinchisida ham, shubhasiz, Xudoning mehribonligi bor.

Mohiyatga qaralsa, asl sheʼru shoirning tanqisligi ham xuddi yuqoridagi kabi ilohiy moʻjizadir. Shoirning sheʼrga koʻchishdek noyob pallasini – qalbning izhor boʻlishini moʻjiza desak mubolagʻa emas!

“Sheʼr sayyorasi” kitobida jam boʻlgan sara sheʼrlari oʻqirmanni shunday yeru samo oraligʻidagi sirlarga chorlaydi, oʻziga oshno etadi, deb oʻylaymiz.

“Sheʼr sayyorasi” kitobi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adib va jamiyat” ruknida, “Ijod” jamoat fondi koʻmigida, “Adabiyot” nashriyotida chop etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?