“Turizm qishlogʻi” – Sentobda qardoshlar sayli

15:31 02 Aprel 2025 Jamiyat
89 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Nurotaning Sentob qishlogʻi bir vaqtga yilning toʻrt fasli xislatlarini jamlagan goʻshalardan. Shuningdek, qishloqning ming-ming yillik tarixiga guvoh tepaliklari, “Balandi Umar” hududida qoya toshlarga oʻyilgan V-VI asrlarga oid bitik va petrogliflar, yanada yuqoriroqda esa koʻhna qoʻrgʻon qoldiqlari uning sayyohlik jozibadorligini oshiradi. Eng baland nuqtada esa Fozilmon koʻli joylashgan, bu yerdan Sentob kaftdek koʻrinib turadi.

Soy yoqalab qariyb oʻn kilometrga choʻzilgan Sentobda natural xoʻjalik yuritish tizimi saqlanib qolgan. Chorva va chorboqqa ega boʻlmagan oilani uchratish mushkul. Roʻzgʻor uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli hammasini oʻzlari yetishtirib, oʻzlari qayta ishlashadi. Bundan tashqari qishloq ahli togʻ va adirliklardan ziravor giyohlar hamda mumiyo kabi dorivorlarni terib, bozorga olib chiqishadi.

Tabiiyki, bunday turmush tarzi sayyohlar oqimini taʼminlab, bugun Sentobda 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 hostel faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 15 dan ortiq turdagi turistik xizmat yoʻlga qoʻyilgan. Har yili Yevropaning yigirmadan ziyod mamlakatlaridan sayyohlar tashrif buyurishadi. Natijada Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida Sentob “Eng yaxshi turizm qishlogʻi”, deya eʼtirof etildi.

— Sentobda forsiyzabon aholi koʻpchilikni tashkil qiladi, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Saʼdulla Mirzayev. — Kaftdekkina qishloqqa Yevropaning deyarli barcha mamlakatlaridan sayyohlarning kelib-ketishi, bu eng avvalo mamlakatimizning dunyoga ochiqlik siyosati va respublikamizda turizm industriyasiga katta eʼtiborning samarasidir. Shuningdek, mahalliy aholi tomonidan milliy qadriyatlarning eʼzozlanib, zamon talablari asosida boyitilishi, qishloqning yetti iqlimga tanilishini taʼminlamoqda.

Xullas, Sentob mahallasining viloyatda oʻtkazilayotgan “Doʻstlik va hamjihatlik ulugʻlangan yurt” shiori ostidagi madaniy-maʼrifiy bayramning markazi sifatida tanlangani bejiz emas.

Uning ishtirokchilarini viloyat hokimi Normat Tursunov samimiy qutlab, obod va osoyishta yurtga bayramlar yarashishini taʼkidladi.

— Mamlakatimizda umummilliy totuvlik, birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir, — dedi N. Tursunov. — Bugun yurtimizda yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilangan huquq hamda imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilmoqda. Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va imijini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Bayram tantanalarida sentobliklar Navroʻzning boqiy anʼanalarini bor boʻyi-basti bilan namoyish etishdi. Doshqozonlarda sumalaklar damlanib, adirliklarda xalq oʻyinlari, kurash musobaqalari oʻtkazildi. Folklor dastalari tomonidan oʻzbek va tojik xalqlarining ogʻizdan-ogʻizga koʻchib kelayotgan qoʻshiq va laparlari ijro etilib, Navroʻzning fazilatlari madh qilindi. “Adabiy koʻprik” kompozitsiyasi ostida yurtimiz hamda qoʻshni davlatlarning buyuk ajdodlari adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar koʻrgazmasi, shuningdek, milliy hunarmandchilik mahsulotlari namunalari, qadimiy buyumlar va milliy taomlar koʻrgazmalari, qiziqarli xalq oʻyinlari hamda milliy sport bellashuvlari tashkil etildi.

Tadbirda oʻzbek, tojik, rus, qozoq, tatar, qirgʻiz, ozarbayjon tillarida qoʻshiqlar kuylandi.

Shu kabi xalq sayllari viloyatning Navbahor tumanidagi Qoʻhron va Nurota tumanidagi Kattasoy mahallalarida ham boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер