Turkiyada cheklangan Instagram, AQSHning Isroilni himoya qilishi va Ruslarga pistirma (+video)

20:09 02 Avgust 2024 Dunyo
535 0

AQSH Isroilga yangi harbiy mudofaasini joylashtirmoqda

AQSHning Isroilga yangi harbiy mudofaasini joylashtirishi yuqori darajadagi himoyalanish boʻlishi mumkin.

Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetidan Devid Des Rochesning aytishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil xavfsizligini kuchaytirish uchun mamlakat mudofaa qobiliyatiga eʼtibor qaratmoqda.

Oq uy payshanba kuni kechqurun Bayden Netanyahu telefon orqali gaplashgan. Bayden Isroilning tahdidlardan, jumladan, ballistik va raketalar hamda uchuvchisiz samolyotlardan himoyalanishda havo mudofaasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhokama olib borgan.

Rochesning aytishicha, AQSH Isroilni qoʻllash uchun oʻzining haqiqiy kuchlarini taqdim etganda odatdagidan koʻra yuqori shay holatga keladi. Jumladan, Tehronning 13-aprel kuni Isroilga bergan zarbasi paytida Eron dronlari va raketalarini kuzatish, ularni yoʻq qilish uchun Patriot akkumulyatorlarini yetkazib berish kirgan.

Turkiya Instagramni chekladi

Turkiya Ismoil Haniya haqidagi postlarning senzurasi ortidan Instagramni chekladi. Mamlakatning yuqori darajadagi amaldori HAMAS bilan bogʻliq kontentlarga cheklov qoʻyayotgani uchun platformaga kirish toʻxtatilganini maʼlum qildi.

Chorshanba kuni Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi boshligʻi Fahrettin Altun Instagramni HAMAS yetakchisi Ismoil Haniyaning oʻldirilishi munosabati bilan taʼziya bildirish xabarlarini bloklaganlikda aybladi.

“Biz global ekspluatatsiya va adolatsizlik tizimiga xizmat qilishini qayta-qayta koʻrsatgan bu platformalarga qarshi soʻz erkinligini himoya qilishda davom etamiz. Biz har doim falastinlik birodarlarimizning yonida boʻlamiz”, degan Altun.

Isroilning soʻnggi kunlardagi qotillik va bombardimonlari

Oxirgi kunlarda Eronda HAMASning siyosiy rahbari, Livanda “Hizbulloh”ning yuqori martabali qoʻmondoni oʻldirildi. Undan tashqari Gʻazoda nishonga olingan hujumda “Al Jazeera” jurnalistlari halok boʻlgan. Yahudiy davlati kuchlari endi HAMAS qoʻmondoni Muhammad Deyf oʻldirilganini maʼlum qildi. Harbiylarning aytishicha, Deyf uch hafta oldin Gʻazoning janubiy Xon Yunis hududida uyushtirilgan hujumda halok boʻlgan. HAMAS bu xabarlarni tasdiqlay olmasligini, bu harakat harbiy rahbariyatiga tegishli masala ekanini aytdi.

Isroil urushning 300 kunini nishonlar ekan, Gʻazoda halok boʻlganlar soni 40 ming kishiga yetdi.

BMT hisobotida aytilishicha, falastinlik mahbuslar isroilliklar tomonidan qiynoq va haqoratlarga uchragan. Isroil kuchlari 15 nafar falastinlik asirni ozod qilgan. Koʻpchilik hibsga olinganda zoʻravonlik va qiynoqlar haqida gapirib bergan.

“Hizbulloh” 48 soatlik tanaffusdan soʻng Isroil shimoliga qator raketalarni uchirdi. 60 ga yaqin snaryadlar Livandan Isroilning shimoliy chegarasi tomon uchirilgani maʼlum.

Isroilning “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimi Livan guruhi tomonidan otilgan koʻplab raketalarni tutib olgan.

Isroil harbiylari oʻtgan kun davomida Gʻazo shahridagi bir qancha turar-joyni yoʻq qilgan. Bir qancha odamlar oʻldirilgani aytilmoqda.

Ukraina askarlari rus harbiylariga pistirmalar uyushtirmoqda

Ukraina armiyasi Xarkov viloyatining shimoli-sharqidagi janglarda rus radio aloqa uskunalarini qoʻlga kiritgan boʻlishi mumkin. Bu orqali ular rus askarlariga pistirmalar qoʻyish, yolgʻon axborot uzatish bilan shugʻullangan, deb taxmin qilinmoqda. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Ukrainaning 3-alohida hujum brigadasi tarqatgan videoda ukrain askarlari dushman radiosini qoʻlga olib, rus askarlariga pistirma qoʻygani tasvirlangan. Kadrlarda Ukraina qoʻshinlari ikki rus askarini ularga qarata oʻq uzmaslik uchun radiodan foydalangani koʻrsatilgan.

Pistirmadan hujumga oʻtish holati muhim jang maydoni boʻlgan shimoli-sharqiy Xarkov viloyati yaqinida sodir boʻldi. Rossiya may oyi boshida Xarkovga hujum uyushtirib, bir qancha qishloqlarni egallab olgan edi. Hozirda Kiyev alohida guruhlar yordamida Moskvaga qarshi harakatlarni kuchaytirgan. Bu esa Rossiyaning boshqa yoʻnalishda hujumga oʻtishiga sabab boʻlishi mumkin.

Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiyaning yangi hujum nuqtasi sharqiy Donesk viloyatidagi Pokrovsk boʻlishini aytmoqda. “Moskva kuchlari hozir Pokrovsk hududiga shaxsiy tarkibi, qurollari va resurslarini jamlamoqda”, deyiladi xabarda.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, Rossiyaning Xarkov hujumida tez-tez pistirmalarga uchrayotgani va yoʻqotishlari bunday front oʻzgarishiga sabab boʻlgan. “Newsweek” hozircha bu daʼvolarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini va Rossiya Mudofaa vazirligidan izoh ololmaganini bildirdi.

Avvalroq Rossiya yangi xavfli dronlarini jangga chiqargani haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер